Yer uzum, osmon uzum…
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Elimizning ardoqli shoiri Erkin Vohidov “Uzum” sheʼrida shunday yozadi:
Toqi ishkom misli osmon,
Har taraf yulduz sochur.
Voh ajab, bu ne sinoat,
Yer uzum, osmon uzum.
Darhaqiqat, bugun Oltiariq tumani uzum bogʻlarida oʻzgacha fayz va tarovat, oʻxshashi yoʻq goʻzallikning guvohi boʻlasiz. Har yonda moʻl-koʻlchilik, peshonasiga rayhon taqib, qoʻlida gulqaychi tutgan bogʻbonning erta koʻklamdan buyon qilgan mehnati bugun sharbatga toʻlgan bogʻlarda oʻz samarasini koʻrsatmoqda.
Ayni paytda Oltiariq tumanida aholi tomorqasi, fermer va dehqon xoʻjaliklari tasarrufida 4 ming 500 gektar uzum bogʻi mavjud. Shuningdek, 70 ming tonna sigʻimga ega 85 ta meva-sabzavot saqlashga ixtisoslashgan muzlatgichli omborxonalar tashkil etilgan. 67 ta eksportyor korxona, 30 dan ortiq logistika markazlari hamda 1 ta meva-sabzavot sotishga moʻljallangan ulgurji bozor faoliyat koʻrsatyapti.
2023-yili tuman iqtisodiyotining asosiy drayverlaridan biri sifatida 42,5 ming tonna uzum eksport qilindi. Eksport geografiyasi MDH davlatlaridan tashqari, Eron, Indoneziya, BAA, AQSH singari mamlakatlar hisobiga kengayishiga erishildi. Bu yilgi reja esa yanada yuksak. Hozirda oltiariqlik mirishkorlar tomonidan yetishtirilgan mahsulotlar peshma-pesh jahon bozorlariga eksport qilinmoqda.
“Xayrullo Bahrom Boymatov” koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi tumanda uzumchilikka ixtisoslashgan eng katta xoʻjaliklar sirasiga kirib, bugungi kunda uning tasarrufida 70 gektar uzumzor bor. Har gektar yerdan 20 tonna uzum hosili yigʻishtirib olayotgan xoʻjalik aʼzolari tarmoqni zamonaviy mezonlar asosida rivojlantirishga jiddiy eʼtibor qaratayotir.

Uzum bogʻi yetmishda oilaga bir gektardan biriktirib berilgan boʻlib, oʻrtacha 150 – 200 ta doimiy ish oʻrni yaratilgan. Fermer xoʻjaligida uzumning anʼanaviy navlaridan tashqari, danaksiz, uzoq muddat saqlash mumkin boʻlgan va vinochilik uchun muhim uzum navlarini, kasalliklarga chidamli, tuproq va iqlim sharoitiga mos hosildor navlarni koʻpaytirish doimiy eʼtiborda. Shuningdek, ming tonna sigʻimga ega sovutkichli omborxona ham ishga tushirilgan.
Oltiariqlik tadbirkorlar tashabbus bilan bundan ikki yil oldin “Fruit Siti” meva-sabzavotlar ulgurji bozori faoliyat boshladi. 3 gektar maydonni egallagan ushbu bozor qishin-yozin Fargʻona vodiysining turli hududlaridan tashrif buyuruvchi xaridoru sotuvchilar bilan gavjum.
— Bu yerda har kuni 500 – 600 tonnagacha meva va sabzavotlar xaridorga yetkazib beriladi, shu maqsadda xorijlik va mahalliy tadbirkorlar uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan, — deydi “Fruit Siti” MCHJ rahbari Ahrorjon Fayzimatov. — Ayni paytda yurtimiz mevalari Rossiya, Ozarbayjon, Xitoy, BAA, Qirgʻiziston, Qozogʻiston kabi davlatlarga joʻnatilyapti.
Muxtasar aytganda, Oltiariq tumanida bogʻdorchilik, xususan, uzumchilik kun sayin rivoj topib borayotir. Eng muhimi, sohaga marketing, zamonaviy va ilgʻor texnologiyalar keng tatbiq etilyapti. Jahon andozlari darajasida meva-sabzavotlarni sanoat usulida qayta ishlash va eksport salohiyati yuksalib bormoqda. Bu, oʻz navbatida, aholi bandligini taʼminlash va farovonligini oshirishga ham xizmat qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring