Erkinjon Turdimov: Hasan Normurodov oliy mukofotga munosib inson!

10:13 29 Avgust 2019 Jamiyat
2338 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 28-avgustdagi “Oʻzbekiston Qahramoni” unvonini berish toʻgʻrisida”gi Farmoniga koʻra 3 nafar vatandoshimizga “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni berildi.

Ushbu farmonga koʻra “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan “Nuroniy” jamgʻarmasi Samarqand viloyati boʻlimi raisi Hasan Norbekovich Normurodovning xonadoniga Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov va viloyat jamoatchiligi vakillari tashrif buyurdi. Qahramonni davlatimizning oliy mukofoti bilan tabriklab, ezgu niyatlarini izhor etdi.

Kechaning oʻzida Samarqand viloyati hokimi oʻzining veb-sayti, shuningdek, Facebook,Instagram, Twitterijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida va telegram axborot kanalida “Hasan Normurodov oliy mukofotga munosib inson!” sarlavhasi ostida Hasan Normurodov hayoti va faoliyati, uning shonli yoʻli haqida keng ommaga maʼlumot berdi hamda Hasan Norbekovich Normurodovni davlatimizning oliy mukofoti bilan taqdirlanganligi bilan qutladi.

Samarqand viloyati hokimi oʻz sahifalarida quyidagilarni bildirib oʻtgan:

OLIY MUKOFOTGA MUNOSIB INSON

Hasan Normuradov haqida gap ketganda bevosita shu ibora yodga keladi.

Bu kishi koʻp yillik samarali mehnati, jonkuyarligi va tashabbuskorligi bilan viloyat faollari, nuroniylar va aholi oʻrtasida hurmat qozongan.

Hasan Normurodovning har bir ishi maʼrifat, bosib oʻtgan yoʻli ibratli kitob, umr manzillari hayot maktabidir. Shunday ajoyib inson viloyat “Nuroniy” jamgʻarmasini 2003-yildan buyon sabr va eng muhimi fidoyilik bilan boshqarib kelmoqda.

Kishi keksaygandan keyin aksariyat hollarda oʻz tinchini oʻylaydi, turli yumushlarga, ayniqsa, qaltis masalalarga aralamashlikka harakat qiladi. Biroq Hasan Norbekovichda bunday odat, keksalikka boʻyin egish kuzatilmaydi. Qayerda, qaysi davrada boʻlmasin ochiq chehra bilan ishtirok etadi. Eng muhimi, katta hayot tajribasiga ega nuroniy sifatida oʻzining ochiq va ayni damda samimiy fikrlari, oʻrinli tavsiyalarini berib boradi.

H.Normurodovning bevosita rahbarligida joylarda faxriylar holidan xabar olish, ularga zarur moddiy, maʼnaviy va tibbiy yordam koʻrsatish ishlari tizimli yoʻlga qoʻyilgan.

Bundan tashqari, H.Norbekovichning saʼy-harakatlari bilan 2017-yilda keksa avlod vakillari uchun barcha shart-sharoitlarga ega zamonaviy va koʻrkam 16 ta “Nuroniylar maskani” barpo etildi. Majmualardagi boy kitob fondiga ega kutubxona, dam olish xonalari, maxsus trenajyorlar bilan jihozlangan davolash-jismoniy tarbiya zallari, shaxmat, shashka oʻyingohlari nuroniylarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlariga xizmat qilmoqda.

H.Normurodovning jamiyat hayotidagi ishtiroki, ayniqsa, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga befarq boʻlmaganligini yuksak qadrlaymiz. Zotan, bu inson bugun nafaqat oʻzining gʻayrati-shijoati bilan koʻpchilikka oʻrnak boʻlmoqda. Shu bilan birga koʻpni koʻrgan nuroniylar tajribasidan unumli foydalanishni ham yoʻlga qoʻygan.

Xususan, “Nuroniy” jamgʻarmasi qoshida tajribali qishloq xoʻjaligi faxriylaridan tashkil etilgan “Madad” guruhi fermerlarga oʻz tavsiya va maslahatlarini berib kelmoqda. Shuningdek, “Faol faxriy ayollar” va “Yoshlar bilan ishlash” guruhlari aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish, diniy ekstremizm gʻoyalariga qarshi kurash, oilalar tinchlik va totuvligini mustahkamlash, ijtimoiy muhitni yanada yaxshilash masalalariga hissa qoʻshmoqda.

H.Normuradov mehnat faoliyati davomida viloyatning turli boshqaruv idoralarida eng quyidan rahbarlik lavozimlariga boʻlgan zahmatli yoʻlni bosib oʻtgan sanoqli faxriylardan biri. Shu maʼnoda u kishining joylarda uchrashuv va tadbirlarda aytadigan soʻzining salmogʻi, samarasi bor.

Umuman, H.Normurodovdagi oʻzgalar taqdiriga befarq boʻlmaslik, jamiyat hayotidagi muammolarni kuyunchalik bilan hal etishga intilishi, har bir vazifaga masʼuliyat bilan yondashishi koʻplab yutuq va eʼtiroflarga zamin boʻlgani shubhasiz. Zero, H.Normurodov bugungacha “Mehnat shuhrati” (2008-y.), “El-yurt hurmati” (2012-y.) va “Doʻstlik” (2017-y.) ordenlari bilan mukofotlangan.

Bugun Prezidentimiz farmoniga koʻra, davlatimizning oliy mukofoti – Oʻzbekiston Qahramoni unvoni beriladigan boʻldi. Yuksak mukofot bilan muhtaram ustoz, viloyatimiz oqsoqlini qutlab, uzoq yillar jamiyat rivojida kamarbasta boʻlib yurishlarini tilayman!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?