“Eng fidoyi ustoz” tanlovi gʻoliblari taqdirlandi
“Uzbekistan GTL” zavodida “Eng fidoyi ustoz” tanlovi gʻoliblarini taqdirlashga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.
Taʼkidlash joiz, mazkur tanlov “Uzbekistan GTL” oliy taʼlim tashkilotlarining mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim tarmoqlari uchun boʻlajak mutaxassislarni yetishtirishda jonbozlik koʻrsatib, koʻplab iqtidorli talabalarga ustozlik qilib kelayotgan oʻqituvchilarini aniqlash va munosib ravishda ragʻbatlantirish maqsadida yoʻlga qoʻyilgan loyiha hisoblanadi. Tanlov nizomiga koʻra, gʻoliblar oliygohlar talabalari hamda “Uzbekistan GTL” zavodida faoliyat olib borayotgan xodimlar oʻrtasida soʻrovnomalar oʻtkazish orqali aniqlanadi.

— Soʻrovnomada asosiy eʼtibor ilmiy-pedagog xodimlarning kasbiy faoliyati hamda shaxsiy sifat va fazilatlarini aniqlashga qaratiladi, — deydi “Uzbekistan GTL” MCHJ direktori Alisher Bahodirov. — Xususan, respondentlardan oʻz ustozlarining taʼlim berish uslubi, dars jarayonini samarali tashkil etishi, talaba-oʻqituvchi munosabatlari, halollik prinsiplariga rioya qilishi kabi jihatlar boʻyicha fikr bildirishlari soʻraladi.
Shunga koʻra, tanlovning joriy yilgi bosqichida mamlakatimizdagi oliygohlarning neft-gaz, ishlab chiqarish va texnologiyalar yoʻnalishlarida tahsil olayotgan talabalar (5500 nafar), korxonaning kadrlar zaxirasiga kiritilgan iqtidorli talabalar (113 nafar) hamda korxona xodimlari (500 nafar) oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazilib, ularning oʻzlariga taʼlim bergan ustozlari haqidagi fikr-mulohazalari, tavsiyalari asosida 383 nafar nomzod saralab olindi va tanlovga tavsiya etildi.
Tanlov komissiyasi tomonidan mazkur nomzodlar toʻgʻrisida toʻplangan maʼlumotlar atroflicha tahlil qilingan holda, gʻolib va sovrindorlar aniqlandi.

Yakuniy natijalarga koʻra, oliy taʼlim muassasalarining 5 nafar professor-oʻqituvchilari birinchi oʻrinni qoʻlga kiritib, 70 million soʻmdan pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Shuningdek, 2-oʻrinni qoʻlga kiritgan 5 nafar oʻqituvchi 50 million soʻmdan pul mukofotiga ega boʻlishgan boʻlsa, 3 nafar 3-oʻrin sohiblarining har biri 30 million pul mukofotiga ega boʻlishdi.
Bundan tashqari, yana bir guruh ustozlar turli nominatsiyalar boʻyicha eʼtirof etilib, qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Tantanali marosimda Qashqadaryo viloyat hokimi Murotjon Azimov ishtirok etib, tanlov gʻoliblarini samimiy muborakbod etdi.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring