FAO rahbari Viorel Gutsu Samarqand iqlim forumida suv xavfsizligi masalalarida mintaqaviy hamkorlikni muhimligini taʼkidladi

18:21 06 Aprel 2025 Siyosat
212 0

Maʼlumki, Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo global iqlim muammolari qarshisida: umumiy farovonlik yoʻlida birlashish” mavzusidagi nufuzli Samarqand iqlim forumi boʻlib oʻtdi. Tadbir Markaziy Osiyo mintaqasida iqlim oʻzgarishi, suv resurslari boshqaruvi va ekologik barqarorlik masalalariga bagʻishlandi.

Markaziy Osiyo mintaqasida soʻnggi 70-yil davomida oʻrtacha harorat 1,5–2 darajaga koʻtarilgan. Orol dengizi fojiasi esa global ekologik inqirozning ramziga aylangan. Forum doirasida tashkil etilgan ekspertlar munozaralari, yalpi majlislar va siyosiy muloqotlarda iqlim oʻzgarishining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini kamaytirish, qayta tiklanadigan energetika, suv resurslarini kompleks boshqarish, biologik xilma-xillikni saqlash va barqaror shahar taraqqiyoti kabi muhim yoʻnalishlar muhokama qilindi.

“Suv resurslarini uygʻunlashgan boshqaruvi” yalpi majlisi

“Iqlim oʻzgarishi sharoitida Markaziy Osiyoda suv resurslarini uygʻunlashgan boshqaruvi” mavzusidagi yalpi majlisi forum doirasidagi eng muhim tadbirlardan biri boʻldi. Xalqaro suv resurslari boshqaruvi instituti mintaqaviy vakili Barbara Yanush-Pavletta moderatorligida oʻtgan majlisda avval Markaziy Osiyo davlatlarining suv xoʻjaligi vazirlari milliy ustuvor yoʻnalishlar va mintaqaviy hamkorlik istiqbollari haqida maʼruzalar qildilar, soʻngra nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari oʻz fikrlarini bildirishdi.

Sessiyaning ikkinchi qismida yuqori darajadagi xalqaro tashkilotlar vakillari Markaziy Osiyo mintaqasidagi iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash va suv resurslari boshqaruvi boʻyicha hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, ilgʻor tajribalar, innovatsion sheriklik va suv sohasiga iqlim investitsiyalarini jalb qilish masalalari koʻrib chiqildi.

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha Bosh direktori oʻrinbosari va mintaqaviy vakili Viorel Gutsu yalpi majlisda soʻzga chiqib, Markaziy Osiyoda suv xavfsizligi masalasiga alohida eʼtibor qaratdi.

“Suv xavfsizligi oziq-ovqat xavfsizligining poydevoridir. Yetarli va xavfsiz suvlarsiz biz agro-oziq-ovqat tizimlarini saqlash, inson salomatligini himoya qilish yoki iqtisodiy farovonlikni taʼminlash imkoniga ega emasmiz. Ayni paytda Markaziy Osiyodagi bir qator mamlakatlarda suv isteʼmoli surʼatlari qayta tiklanish surʼatlaridan oshib ketgan, eskirgan infratuzilma tufayli sugʻorish paytidagi yoʻqotishlar 60 foizgacha yetishi mumkin. Iqlim oʻzgarishi vaziyatni yanada ogʻirlashtirmoqda. Natijada 2050-yilga kelib, ekinlar hosildorligi 30 foizgacha pasayishi mumkin, sel va qurgʻoqchilik allaqachon mintaqaga milliardlab zarar yetkazmoqda”, — deydi FAO rahbari.

Uning qoʻshimcha qilishicha, ushbu muammolarni hal qilishda mintaqaviy hamkorlikning muhim.

Shu bois FAO hukumatlar va hamkorlar bilan suvni tejaydigan sugʻorish tizimlari va iqlimga moslashtirilgan qishloq xoʻjaligi texnologiyalarini joriy etish, haqiqiy holatni hisobga olgan qarorlar qabul qilish uchun sifatli maʼlumotlar almashish va shaffof axborot tizimlarini rivojlantirish, transchegaraviy suv resurslarini adolatli va barqaror boshqarishni kuchaytirish, sunʼiy muzliklar va yer osti suvlarini toʻldirish kabi suv tanqisligiga qarshi kurashishga yordam beradigan amaliyotlarga asoslangan yechimlarni rivojlantirish yoʻnalishlarida faol ish olib bormoqda:

“Bizga jasoratli yetakchilik va barqaror investitsiyalar kerak. Suv inqirozi chegaralarni tan olmaydi, bizning yechimlarimiz ham shunday boʻlishi kerak” — dedi V. Gutsu oʻz nutqida.

Forum ishtirokchilari tomonidan berilgan savollarga javob berar ekan, FAO rahbari barqaror suv boshqaruvi faqat infratuzilma emas, balki odamlar haqida ham ekanligini taʼkidladi.

“Agar biz uzoq muddatli yechimlarni istasak, suvga eng koʻp tayanadigan fermerlar, ayollar va yoshlarni qoʻllab-quvvatlashimiz zarur”, — dedi u.

V. Gutsu oʻz soʻzida FAO Markaziy Osiyo mamlakatlarini qurgʻoqchilikka chidamli ekinlar, samarali sugʻorish va resurslarni tejovchi qishloq xoʻjaligi amaliyotlarini joriy etishda qanday qoʻllab-quvvatlayotganini batafsil tushuntirdi. Uning aytishicha, bu yer ostidan sugʻorish, “nol” ishlov berish va mulchalash kabi usullarni qoʻllashni anglatadi, bular tuproqni himoya qilish va suv yoʻqotishlarini kamaytirish uchun muhim ahamiyatga ega.

“Ammo texnologiyalarning oʻzi yetarli emas – kichik fermerlarni ushbu innovatsiyalarni qabul qila olishlari uchun oʻqitish va salohiyatni oshirish ham zarur”, — deya taʼkidladi u.

V. Gutsu, shuningdek, jamoaviy suv boshqaruvini kuchaytirish zarurligi haqida ham toʻxtalib, hozirda koʻplab hududlarda mahalliy jamoalar suvning qanday taqsimlanishi haqida ovoz berish huquqiga ega emasligini qayd etdi. Uning fikricha, suvdan foydalanuvchilar uyushmalari va fermerlar rahbarligidagi qaror qabul qilish platformalarini yaratish adolatliroq taqsimotni taʼminlashi mumkin.

Forum yakunida Markaziy Osiyo davlatlari vazirlari “Markaziy Osiyoda suv va yer resurslari boʻyicha oʻzaro aloqalar dasturi” loyihasi boʻyicha bayonotni imzoladilar. Bu dastur mintaqada suv xavfsizligini taʼminlash va iqlim oʻzgarishiga moslashish yoʻlidagi muhim qadamlardan biri boʻlishi kutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер