Eʼtirozlarga sabab boʻlgan OSHP binosi zamonaviy qiyofa kasb etdi

12:12 12 Noyabr 2024 Jamiyat
227 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Gʻuzor tumanidagi “Qovchin” oilaviy shifokorlik punkti koʻp yillardan buyon nihoyatda taʼmirtalab ahvolga kelib qolgani sababli mahalla ahli eʼtirozlariga sabab boʻlgandi.

Joriy yilda mazkur tibbiyot muassasasini taʼmirlash uchun Respublika byudjetidan 4 milliard 414 million soʻm miqdorida mablagʻ ajratilib, OSHP binosi zamonaviy koʻrinishga keltirildi.

— Muassasamiz Qovchin va Zarbdor mahallalaridagi 11 mingdan oshiq aholiga birlamchi tibbiy xizmat koʻrsatadi, — deydi “Sogʻlom turmush” medali sohibasi Dilbar Oʻjarova. — Bugun yaratilgan sharoitlarni koʻrib, koʻzimiz quvnaydi.

Binoda oilaviy shifokorlik punkti, 10 oʻrinli kunduzgi statsionar, tez yordam shoxobchasi, alohida emlash, laboratoriya, muolaja, ginekologiya, stomatologiya xonalari mavjud boʻlib, barcha zarur tibbiy vositalar bilan taʼminlangan.

Tibbiyot xodimlari kuni bayrami arafasida mazkur tibbiyot muassasasining yangilangan binosining foydalanishga topshirilishi mahalla ahli uchun haqiqiy bayramga aylanib ketdi.

Tantanali tadbirda soʻzga chiqqanlar bugun mamlakatimizda tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlar, yaratib berilayotgan shart-sharoitlar haqida toʻxtalib oʻtishdi. Qishloq ahlini yangi tibbiyot muassasasi bilan qutlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер