Eng olis saylov uchastkasi – 510 km uzoqlikda, eng kam saylovchi – 39 nafar

11:11 24 Oktyabr 2021 Jamiyat
191 0

Foto: Халқ сўзи

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 5-Navoiy okrug saylov komissiyasi hududidagi 411 ta saylov uchastkasida ham ovoz berish jarayonlari qizgʻin pallaga kirdi. Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, viloyatda eng olis saylov uchastkasi markazdan 510 kilometr uzoqlikda joylashgan boʻlib, ushbu ovulda 57 nafar saylovchi istiqomat qiladi. Eng kam – 39 nafar saylovchi roʻyxatga olingan saylov uchastkasi esa 218 raqami bilan Tomdi tumani Oqtaqir ovulida tashkil etilgan.

Okrug saylov komissiyasi tomonidan saylovga tayyorgarlik jarayonlarida jami 622 ming 413 nafar saylovchi roʻyxatga olindi. Ularning har biri oʻz xohish-irodasini erkin ifoda etishi uchun barcha sharoit yaratilib, ayniqsa, nogironligi bor 6 ming 203 nafar saylovchi, jumladan, 2 ming 62 nafar koʻzi ojiz, 662 nafar eshitishda muammosi bor saylovchilarga brayl trafaretlari va surdo tarjimadagi targʻibot vositalari taqdim etildi.

-Men nomzodlarning dasturi va biografiyasi bilan surdo tarjima yordamida tanishgan edim, - deydi Navoiy shahridagi 41- saylov uchastkasida ovoz bergan Qosimjon Soliyev. – Har bir nomzod dasturlarini oʻrganib, bugun oʻzim tanlagan munosib nomzodga ovoz berdim.

Viloyatda saylov jarayonlarini 22 nafar xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilari kuzatmoqda. Ular saylov uchastkalarida boʻlib, ovoz berish jarayonlaridagi qulayliklar bilan tanishishdi.

- Saylovga tayyorgarlik jarayonlarida keng koʻlamdagi tadbirlar amalga oshirilgani elektoratning kayfiyati va faolligida ham koʻzga tashlanib turibdi, - deydi MDH missiyasi doirasida viloyatga tashrif buyurgan Yevgeniy Suvorov. - Eng muhimi, saylov ochiq va shaffof, demokratiyaning barcha tamoyillariga, shuningdek, pandemiya taqozo etgan talablarga qatʼiy amal qilingan holda olib borilmoqda.

Viloyatda saylovchilarning ovoz berishlari davom etmoqda.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?