Fargʻonada Xitoy paxta terish mashinalari ishlab chiqariladi

11:15 03 Aprel 2024 Iqtisodiyot
376 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Botir Madiyorov/«Xalq soʻzi». Fargʻonada Xitoyning «Shandong Swan Cotton Industrial Machinery» kompaniyasi tomonidan paxta terish mashinalarini yigʻish, servis xizmati koʻrsatish markazi hamda mexanizatorlar uchun oʻquv kursi tashkil etish loyihasini amalga oshirishga kirishildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, «Oʻzagrolizing» AJ boshqaruv raisi Nodir Otajonov, «Shandong Swan Cotton Industrial Machinery» kompaniyasi boshqaruvi vakillari, tumanlar hokimlari, Fargʻona vodiysi viloyatlari paxta-toʻqimachilik klasterlari rahbarlari hamda fermerlar ishtirok etdi.

— Shu yilning yanvar oyida viloyat delegatsiyasi Xitoyga tashrif chogʻida ushbu korxonada boʻlib, barcha jarayonlar bilan tanishgan va yakunda yaqin hamkorlik boʻyicha kelishuvga erishilgandi, — deydi Fargʻona viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Dilmurod Jumaboyev. — Hozirda korxonada tayyorlanayotgan texnikalar dunyoning 30 dan ortiq davlatlariga eksport qilinadi. Fargʻona shahridagi sobiq mexanika zavodi hududiga joylashtirilgan mazkur loyiha doirasida texnikalarga servis xizmati koʻrsatish markazi hamda mexanizatorlar uchun oʻquv kursi faoliyatini yoʻlga qoʻyish ham rejalashtirilgan.

Aytish joiz, paxta terish mashinalarini 20 foizlik dastlabki toʻlov bilan 10-yil muddatga lizing asosida xarid qilish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, terim mashinalari sotib olishda paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklariga 15 foizlik subsidiya berilishi ham koʻzda tutilgan.

Muloqotlar chogʻida ushbu kompaniya tomonidan ishlab chiqarilayotgan gʻalla oʻrish kombaynlarini joriy mavsumda viloyatdagi gʻallachilik klasterlari dala maydonlarida sinovdan oʻtkazishga ham kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?