Falastin davlati boʻlmaydi degan vaʼdamizni bajaramiz — Netanyaxu

12:57 12 Sentyabr 2025 Dunyo
145 0

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Gʻarbiy sohilda kelajakda Falastin davlatini tashkil qilishni deyarli imkonsiz qiladigan yangi turar-joylar qurish rejasini maʼqulladi. Bu haqida “Al Jazeera” nashri xabar berdi.

Unda aytilishicha, kecha, 11-sentyabr kuni Isroil hukumati bosib olingan Gʻarbiy sohilni ikkiga boʻlib yuboradigan loyihani davom ettirish boʻyicha yakuniy qarorga kelgan.

“Biz Falastin davlati boʻlmaydi degan vaʼdamizni bajaramiz. Bu hududlar bizga tegishli. Shahar aholisini ikki baravarga oshirishni rejalashtiryapmiz”, — deydi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu.

Maʼlum qilinishicha, Quddusdan sharqda joylashgan hududlarda “E1” nomli 12 kvadrat kilometr yer maydonida 3 ming 400 ta yangi uy qurish rejalashtirilgan. Ushbu loyiha Gʻarbiy sohilni Sharqiy Quddusdan uzib qoʻyadi va mintaqadagi isroillik aholi punktlarini bir-biri bilan bogʻlaydi.

Taʼkidlanishicha, 1967-yildan buyon bosib olingan Gʻarbiy sohildagi barcha isroilliklarga tegishli turar-joylar xalqaro huquqqa koʻra noqonuniy hisoblanadi.

Isroil hukumatining falastinliklar uchun muhim ahamiyat kasb etadigan Sharqiy Quddus hududida turar-joy binolari qurish rejasi Falastin davlati kelajagini soʻroq ostida qoldiradi.

Falastin prezidenti Mahmud Abbosning matbuot kotibi Nabil Abu Rudeyne Sharqiy Quddus hududlari Falastin davlati uchun tinchlik kaliti ekanini aytgan.

“Isroilning Sharqiy Quddusda turar-joy barpo qilish siyosati xalqaro huquqqa zid. Bu harakat butun mintaqani chuqur inqirozga boshlaydi. Falastin hamda Isroil oʻrtasidagi ziddiyat Netanyaxuning harakatlariga qaramay yechim topishiga ishonaman”, — degan Abu Rudeyne.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер