Endilikda davlat yordami berilishiga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Raqobat qo‘mitasi bilan majburiy tartibda kelishiladi

Senatning ellik ikkinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Muhokama markazida bo‘lgan Qonun bilan “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi hamda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
2023 yilda Raqobat qo‘mitasi vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilgan tovar va moliya bozorlaridagi raqobat masalalariga oid 614 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasining 142 tasida davlat yordami, ya’ni xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga soliq va bojxona imtiyozlari, subsidiyalar, grantlar, davlat kafolatlari kabi imtiyozlar beruvchi normalarni aniqlagan.
Bundan tashqari, Raqobat qo‘mitasi tomonidan mahalliy davlat hokimiyati va davlat boshqaruvi organlari qabul qilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarning raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiqligi o‘rganilganda 717 ta qonun buzilishi holati aniqlangan.
Shu bois “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunga davlat yordami berilishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bilan kelishishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, ushbu Qonun bilan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish kiritilib, unga muvofiq qonunchilikni buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llashda xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga nisbatan yengillik berilmoqda.
Jumladan, iqtisodiy jihatdan past ta’sir darajasiga ega bo‘lgan raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishini birinchi marta sodir etgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektga bunday huquqbuzarlikning takroran sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirish berilishi va unga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilmasligi belgilanmoqda.
Muhokamalar jarayonida ta’kidlanganidek, ushbu Qonun raqobat sohasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarning o‘zaro muvofiqlashtirilishiga, tovar va moliya bozorida sog‘lom raqobat muhitining ta’minlanishiga hamda tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan choralar ko‘rilishida adolatning qaror topishiga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring