Oʻzbekiston va Iordaniya parlamentlarining yuqori palatalari oʻrtasidagi hamkorlik masalalari muhokama etildi

19:31 04 Fevral 2026 Siyosat
464 0

Joriy yilning 4-fevral kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi parlamenti Majlis al-Aʼyan (Senati) Raisi Faysal Akif al-Fayez boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Iordaniya oʻrtasida oʻzaro oʻzaro manfaatli munosabatlarni, xususan, parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, ikki mamlakat xalqlarini mushtarak tarix, madaniy aloqalar va umumiy qadriyatlar bogʻlab turadi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik tobora kengayib bormoqda.

2025-yilda Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning Oʻzbekistonga ilk davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi bosqichni boshlab bergani alohida taʼkidlandi. Ushbu tashrif doirasida imzolangan hujjatlar va qabul qilingan “yoʻl xaritasi” izchil tatbiq etilayotgani qayd etildi.

Shu bilan birga, Majlis al-Aʼyan Raisi Faysal Akif al-Fayez Oʻzbekiston yuzlab falastinliklarga boshpana bergani, ularga koʻrsatayotgan ijtimoiy himoya va insonparvarlik yordamini yuksak baholab, Yaqin Sharq mamlakatlari nomidan samimiy tashakkur bildirdi.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni jadallashtirish, hukumatlararo qoʻshma komissiya faoliyatini yoʻlga qoʻyish, ishbilarmonlar kengashini tashkil etish yuzasidan fikr almashildi. Ikki davlatning mavjud imkoniyatlaridan foydalangan holda iqtisodiy loyihalarni kengaytirish hamda qulay investitsiya muhitini yaratish muhimligi alohida taʼkidlandi.

Shuningdek, madaniy-gumanitar, taʼlim, turizm va diniy-maʼrifiy yoʻnalishlarda, shuningdek farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi hamda konchilik sohalarida hamkorlikni yanada faollashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish, qonun ijodkorligi faoliyati va parlament nazorati yuzasidan oʻzaro tajriba almashish masalalariga urgʻu berildi.

Undan tashqari, joriy yilning yanvar oyida Oliy Majlis Senatida Iordaniya parlamenti yuqori palatasi bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo guruh tashkil etilgani qayd etilib, uning faoliyati doirasida parlament qoʻmitalari oʻrtasida ham muntazam muloqotni yoʻlga qoʻyish muhimligi taʼkidlandi.

Muzokaralar yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Majlis al-Aʼyan oʻrtasida Anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat ikki mamlakat parlamentlari yuqori palatalari oʻrtasida tizimli hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Uchrashuv yakunida Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi parlamenti Majlis al-Aʼyan Raisi Faysal Akif al-Fayez Oliy Majlis Senatining Faxriy mehmonlar kitobida dastxat yozib qoldirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер