Yangi Oʻzbekiston tarixiy-siyosiy jarayonlarining yorqin manzarasi

22:04 10 Dekabr 2025 Siyosat
301 0

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Necha yuzlab noanʼanaviy tadbirlar, doʻstona ruhdagi anjumanlar, noformal uchrashuvlar oʻtkazilib kelinadigan diplomatik muloqot maydoni boʻlgan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida bu safargi maʼnaviy atmosfera mutlaqo oʻzgacha tus oldi. Zamonimiz yangilanish jarayonlarini batafsil yoritgan asar ingliz tilida yozilganini eshitganingda esa voajab deysan kishi. Chunki bugungi Yangi Oʻzbekiston manzaralari, yangicha siyosiy madaniyat, xalqparvar rahbarning ochiq va odilona siyosati haqida ingliz tilidagi har bir satr dunyo kitobxonlari uchun mamlakatimiz haqidagi aniq va ravshan manbaga aylanadi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Aynan shunday maʼnan magʻzi toʻq asar taqdimoti oldidan universitetga yigʻilgan keng jamoatchilik — olimlar, yozuvchi va shoirlar, professorlar, jurnalistlar, turli sohalar yetakchilari, talaba-yu yoshlar orasida bitta savol hukm surdi: — Bu kitob qanday shon-shuhratga sazovor boʻldi? Uning har bir sahifasida qanday tarixiy voqeliklar marjon kabi terilgan?

