Fargʻona boks maktabi — umidli chempionlar maskani

07:25 01 Mart 2022 Sport
1194 0

Foto: Халқ сўзи

Xabaringiz bor, shu yilning 22-27-fevral kunlari Bolgariya poytaxti — Sofiya shahrida boks boʻyicha nufuzli «Stranja» xalqaro turniri boʻlib oʻtdi. “Kichik jahon chempionati” sifatida eʼtirof etiladigan mazkur turnirda jahonning 37 mamlakatidan 370 nafardan ziyod charm qoʻlqop ustalari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston terma jamoasi mazkur turnirda 8 nafar erkak va 5 nafar ayol bokschi bilan qatnashdi. Quvonarlisi, musobaqa yakunida terma jamoamiz 6 ta oltin medal bilan umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Fargʻona boks maktabi tarbiyalanuvchisi Lazizbek Mullajonov xalqaro turnirda oltin medalga sazovor boʻlgan sportchilarimizdan biri. U musobaqada +92 kg vaznda Ukraina, Rossiya, Qozogʻiston sharafini himoya qilish uchun ringga chiqqan raqiblarini yengib oʻtib, finalda germaniyalik charm qoʻlqop ustasi Nelvi Tiafak ustidan ishonchli gʻalabaga erishdi.

— Lazizbek 2017-2021-yillar mobaynida bir necha marotaba Oʻzbekiston chempioni boʻldi, koʻplab xalqaro turnirlarda shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarildi, — deydi chempionning ustozi Alisher Toʻychiyev. — Fargʻona viloyati sport yakkakurashlari boʻyicha ixtisoslashgan bolalar va oʻsmirlar sport maktabida Lazizbek singari koʻplab umidli bokschi yoshlarni tarbiyalayapmiz. Aytmoqchimanki. Maktabimizda Lazizbekning izdoshlari koʻp. Asosiy maqsadimiz ham Fargʻona boks maktabining munosib vorislarini tarbiyalashga qaratilgan.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?