Endi Toshkent shahrida yoʻl harakatini raqamli boshqarish va xavfsizligini taʼminlash tizimi joriy etish toʻliq shahar hokimiyati tasarrufiga oʻtkaziladi

13:35 11 Fevral 2022 Siyosat
902 0

Foto: president.uz

Endi Toshkent shahrida yoʻl harakatini raqamli boshqarish va xavfsizligini taʼminlash tizimi joriy etish toʻliq shahar hokimiyati tasarrufiga oʻtkaziladi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Yil yakuniga qadar poytaxtning 300 ta chorrahasini, kelgusi yilda esa qolgan 302 tasini raqamli tizimga oʻtkazish vazifasi qoʻyildi.

Sohani raqamlashtirish bilan bogʻliq barcha masalaga shahar mutasaddilari javob beradi va soʻrov ham ulardan boʻladi. Axborot texnologiyalari, Ichki ishlar va Transport vazirliklarida ushbu tizimni takrorlovchi yoki ishiga aralashadigan boʻlinmalar boʻlishi mumkin emas, dedi davlatimiz rahbari.

“Toshkent, Andijon, Namangan, Fargʻona viloyatlari hokimlarining yoʻl harakatini raqamli boshqarishni joriy etish boʻyicha “yoʻl xaritalari” bilan tanishib chiqdim. Ularda belgilangan tadbirlar faqat qoidabuzarlikning nazorati bilan cheklangani meni mutlaqo qoniqtirmaydi”, dedi Prezident.

Bir oy muddatda viloyat markazlarida yoʻl harakatini boshqarish va xavfsizligini taʼminlash boʻyicha yangi konsepsiyalarini ishlab chiqish topshirildi.

Yigʻilishda yoʻllar holati va infratuzilmasi koʻp hollarda yoʻl harakatidagi muammolar, qoidabuzarliklar va avariyalarga sabab boʻlayotgani qayd etildi.

Jumladan, transport serqatnov boʻlgan 2 mingdan ortiq chorraha va 9,5 mingta piyoda oʻtish joylari svetofor yoki boshqa vositalar bilan jihozlanmagan.

Aholi punktlari uchun 15 ming kilometrga yaqin piyoda va veloyoʻlaklar yetishmaydi.

“Kecha Samarqand shahridagi 59-sonli koʻzi ojizlar maxsus maktabida ovozli maxsus svetoforlar oʻrnatilganini koʻrdim. Bunday tajribani barcha hududlarda joriy etishimiz shart. Shu bois 2021-yilda yoʻl infratuzilmasini yaxshilash, svetofor, belgilar boʻyicha aholidan 10 mingdan ziyod murojaatlar kelib tushgan”, dedi davlatimiz rahbari.

Ayniqsa, Toshkent shahri, Buxoro, Qashqadaryo Samarqand, Sirdaryo, Xorazm va Toshkent viloyatlarida bu muammo dolzarb boʻlib, piyoda ishtirokidagi avariyalar qolgan hududlardan yuqori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?