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Chindan ham, tasavvur qiling, har bir inson qoʻliga ushbu kitobni olsa-yu, uni varaqlab oʻqishga kirishsa — Yangi Oʻzbekistonning qayta tiklanayotgan qiyofasi, islohotlar manzarasi, yangilanishlar arxitekturasi, xalqning orzu va intilishi qanday ravshan namoyon boʻlar edi! Shuning uchun ham anjuman boshlanishidanoq zaldagi munosabat, kutilgan intizorlik — boshqa tadbirlarda uchraydigan oddiy qiziqish emas, balki yurt taqdiriga daxldor maʼrifiy intilish edi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Universitetda “Yangi Oʻzbekiston: Shavkat Mirziyoyev yoʻli” kitobining ingliz tildagi nashri taqdimoti boʻlib oʻtdi. Bu galgi ruh, bu galgi maʼnaviy, falsafiy teranlik, ayniqsa, oʻziga xos. Chunki taqdimot markazida turgan asar nafaqat mamlakatimizda, balki jahon ilmiy va diplomatik doiralarida ham katta qiziqish uygʻotgan, zamonaviy Oʻzbekistonning oʻzgarishlar toʻlqinini badiiy va tahliliy ruhda aks ettirgan manbadir.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Kitob muallifi — taniqli siyosatshunos, senator, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov. Uning mazkur asari mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilgan islohotlar mohiyatini, ularning falsafiy-ijtimoiy asoslarini, eng muhimi, yangi davrning maʼnaviy sihatini sodda va ravon uslubda yoritib beradi. Kitob 322 sahifadan iborat boʻlib, 15 ta publitsistik esse mahorat bilan yozilgan. Har bir maqola oʻzbek jamiyatining yangi yuzini, yangi paradigmasini ochib beradi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Kitobning ilk maqolasi — “Yangilangan Oʻzbekiston: Tarix gʻoliblar tomonidan yaratiladi” — yangilanish falsafasi, oʻzgarishning ichki manbai, davlatimiz rahbarining xalq bilan birgalikda olib borayotgan islohotlar mohiyatini ochib beradi. Asar nafaqat mamlakat ichidagi oʻquvchilar, balki xorijiy kitobxonlar uchun ham moʻljallangan boʻlib, ularni Ona Vatanimizdagi keng qamrovli yangilanish jarayonlari bilan tanishtiradi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Iqtisodiyotni liberallashtirish, fuqarolik jamiyati institutlarini mustahkamlash, ijtimoiy hayotda shaffoflik va ochiqlikni taʼminlash, inson huquqlarini himoya qilish, Markaziy Osiyodagi yaxshi qoʻshnichilik siyosatini rivojlantirish asarning markaziy mavzulari sifatida namoyon boʻladi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Qizigʻi shundaki, ingliz tilidagi nashr uch oy muqaddamroq xalqaro miqyosda katta eʼtiborga sazovor boʻldi. Kitobning Vashingtonda AQSH Kongressi binosida, BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida oʻtgan taqdimotlari jahon siyosatchilari, ekspertlar va diplomatlarda katta qiziqish uygʻotdi. Bu esa Yangi Oʻzbekiston haqidagi aniq va xolis manbalarga boʻlgan ehtiyojning yuqori ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Taqdimotda nutq soʻzlagan Oliy Majlis Senati raisi birinchi oʻrinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev kitobning xalqaro eʼtirofga erishgani, uning Vatanimizning yangi qiyofasini dunyo jamoatchiligiga yetkazishda muhim oʻrin tutganini alohida taʼkidladi. Shu kungi anjumanda Tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Bahromjon Aʼloyev, kitob muharriri, Oliy Majlis Senati aʼzosi, “Ishonch” va “Ишонч-Доверие” gazetalari bosh muharriri Husan Ermatov ham asarning yaratilish tarixi va ahamiyati borasida batafsil fikr yuritishdi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Anjumanda ishtirok etgan elchilar — Ozarbayjon elchisi Guseyn Guliyev, BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori Sabina Maxl, Xitoy elchisi Yu Jun, Qozogʻiston va Qirgʻiziston elchilari — kitobning dunyoda Oʻzbekiston haqidagi adolatli, xolis va aniq tasavvurlarni shakllantirishdagi rolini katta mamnuniyat bilan eʼtirof etdilar.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Oʻzbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulugʻbek Lapasov ham tadbirda onlayn tarzda qatnashib, kitobning ahamiyati yuksak xalqaro mezonlarga mos ekanini taʼkidladi. U, shuningdek, asarni BMTning qolgan beshta rasmiy tilida ham nashr etish taklifini ilgari surdi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Nyu-Yorkda oʻtgan taqdimotda qatnashgan “John Dewey High School” maktabining 10-sinf oʻquvchisi Jahongir Amatjonovning samimiy fikrlari esa kitobning yoshlar ongiga maʼnaviy bilim chashmasi sifatida singayotganini uning fikrlaridan bilish mumkin.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Uning “bu kitobni oʻqigunimcha yetakchilik falsafasi haqida oʻylamagan edim”, deya bildirgan fikrlari asarning maʼrifiy qudratini namoyon etadi. Jahongirning sinfdoshlari ham Oʻzbekiston haqida koʻproq maʼlumot izlab, mamlakatimizni internet orqali oʻrgangani, Yangi Oʻzbekiston haqidagi adabiy-tahliliy manbalarning jahondagi ahamiyatini yana bir bor tasdiqlaydi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

— Bu asarning eng katta qimmati — uning hayotiy samimiyati va tarixiy haqqoniyligidir. Unda nafaqat islohotlar roʻyxati, balki ularning falsafasi, inson qadrini ulugʻlash tamoyili yotadi, — deydi universitet talabasi Sarvinoz Abdunazarova. — Biz yangi avlod vakillari yangilanish jarayonining bevosita ishtirokchilarimiz. Bu kitob bizga mamlakatda nima uchun oʻzgarishlar boʻlayotganini, ularning qanday natija berishini chuqurroq tushunishimizga yordam beradi.

“Yangi Oʻzbekiston: Shavkat Mirziyoyev yoʻli” — bu shunchaki kitob emas, balki tarixiy-siyosiy jarayonlarning yorqin manzarasi, xalqimiz bosib oʻtgan yoʻlning hujjatli xronikasi, milliy tiklanish va yuksalish gʻoyalarining amaliy isbotidir. Uning har bir sahifasida yurt ravnaqiga qoʻshilgan mehnat, izlanish, siyosiy iroda va xalq bilan bevosita muloqot madaniyati yotadi.

Bu kitob nafaqat oʻqiladi, balki oʻrganiladi. U mamlakatimizda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarni chuqur anglash, ularning mohiyatini idrok etish, eng muhimi, kelajakka ishonch bilan qarashga undaydi.

Ulugʻbek ROʻZIMATOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?