Ezgulik va xayr, mehr va saxovat bayrami yana-da keng nishonlanadi
Maʼnaviyat va maʼrifat oyi — mohi Ramazon boshlanishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Toat-ibodat, ezgulik va xayr, mehr va saxovat ramzi hisoblangan bu oy insonga huzur baxsh etishi, tafakkur qilishga undashi bilan ahamiyatlidir. Qurʼoni karim nozil boʻlgan, fazilati jihatidan boshqa oylarning eng afzali, mashhurlik va buyuklikda tengi yoʻq bu muborak kunlarni barcha intiqlik bilan kutishi ham shunda.
Chunki mamlakatimizda barcha sohalarda boʻlgani kabi diniy-maʼrifiy hayotimizda ham muhim oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Muqaddas dinimizning tinchlik, doʻstlik, bagʻrikenglik va insonparvarlik gʻoyalarini targʻib etish, kelajagimiz egalari hisoblanmish yoshlarni vatanparvarlik ruhida oʻstirish, maʼnaviyatli va maʼrifatli qilib tarbiyalash, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish gʻoyalarini keng targʻib qilish ayni siyosatimizning ustuvor yoʻnalishiga aylandi.
Ayniqsa, islom dunyosida boʻlgani kabi mamlakatimizda ham Ramazon oyini har yili koʻtarinki kayfiyat, oʻzgacha shukuh va tayyorgarlik, katta xursandchilik, shodu hurramlik bilan oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratilmoqda va bu Prezidentning maxsus qarori bilan huquqiy asosga ega boʻlmoqda. Jumladan, kuni kecha davlatimiz rahbarining “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida”gi navbatdagi qarori qabul qilindi.
Qarorda qayd etilganidek, 2021-yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 13-aprel kuniga toʻgʻri kelishi haqidagi Oʻzbekiston musulmonlari idorasining axboroti maʼlumot uchun qabul qilindi. Tegishli vazirlik va idoralar birgalikda Ramazon oyini karantin qoidalariga rioya qilgan holda milliy anʼana va qadriyatlarga mos va munosib holda oʻtkazishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilandi.
Hududlarda tashkillashtiriladigan bayram tadbirlarida muborak Ramazonning mazmun-mohiyati, insoniylik, maʼnaviy poklik, sabr-qanoat kabi oʻlmas fazilatlarini keng targʻib qilish, bugungi tinch va osoyishta hayotimizni qadrlash, insonlarni yaxshilik qilish, ahil va hamjihat boʻlib yashashga daʼvat etish taʼkidlandi. Ayniqsa, yoshlarni Vatanga muhabbat, anʼana va qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratish lozimligi qayd etildi.
Albatta, muborak oyning tinchlik-barqarorlik, oʻzaro hurmat va hamjihatlik muhitini qaror toptirish, diniy-maʼnaviy qadriyatlarni asrash va rivojlantirishdagi oʻrni beqiyos. Shu maʼnoda, mohi Ramazon oyining ulugʻlik va hikmati koʻp va unga barchamiz munosib boʻlishimiz lozim.
Kozimjon TOJIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring