Yevropa Putin va Tramp suhbatini Rossiyaning gʻalabasi deb atadi

13:24 20 May 2025 Dunyo
171 0

Illyustrativ foto

Yevropa rasmiylari Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSH prezidenti Donald Tramp oʻrtasidagi suhbatni Moskvaning gʻalabasi deb atadi. Bu haqda “Financial Times” gazetasi oʻz manbalariga tayanib yozdi.

Oʻz navbatida, yevropalik yuqori martabali diplomat Tramp Ukraina boʻyicha muzokaralardan soʻng Kiyevni qoʻllab-quvvatlashdan voz kechishni rejalashtirayotganini aytdi.

Telefon orqali muloqot dushanba kuni kechqurun boʻlib oʻtdi va ikki soatdan ortiq davom etdi. Suhbat yakunlari boʻyicha Rossiya rahbari maʼlum qilganidek, Moskva Kiyev bilan memorandum, jumladan, oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha ishlashga tayyor.

Rossiya prezident yordamchisi Yuriy Ushakovning aniqlik kiritishicha, rahbarlar mahbuslar almashinuvi mavzusiga ham toʻxtalib oʻtgan: hozirda “toʻqqizga toʻqqiz” formati ishlab chiqilmoqda. Siyosatchilar, shuningdek, mumkin boʻlgan uchrashuvni muhokama qilishdi va u samarali boʻlishi kerakligi haqida kelishib oldilar. Shuning uchun prezidentlar guruhlari Rossiya — AQSH sammiti mazmunini ishlab chiqish ustida ishlaydi.

AQSH prezidenti Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Yevropaning bir qancha yetakchilarini Vladimir Putin bilan suhbat natijalari haqida xabardor qildi. Shuningdek, u Rossiya va Ukraina oʻrtasida muzokaralar darhol boshlanishini taʼkidladi.

Oʻz navbatida, Oq uy rahbari suhbatdan soʻng Moskvaga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilmasligini, chunki mojaroni hal qilish imkoniyati borligini aytdi. Tramp Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilmayotganini kelishuvga erishish imkoniyati borligi bilan tushuntirdi.

U Vladimir Putin bilan shaxsiy uchrashuv imkoniyatini muhokama qilganini va suhbatni “yaxshi” deb atadi. Bunga javoban Yevropa yetakchilari Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirishga kelishib oldilar.

“Chunki men nimagadir erishish uchun imkoniyat bor deb oʻylayman. Va agar shunday qilsangiz, bundan ham yomonroq ish qilishingiz mumkin. Lekin shunday boʻladigan vaqt keladi”, dedi Tramp jurnalistlarga.

Uning soʻzlariga koʻra, AQSH kelajakda cheklov choralarini istisno etmayapti, biroq hozirgi bosqichda diplomatik saʼy-harakatlarga tayanmoqda.

Keyinroq, Jon Kennedi nomidagi Ijro sanʼati markazi vasiylar kengashi uchun oʻtkazilgan tadbirda Tramp Rossiya rahbarini “yaxshi janob” deb atadi va “yaxshi suhbatlashdik” dedi.

Oq rahbari, shuningdek, Rossiya prezidentining Rossiya — Ukraina mojarosiga barham berish istagi borligini qoʻshimcha qildi.

Yevropada AQSH prezidentining Vladimir Putin bilan suhbati va uning keyingi bayonotlari turlicha munosabat bildirgan.

“Financial Times” gazetasi Yevropa rasmiylari kechagi telefon qoʻngʻirogʻi Rossiya yetakchisi uchun katta gʻalaba sifatida qabul qilganini yozdi.

Nashr diplomatik manbalarga tayanib yozishicha, ular Trampning Putinga jiddiy tarzda muzokaralar stoliga kelishi uchun koʻproq bosim oʻtkazishga tayyor emasligidan norozi.

Gazetaning yozishicha, Tramp Putin bilan suhbatdan keyin Vladimir Zelenskiy, shuningdek, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Finlyandiya va Yevropa komissiyasi rahbarlari bilan ham muloqot qilgan.

“Tramp AQSH mojarodan chiqib ketishini va Ukraina va Rossiyani tark etib, toʻgʻridan-toʻgʻri oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha muzokaralar olib borishini ochiq aytdi”, — deb yozadi gazeta.

“Bloomberg”, oʻz navbatida, Yevropa Ittifoqining yuqori martabali mulozimiga tayanib, jamiyat yetakchilari Trampning kursidan norozi ekanini yozdi.

“Rasmiyning qoʻshimcha qilishicha, Kiyev va boshqa Yevropa davlatlari rahbarlari Trampning Rossiya va Ukraina oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish rejasiga rozi emas”, — deyiladi nashrda.

Suhbatdan soʻng Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Trampni AQSHni muzokaralar jarayonidan olib chiqmaslikka chaqirgan.

“Amerika Qoʻshma Shtatlari muzokaralar va tinchlikka intilishdan uzoqlashmasligi barchamiz uchun juda muhim”, deb yozdi Zelenskiy ijtimoiy tarmoqda.

Keyinroq Germaniya hukumatining rasmiy vakili Stefan Kornelius AQSH va Rossiya prezidentlari oʻrtasidagi suhbatdan soʻng Yevropa Ittifoqi davlatlari Moskvaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga kelishib olganini maʼlum qildi.

“Reuters” allaqachon Yevropa Ittifoqi G7 mamlakatlariga yangi sanksiyalar paketi doirasida Rossiya nefti narxini pasaytirishni taklif qilishini xabar qilgan edi. Agentlik manbasiga koʻra, Yevropa Ittifoqi bir barrel uchun maksimal chegarani 50 dollar qilib belgilashni rejalashtirmoqda.

Avvalroq, Putin “Delovaya Rossiya”ning XX syezdida yangi sanksiyalar tahdidi qoʻrqitmasligi kerakligini taʼkidlagan edi.

“Qoʻrqishga hojat yoʻq. Kim qoʻrqishni boshlasa, darhol hamma narsani yoʻqotadi. Lekin nima boʻlishi mumkinligini tushunish mutlaqo zarur. Va biz kelajakdagi ehtimoliy yomon niyatlilarning har qanday harakatlariga tayyor boʻlishimiz kerak”, — degandi u.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?