Fargʻona koʻchalari boʻylab harbiylarning tantanali piyoda yurish tadbirlari boʻlib oʻtdi

16:03 14 Yanvar 2026 Jamiyat
208 0

Vatan himoyachilari bayrami kuni munosabati bilan Fargʻona shahrida harbiy boʻlinmalar zobitlari hamda askarlari, huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari ishtirokida piyoda yurish tadbirlari oʻtkazildi.

Unda nuroniylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari faol ham ishtirok etib, harbiy orkestr sadolari ostida harakatlanayotgan turli boʻlinmalar jamoalarini qizgʻin qoʻllab-quvvatladilar.

Tantanali yurish davomida Vatan, mardlik va jasorat tuygʻularini tarannum etuvchi qadrdon kuy-qoʻshiqlar jarang sochdi. Harbiy texnikalar, otliq askarlar, ixtisoslashgan tuzilmalar xizmatchilari navbati bilan harakatlanib, Milliy armiyamiz qudrati va salohiyatini namoyon etishdi.

Tadbir rejasiga koʻra, Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tasarrufidagi ixtisoslashgan boʻlinmalar va kuch tuzilmalari shaxsiy tarkibi harbiy orkestr sadolari ostida muhtasham “Istiqlol” stadioni hududidan shahar markazi tomon saf yurishini amalga oshirdi.

Shundan soʻng bayram tantanalari Fargʻona davlat universitetida davom etdi. Taʼlim dargohida talabalar, oʻquvchi yoshlar hamda Vatan himoyachilari ishtirokida harbiy vatanparvarlik festivali oʻtkazildi. Festival davomida keyingi yillarda Qurolli kuchlarimizda amalga oshirilayotgan hayotbaxsh islohotlar, mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlash hamda xalqimizning tinch-osoyishta hayotini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli oʻzgarishlar yuksak eʼtirof etildi.

Shuningdek, yuzma-yuz muloqotlar mobaynida harbiylar tomonidan mardonavor saf tayyorgarligi, jangovar harakatlar, qurol-yarogʻlar koʻrgazmasi boʻyicha mahorat saboqlari oʻtkazildi. Yigit-qizlar uchun harbiy liboslarni kiyish, qurol-aslahalardan foydalanish, mashgʻulotlarda oʻzini sinab koʻrish imkoniyati yaratib berildi.

Yurt posbonlarining jangovar chiqishlari hamda harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan vatanparvarlik ruhidagi sevimli musiqalar bayram qatnashchilariga unutilmas taassurotlarni ulashdi.

—Xalq va armiya yakdilligini taʼminlashda bunday uchrashuvlar juda ham muhim ahamiyatga ega,—deydi Fargʻona davlat universiteti dotsenti Quvvatali Rahimov.—Vatanparvarlik oyligi doirasida tashkil etilayotgan bu kabi bayram tadbirlari yaxshi anʼanaga aylangan boʻlsa-da, har safar ishtirokchilarga oʻzgacha ruh, xush kayfiyat baxsh etadi. Bunday lahzalar Vatanning kuch-qudrati va harbiylarimiz salohiyatini yaqqol his etish imkonini beradi.

Oʻz navbatida kelajagimiz vorislari – yangi avlod qalbida el-u yurtga sadoqat, vatanparvarlik hamda milliy gʻurur-iftixor tuygʻularini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?