Ezgu tashabbus qariyb 600 ta xonadon tomorqasini sugʻorish bilan bogʻliq koʻp yillik muammoga barham beradi

10:39 20 Yanvar 2026 Jamiyat
206 0

Oʻzbekiston tumanining “Begobod” MFYda mahalladoshlar hamjihatligi tufayli 600 ga yaqin xonadon tomorqasi va dehqon xoʻjaliklarining koʻp yillik muammosi bartaraf etilmoqda.

Gap shundaki, “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida mahallada uzoq yillik muammoni qisqa muddatda hal etish imkoniyati yaratildi. Yangi loyiha samarasi sifatida begobodliklarning dehqonchilik qilish uchun tomorqani sugʻorish masalasiga ijobiy yechim topilmoqda.

Ayni kunlarda mahalladagi aholi tomorqalari hamda dehqon xoʻjaliklarini Katta Fargʻona kanalidan sugʻorishga moʻljallangan istiqbolli loyiha roʻyobga chiqarilyapti.

—Loyiha asosida Katta Fargʻona kanalidan mahallagacha 1 ming 500 metr, shuningdek, hudud faollarining qoʻshimcha tashabbusi bilan yana 820 metr, hammasi boʻlib 2 ming 300 metrdan ortiq masofada suv tarmogʻi tortilmoqda,—deydi “Begobod” MFY raisi Rajabali Sultonov.—Shu maqsadda nasos oʻrnatilib, suv inshooti barpo etilayotir. Buning uchun davlat byudjetidan 1,5 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan.

Yaqin kunlarda ishga tushadigan yangi tarmoq mahallaning “Nurli fayz”, “Baxt”, “Bogʻi ravon” kabi koʻchalarida istiqomat qiluvchi aholi tomorqasi hamda hududdagi dehqon xoʻjaliklari yerlarini uzluksiz ravishda sugʻorish va yil mobaynida yaxshi daromad olishda muhimdir.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?