Fargʻonada Xitoy kompaniyasi ishtirokida qurilish klasteri tashkil etiladi

01:40 23 Aprel 2024 Iqtisodiyot
439 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Botir Madiyorov/ «Xalq soʻzi». Beshariq tumanidagi «Fargʻona yasin qurilish mollari» Oʻzbekiston — Xitoy qoʻshma korxonasi viloyatga 200 million dollardan ortiq toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritib, sifatli sement mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan. Ayni paytda korxona mahsulotlari nafaqat Fargʻona vodiysi bozorlari, balki qoʻshni respublikalarda ham xaridorgir boʻlib ulgurdi.

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov bilan boʻlib oʻtgan yuzma-yuz muloqotda korxona rahbarlari Guan Jong Vu hamda Erkin Mahmudov yana bir necha istiqbolli loyihalarga investitsiya kiritish koʻzda tutilayotgani xususida taʼkidladi.

Yangi rejaga koʻra, korxona tomonidan viloyatda zamonaviy qurilish materiallari klasteri tashkil etiladi. Shuningdek, istiqbolli biznes-reja doirasida qurilish va xizmat koʻrsatish tarmoqlarida yangi loyihalar amalga oshiriladi. Uchrashuvda xitoylik investor qoʻshni Tojikiston bilan chegaradosh hududda quvvat 500 MVtlik quyosh fotoelektr stansiyasi qurish loyihasi haqida ham maʼlum qildi.

— Prezidentimizning joriy yilning yanvar oyida Xitoyga davlat tashrifi chogʻida ikki tomonlama manfaatli hamkorlik aloqalarini kengaytirish borasida tashabbuslar ilgari surildi, — deydi xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonaning Oʻzbekistondagi rahbari Erkin Mahmudov. — Ana shundan kelib chiqib, viloyatda koʻp tarmoqli qurilish klasteri faoliyatini yoʻlga qoʻyishni maqsad qilganmiz. Bu qurilish materiallari ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasida yangi imkoniyatlar yaratadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер