Fargʻona shahri va tumanida obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari nega eʼtibordan chetda qolmoqda?
Foto: “Xalq soʻzi”
Ayni kunlarda mamlakatimiz boʻylab “Yashil makon” loyihasi doirasida keng koʻlamli obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ayni jarayondagi ishlar bilan tanishish asnosida Fargʻona shahri va Fargʻona tumanidagi mavjud holatni keskin tanqid qildi. Xususan, Fargʻona shahrida obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari oʻta qoniqarsiz ekanligi bois shahar hokimi Vosiljon Nazarov hamda sektorlar rahbarlari qatʼiy ogohlantirildi.

Misol uchun, birgina shahar markazi — al-Fargʻoniy koʻchasida eʼtiborsizlik tufayli ekilgan manzarali daraxtlarning qurish holatlari kuzatilyapti. Piyodalar yoʻlaklari abgor holatda, hududdagi koʻp qavatli uylarning atrofi obodonlashtirilmagan. Suv yoʻllari tozalanmagani sababli chiqindilarga toʻla. Avtobus bekatlarida yoʻlovchilar uchun qulay sharoitlar yaratilmagan. Tadbirkorlik subyektlari ushbu bekatlardagi yoʻlovchilar uchun ajratilishi kerak boʻlgan hududlardan omborxona, savdo shoxobchasi sifatida foydalanib kelmoqda.

Fargʻona shahridagi koʻp qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholi vakillari viloyat rahbariga bu borada koʻplab eʼtirozlarini bildirdi. Aytaylik, yaqin yillarda ezgu tashabbus doirasida tashkil etilgan “Aqlli bekat”lar umuman yoʻlovchilarga xizmat qilayotgani yoʻq. Rejaga koʻra, zamonaviy avtobekatlarda yoʻlovchilarga qishda issiq, yozda salqin kutish zali, bepul internet boʻlishi kerak edi. Amalda esa avtobekatlardan tadbirkorlar faqat oʻz manfaati yoʻlida foydalanayotir.

Shuningdek, Xayrullo Bozorov viloyat sektorlari rahbarlari bilan birga Fargʻona tumanida ham boʻlib, asosiy yoʻllar chetlarini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini oʻrganib, bu boradagi ishlarga tanqidiy baho berdi.

Maʼlum boʻlishicha, katta avtomagistral yoʻllari chetlarida daraxt ekilmagan maydonlar mavjud. Chiqindilarni oʻz vaqtida olib chiqish ketish ishlari yaxshi yoʻlga qoʻyilmagan. Sugʻorish tizimlari tartibli tashkil etilmaganligi sababli avvalgi yillarda ekilgan daraxtlar qurib qolmoqda. Oʻz navbatida yoʻl boʻylarida noqonuniy qurilmalar, tartibsiz joylashtirilgan reklama peshlavhalari koʻzga tashlanadi.

Yuzma-yuz oʻrganishlar davomida viloyat rahbari Fargʻona shahri va Fargʻona tumanidagi holatni keskin tanqid qildi. Shu yerning oʻzida koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha ikki hududning sektorlar rahbarlari hamda viloyat korxona-tashkilotlari masʼullariga aniq vazifalar belgilab berildi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring