Esar jayhun shamollari

01:45 23 Dekabr 2020 Madaniyat
3384 0

Oʻtgan asrning 70 yillarida Nukus shahrida tashkil etilgan «Amu toʻlqini» ansambli nafaqat Qoraqalpogʻiston va Oʻzbekistonda, balki Markaziy Osiyo hamda xorijda dovrugʻ taratgan badiiy jamoalardan biriga aylangan edi. Ansamblga Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artisti, Davlat mukofoti laureati, atoqli hofiz Otajon Xudoyshukurov rahbarlik qilardi.

– Ansamblga «Amu toʻlqini» degan nomni ham, yanglishmasam, Otajon Xudoyshukurovning oʻzi qoʻygan edi. U bilan Qoraqalpogʻiston filarmoniyasida qachon koʻrishib qolsak, «Bu nom bizning qaysi yurtdan ekanligimizni, qoʻshiqlarimizning Amudek shiddatli, asov va ulugʻvorligini eslatib turadi», derdi. Keyin hofiz shu daryo, yurt bilan, uning goʻzalligi, kengliklari bilan bogʻliq oʻtmish va kelajakni namoyon etuvchi bir qoʻshiq yaratishni orzu qilardi. Bu qoʻshiqda Amuning toʻlqinlari ham, shu daryo sohillarida yashovchi xalqlarning qalbi ham namoyon boʻlib turishini istardi, – deb eslagandi qoraqalpogʻistonlik taniqli kompozitor Najmetdin Muhammetdinov.

Oradan koʻp oʻtmay ana shunday bir sheʼr yaraldi. 1974-yilda Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Ibroyim Yusupov «Esar Jayhun shamollari» deb atalgan sheʼrini hofizning nazaridan oʻtkazish uchun berdi. Sheʼr Otajon Xudoyshukurovning qalbini bir oʻqishdayoq rom qilib oldi. Sodda, samimiy, har qanday odamni oʻziga maftun qiladigan misralarda shoirning oʻz yurtidan gʻurur va faxr tuygʻusi ufurib turar, shamollar epkini bilan bogʻliq holda yurtning goʻzalliklari, bogʻ-rogʻlari, Jayhunning toʻlqinlari namoyon boʻlar, hayotning turfa lahzalarini qalblarga muhrlar edi. Ansamblning nomiga munosib sheʼr yaratilgan edi. Ammo bu sheʼrning qoʻshiqqa aylanishi oson kechmadi. Hofiz uning kuyi ustida bir yildan ortiqroq izlanish olib bordi. Bir necha bor qayta-qayta ijrolar, qayta-qayta oʻzgarishlar, qayta-qayta yangi ohanglar qoʻshilishi natijasida «Esar Jayhun shamollari» qoʻshiqqa aylandi. Lekin uning ijrosi ham oson kechmadi. Hofiz uni goh mumtoz anʼanaviy yoʻlda, goh zamonaviy yoʻsinda kuylab koʻrdi. Negadir qoniqmadi. Shunda u oʻrtacha, ham zamonaviy, ham mumtoz anʼanaviy yoʻl uygʻunligini tanladi.

Qoʻshiq

Qayda yursam sogʻintirar,

Ona yurtim tomonlari.

Xayolimda sahar-sahar

Esar Jayhun shamollari

deya shoirning oʻz yurtiga sogʻinchi va mehr-muhabbati ifodasidan, bu sogʻinchga Jayhun shamollari malham ekanligidan boshlanadi. Keyingi toʻrt misrada shoir yurtga boʻlgan sogʻinchining sababini bu oʻlkaning goʻzalligida koʻradi. Shoir goʻzal oʻlkaning bagʻridagi choʻllar va chamanzorlardagi gullar iforidan Jayhun shamollari orqali bahramand boʻladi:

Atirgul terib choʻllardan,

Gulu rayhon – chamanlardan.

Bizning bu goʻzal ellardan,

Esar Jayhun shamollari.

Keyingi misralarda shoir koʻngil tizginini hayotning abadiyat soʻqmoqlariga buradi. Hayot abadiy, inson umri esa qisqa, ammo ana shu qisqa hayotida ham u oʻzidan oʻchmaydigan mangu iz qoldirib ketishi kerak. Jayhun shamollarida ana shu mangulik hayot nafasi ham namoyon boʻlib turadi. Shamollar ana shularni ham bizga yetkazib keladi:

Umr qisqa, manzil uzoq,

Yillar bizdan ketar yiroq.

Mangu qoʻshiq kabi guvlab,

Esar Jayhun shamollari.

Shu bilan birga Jayhun shamollari Xorazm va Qoraqapoq diyori, bu diyorda umrguzaronlik qilayotgan ellar shon-shuhrati, ulugʻ daryoning qudratidan ham darak beradi:

El mehri soʻnmas yuzingdan,

Ulugʻ daryoi azimdan.

Qoraqalpoq, Xorazmdan,

Esar Jayhun shamollari.

Sheʼrning oxirgi toʻrtligini shoir umrimga nur, boqiy sabo bagʻishlagan, ellarga shodlik, quvonch keltirgan, barcha yaxshiliklarga asos, sabab boʻlgan Jayhunning ob-hayoti, qudrati va shamollari degan xulosa bilan yakunlaydi:

Ibroyim der el nafasi,

Jayhunning sirli sharpasi,

Umrimning boqiy sabosi,

Salom, Jayhun shamollari.

Otajon Xudoyshukurov bu qoʻshiqni salkam 20 yil kuyladi. Mingdan ortiq marta ijro qildi. Qoʻshiq «Amu toʻlqini» ansamblining asosiy leytmotiviga aylandi. Ibroyim Yusupov «Esar Jayhun shamollari»ni atoqli hofiz ijrosida bir necha bor eshitganidan keyin «Men bu sheʼrni Jayhunni, Jayhun boʻyidagi xalqlarni ulugʻlash maqsadida yozgandim. Sen qoʻshigʻingda sheʼrdagi oʻsha ulugʻlik bilan birga Jayhunni mehr-muhabbat daryosiga, Vatan timsoliga aylantiribsan. Qoʻshiq haqiqiy sanʼat namunasi boʻlibdi», deb yuksak ehtiromini bildirgan edi.

Atoqli hofiz qoʻshiqning uchinchi bandiga kelganda avjiga chiqar, uni alohida yuksak pardalarda kuylardi. Zero, uning oʻzi ham qisqa umrida Jayhun shamoli misol, mangu qoʻshiq kabi guvlab oʻtdi. Xalqimizga asrlarga teng noyob sanʼatini qoldirib ketdi. Shu bir qoʻshiq ham buning yorqin ifodasidir.

Kamol MATYOQUBOV,

"Xalq so'zi".

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер