“Eng faol ijtimoiy xodim” tanlovini oʻtkazish tartibi belgilandi

12:45 06 Fevral 2024 Hujjatlar
442 0

Hukumat qarori (69-son, 03.02.2024 y.) bilan “Eng faol ijtimoiy xodim” koʻrik-tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom qabul qilindi.

Nizomga koʻra, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi ijtimoiy xodimlar, ijtimoiy xodim assistentlari, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlardagi xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatori boʻyicha ijtimoiy xodimlar oʻrtasida “Eng faol ijtimoiy xodim” koʻrik tanlovi tashkil etiladi.

Shunga koʻra, har yili 1-aprelgacha koʻrik tanlov oʻtkazilishi haqida eʼlon beriladi va nomzodlar 1-apreldan 30-aprelgacha agentlik veb-sayti orqali roʻyxatdan oʻtadi.

Koʻrik tanlovning hududiy saralash bosqichi may oyida, respublika final bosqichi iyun oyida oʻtkaziladi.

Tanlov qoʻyidagi sinovlar asosida oʻtkaziladi:

— ishtirokchilarning bilim darajasini aniqlashga qaratilgan ijtimoiy ish sohasidagi onlayn test sinovlari;

— ishtirokchilarning IQ (intellektual koeffitsiyent) va individual psixologik xususiyatlari darajasini aniqlashga qaratilgan sinovlar;

— ishtirokchilar bilan yakka tartibdagi suhbat.

Tanlov gʻolib va sovrindorlari har yili iyul oyining birinchi haftasida quyidagicha taqdirlanadi:

Hududiy saralash bosqichida mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining quyidagicha miqdorida biryoʻla toʻlanadigan pul mukofoti:

1-oʻrin – 5 baravari (5 mln 250 ming soʻm);

2-oʻrin – 3 baravari (3 mln 150 ming soʻm);

3-oʻrin – 2 baravari (2 mln 100 ming soʻm).

Respublika final bosqichida mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining quyidagicha miqdorida biryoʻla toʻlanadigan pul mukofoti:

1-oʻrin – 20 baravari (21 mln soʻm);

2-oʻrin – 15 baravari (15 mln 750 ming soʻm);

3-oʻrin – 10 baravari (10 mln 500 ming soʻm).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?