Fargʻona viloyatida noqonuniy tamaki mahsulotlari savdosi fosh etildi

13:01 03 Mart 2025 Jamiyat
131 0

Fargʻona viloyatida tamaki mahsulotlarining noqonuniy savdosi bilan shugʻullanib kelgan shaxslar aniqlandi. Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Fargʻona viloyati boshqarmasi va Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida fuqarolar A.Yu. va Z.A. qonunbuzarlikka qoʻl urgani aniqlandi. Ular fuqaro M.X.ga 3 turdagi 2 ming 420 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini 42,8 million soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Huquqbuzarlikka qarshi olib borilgan tekshiruv natijasida, mazkur shaxslar noqonuniy tamaki mahsulotlarini tarqatish va sotish orqali iqtisodiy jinoyat sodir etgani maʼlum boʻldi. Qonun talablariga zid ravishda tamaki mahsulotlarini hujjatlarsiz muomalaga kiritish aholi salomatligiga salbiy taʼsir etishi mumkin. Shu sababli huquqni muhofaza qiluvchi organlar bu kabi holatlarning oldini olishga va jinoyatchilarga nisbatan qatʼiy choralar koʻrishga eʼtibor qaratmoqda.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25 va 186-1-moddalari (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Tergov harakatlari davom etmoqda va qoʻshimcha tekshiruvlar olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?