Eron terma jamoasini yutush vaqti keldimi?

14:19 06 Sentyabr 2025 Sport
3098 0

8-sentyabr kuni Markaziy Osiyo Futbol Assotsiatsiyasi tomonidan oʻtkazilayotgan “CAFA National Cup” turnirining final oʻyini boʻlib oʻtadi. 5-sentyabr kuni musobaqaning guruh bosqichi yakunlandi. Natijalarga koʻra, “A” guruhi gʻolibi Oʻzbekiston va “B” guruhi yetakchisi Eron Islom Respublikasi terma jamoalari finalda oʻzaro bahs olib boradi.

Oʻzbekiston terma jamoasi shu vaqtga qadar 1 marotaba Eronni magʻlub etishni uddalagan. Oʻsha vaqtda Karlush Keyrush endi terma jamoani qabul qilib olgan va “forslar”ning oʻyini qovushmayotgan edi. Oʻzbekiston terma jamoasi oʻsha oʻyinda bitta xavfli vaziyat yaratgan va aynan oʻsha hujumni gol bilan yakunlash evaziga gʻalabaga erishgan. Koʻplab vaziyatlarda “forslar”dan omad yuz oʻgirgan.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasining Eron ustidan Tehronda qoʻlga kiritilgan tarixiy gʻalabasini koʻproq omad bilan izohlash mumkin. 8-sentyabr kuni Oʻzbekiston hamda Eron terma jamoalari finalda duch kelishadi. Bu safar milliy terma jamoamiz omad yoki qoʻshimcha faktorlar bilan emas, aynan tengma-teng oʻyin evaziga gʻalabaga erishish lozim. Bunga bir nechta sabablar bor, jumladan:

Eron tarkibidagi muammolar

Eron milliy terma jamoasi “CAFA National Cup” musobaqasida optimal tarkib bilan ishtirok etayotgani yoʻq.

Jamoaning asosiy darvozaboni hisoblanuvchi “Traktor” klubi posboni Alirizo Beyranvand futboldan maʼlum muddatga chetlatilgan. Bunga sabab sifatida futbolchining Eron Oliy ligasida 2024/2025-yilgi mavsum oldidan “Persepolis” klubidan “Traktor”ga transferida yoʻl qoʻyilgan huquqiy xatoliklar koʻrsatilgan.

Alirizo Beyranvand Eron milliy terma jamoasining 10-yildan beri asosiy darvozaboni hisoblanadi. Oʻtgan davrda Eron terma jamoasini boshqargan mutaxassislar faqat unga ishonch bildirgan. Shu sabab zaxira darvozaboni bilan bogʻliq muammoliklar bor.

Hozirda Beyranvandning oʻrnini egallagan “Persepolis” klubi posboni Payam Niyazmandning terma jamoa miqyosidagi tajribasi katta emas. Tojikiston va Afgʻoniston kabi jamoalardan oʻtkazib yuborilgan gollarda ham qisman uni ayblash mumkin.

Shuningdek, jamoaning yana asosiy 3 nafar futbolchisi Said Izzatullohi, Mehdi Gayedi va Sardor Azmun jarohatlari tufayli musobaqada oʻynay olmayapti.

Oʻz vaqtida Germaniya va Italiya chempionatlarida oʻynagan Sardor Azmun Eron milliy terma jamoasidagi eng muhim figuralardan biri ekani hech birimizga sir emas. Uning yoʻqligi “forslar”ning hujum chizigʻini ancha zaiflashtirib qoʻymoqda.

Qanot vingeri Mehdi Gayedida esa oʻyin nazoratini oʻz qoʻliga olish xususiyati bor edi. Baʼzi bir oʻyinlarda natija Mehdining individual harakatlari bilan hal boʻlgan holatlarni koʻp koʻrganmiz.

Markaziy yarim himoyachi Said Izzatullohni esa jamoaning “motori” edi deyish mumkin. Hech bir toʻp uchun kurashda oʻzini ayamasligi, juda keskin oʻynashi va umuman harakatlariga proporsional boʻlmagan xarakterga ega ekanligi bilan ajralib turadigan ushbu futbolchi ham finalda jamoasiga yordam bera olmaydi.

Shuningdek, ayni vaqtda U-23 Osiyo chempionati saralash oʻyinlari boʻlib oʻtayotgani sabab milliy terma jamoaga nomzod boʻlgan bir nechta futbolchilar mamlakat olimpiya jamoasining ixtiyorida boʻlib turishibdi. Bu holat ham Amir Galenoy boshchiligidagi jamoaning tarkibini zaiflashtirmoqda.

Xullas, final oldidan Eron Islom Respublikasi terma jamoasining tarkibi bilan bogʻliq jiddiy muammolar bor.

Soʻnggi natijalar

Oʻzbekiston va Eron milliy terma jamoalari soʻnggi 3-yilda jami 5-marta toʻqnash kelgan. “Oq boʻrilar” soʻnggi bor aynan 2023-yilda oʻtgan “CAFA National Cup” birinchiligi finalida Eronga yutqazgan. Shundan keyin boʻlib oʻtgan barcha toʻrtta oʻyin durang natija bilan yakunlangan. Aynan shu oʻyinlarda Eron va Oʻzbekiston milliy terma jamoalari oʻrtasidagi tafovut sezilmaydigan darajaga kelib ulgurgani aniq koʻringandi. Soʻnggi toʻqnashuvda Eron hisobda ortda bora turib, magʻlubiyatdan qutulib qolgandi.

2023-yili Toshkentda boʻlib oʻtgan Jahon chempionati saralashining 2-tur oʻyinida ham Oʻzbekistonga gʻalaba uchun faqat vaqt yetmay qolgandi.

Soʻnggi yillarda 2 mamlakat futbolidagi holat

Eron azaldan futbol strukturasi boʻyicha Oʻzbekistondan kuchliroq boʻlgan. Ammo aynan shu strukturaviy holat jihatdan soʻnggi 8-yilda biznikilar “forslar” bilan tenglashib, joyi kelsa oʻtib ham ketishdi.

Buni jamoalarning tarkibiga qarab ham payqash mumkin. Eronni “qoʻrqinchli” holatga olib kelgan futbolchilar — Samad Goddos, Alirizo Jahonbaxsh, Shojayi Halilzoda, Husayn Kanani, Ramin Rizoyon kabi futbolchilarning hammasi 30 yoshdan oshdi. Endi ular Yevropa TOP chempionatlarida oʻynay oladigan holatda emas.

Hattoki, musobaqa oldidan TOP-5 chempionatlarida oʻynayotgan yagona eronlik futbolchi sifatida qayd etilgan Mehdi Taremi ham musobaqa soʻnggida “Inter” klubini Gretsiyaning “Olimpiyakos” jamoasiga almashtirgani haqida xabarlar chiqdi. Demak, Eronda TOP-5 chempionatlarida oʻynaydigan futbolchi qolmadi.

Shuningdek, 1999-yildan keyin tugʻilgan futbolchilar orasida Erondan katta nomlar yetishib chiqmadi. Faqatgina Mehdi Gayedi bundan istisno boʻlishi mumkin. Ammo, uni ham hatto Osiyo miqyosida “katta futbolchi” deb baholash qiyin. Lekin hozirgi Eron saviyasida uni yetakchi rolida koʻrish mumkin.

Mezbon faktori evaziga ushbu bahsda Timur Kapadze jamoasi favoritdek koʻrinmoqda. Oʻyinda nima boʻlishini esa 8-sentyabr kuni bilib olamiz.

Muhammadamin Zuhriddinov “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер