Fargʻonada mahalla raislariga sertifikatlar topshirildi

18:11 08 Avgust 2022 Jamiyat
217 0

Foto: Xalq so‘zi

Maʼlumki, joriy yilning may oyida mamlakatimizda amaldagi qonunchilik talablari asosida fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovi boʻlib oʻtdi. Fargʻona viloyatida ham ushbu jarayon uyushqoqlik bilan tashkil etilib, hududlarda munosib nomzodlar MFY raisi etib saylandi.

Fargʻona davlat universitetida viloyatdagi 1 ming 62 nafar MFY raislari uchun hududlar kesimida oʻquv-seminarlari tashkil etildi. Unga 13 nafar trener-moderatorlar jalb etildi. Shuningdek, seminar qatnashchilari bilan viloyat sektorlari rahbarlari ishtirokida yuzma-yuz muloqotlar ham oʻtkazildi. Oʻtgan hafta yakunida oʻquv-seminarlarini muvaffaqiyatli tamomlagan mahalla raislariga sertifikatlar topshirildi.

— Ayniqsa, Fargʻona shahrida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan birgalikda tashkil etilgan “Ishga marhamat” monomarkazida boʻlib oʻtgan amaliy mashgʻulotlar bizda katta taassurot qoldirish bilan birga yangi motivatsiyalar berdi, —deydi Qoʻqon shahridagi “Qalandarxona” MFY raisi Iqboljon Boboxonov. — Oʻz navbatida oilalarni tadbirkorlikka jalb etish, ijtimoiy daftarlarga kiritilgan aholi vakillari bilan toʻgʻri va samarali ishlash, mahallaning “drayver” sohalarini kengaytirish boʻyicha nazariy-amaliy bilimlarimizni mustahkamladik.

Shuningdek, turli madaniy-maʼrifiy uchrashuvlar, kitobxonlik tadbirlarining oʻtkazilishi ham mahalla raislarini yangi gʻoya va tashabbuslarga undashda ayni muddao boʻldi.

 

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?