“Fargʻona atirguli” tanlovi gʻoliblari taqdirlandi

11:52 04 Mart 2026 Jamiyat
235 0

Ahmad Fargʻoniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi Fargʻona viloyati boʻlimi tashabbusi bilan oʻtkazilgan “Fargʻona atirguli” tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Xurshidjon Ahmedov ishtirok etib, yigʻilganlarni, xususan, viloyatda faoliyat yuritayotgan barcha jurnalist opa-singillarni 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan samimiy muborakbod etdi.

U oʻz tabrigida ayol jurnalistlarning fidokorona mehnati, dolzarb mavzularni dadil koʻtarayotgani hamda jamiyatdagi ijtimoiy faolligini alohida eʼtirof etdi. Shuningdek, jurnalistika faqat kasb emas, balki jamiyat oldidagi katta masʼuliyat va burch ekanini taʼkidladi.

Tadbir davomida Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi safiga yangi qabul qilingan yosh jurnalistlarga aʼzolik guvohnomalari topshirildi.

Qayd etilishicha, tanlovda Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlaridan 32 nafar jurnalist ishtirok etdi. Ular tomonidan taqdim etilgan ijodiy ishlar, ijtimoiy-siyosiy mavzularga bagʻishlangan chiqishlar hamda inson qadrini ulugʻlovchi materiallar hakamlar hayʼati tomonidan sinchiklab oʻrganildi.

Tadbir yakunida gʻolib va sovrindorlarga maxsus diplomlar, esdalik nishonlari hamda bayram tuhfalari topshirildi.

— “Fargʻona atirguli” tanlovi nafaqat ijodiy bellashuv, balki vodiy jurnalistlari oʻrtasida tajriba almashuvni mustahkamlovchi va ayol jurnalistlar faoliyatini ragʻbatlantiruvchi muhim tadbirga aylandi, — deydi Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi Fargʻona viloyati boʻlimi rahbari, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Muhammadjon Obidov. — Ishonamizki, ezgu maqsadlarga qaratilgan ushbu ijodiy tanlov kelgusida ham anʼanaviy tarzda davom etadi.

Eng muhimi, “Fargʻona atirguli” tanlovi yuksak eʼtirof ramzi sifatida viloyat matbuoti tarixida yana bir yorqin sahifa boʻlib qoladi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер