Fargʻona, Namangan va Andijon viloyatlarida korrupsion holatlar fosh etildi

Videodan kadr
Fargʻona, Namangan va Andijon viloyatlarida korrupsiya bilan bogʻliq holatlar fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, DXX xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda, “Fargʻona suv taʼminoti” AJ Qoʻqon shahar boʻlimining muqaddam sudlangan 2 nafar inspektori oʻz xizmat vazifalaridan foydalanib, Qoʻqon shahrida mahalliy qurilish firmasi barpo etayotgan yangi koʻp qavatli uylardagi jami 555 ta xonadonga ichimlik suvi uchun hisoblagich oʻrnatish, shaxsiy kartochka ochish, sertifikat qilib berish va boshqa xizmatlar evaziga 51 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasining 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasining 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, Namangan viloyatida oʻtkazilgan tadbirda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga qarashli “Energosavdo” korxonasining Davlatobod tuman boʻlimi muhandisi metall eritish faoliyati bilan shugʻullanuvchi MChJda elektr hisoblagichdan noqonuniy foydalanilganligi sababli, davlatga juda koʻp miqdorda zarar yetkazilganligini roʻkach qilib, holatni rasmiylashtirmaslik va jarimaga tortmaslik evaziga vositachi orqali 20 ming AQSh dollari olgan vaqtida qoʻlga olingan.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasining 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Shuningdek, Andijon viloyatidagi tumanlardan birining kadastr boʻlimi boshligʻi fuqaroga bogʻdorchilik yoʻnalishida foydalanish uchun hokimiyat tomonidan ijaraga berilgan 1 gektar yer maydonining 17 sotix qismidagi noqonuniy qurilmani buzish boʻyicha dalolatnoma rasmiylashtirmaslik, sudlarga daʼvo arizasi kiritmaslik va uni jinoiy javobgarlikka tortish yuzasidan prokuratura organlariga hujjatlar taqdim qilmaslik, shuningdek, keyinchalik ushbu yer maydonining 22 sotix qismini “Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi qonun asosida turar-joy sifatida rasmiylashtirilishida yordam berish evaziga 6 ming AQSh dollari talab qilgan.
U soʻralgan pul mablagʻini oʻzining xizmat xonasida olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Andijon viloyati hokimi 15 yoshli qizni zoʻrlagani toʻgʻrisidagi xabarlarga izoh berildi
- Istanbul aeroportida tanasiga 6 kg oltin yashirgan oʻzbekistonlik ayollar ushlandi
- Shoirning ayoli boʻlish sharaf
- Toshkentda poyezd ustida suratga tushmoqchi boʻlgan ikki bolani tok urdi
- “Har bahor men Sizga gullar tutaman...”
- Saraton rivojlanishi xavfini oshiradigan uchta xavfli odat maʼlum qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring