Eng baxtli mamlakatlar reytingi eʼlon qilindi: Oʻzbekiston nechanchi oʻrinda?

15:01 20 Mart 2025 Jamiyat
810 0

Фото: «Халқ сўзи»

BMT koʻmagida tuzilgan “World Happiness Report” hisobotiga koʻra dunyoning eng baxtli davlatlari reytingi eʼlon qilindi. Unda ketma-ket sakkizinchi bor Finlyandiya birinchi pogʻonani band etdi. Shuningdek, roʻyxatning kuchli oʻnligidan Daniya, Islandiya, Shvetsiya, Niderlandiya, Norvegiya, Kosta-Rika, Isroil, Lyuksemburg va Meksika joy oldi.

Litva postsovet hududidagi eng baxtli davlatga aylandi. Hisobotda Litva 16, Estoniya 39, Qozogʻiston 43, Latviya 51, Oʻzbekiston 53, Rossiya 66, Qirgʻiziston 75, Moldova 80, Armaniston 87, Tojikiston 90, Ozarbayjon 106, Ukraina 111-oʻrinni egalladi.

Oʻzbekiston oʻtgan yilgi reytingda 47-oʻrinni band etgandi.

Dunyoning kuchli iqtisodiyotiga ega boʻlgan Germaniya 22, Buyuk Britaniya 23, AQSH 24, Xitoy esa 68 oʻrinni band etgan.

Turli mamlakatlardagi baxt darajasini baholash uchun hisobot mualliflari butun dunyo boʻylab minglab odamlar orasida soʻrov oʻtkazdilar. Bundan tashqari, reytingda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, sogʻlom umr koʻrish davomiyligi, erkinlik va korrupsiya darajasi hamda saxovat yoki muruvvat mezonlari hisobga olinadi.

Maʼlumot uchun, Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2012-yildan beri har yili Jahonning baxtiyorlik darajasi hisobotini eʼlon qiladi. Reytingni shakllantirishda aholi jon boshiga Yalpi ichki mahsulot koʻrsatkichlari, mamlakatda oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi, fuqarolarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va ularning fuqarolik erkinliklariga rioya etilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek, mamlakatdagi korrupsiya darajasi hisobga olinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?