Endi talabalarning bilimi investor ishtirokida baholab boriladi

15:54 08 Avgust 2025 Siyosat
177 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtayotgan yigʻilishda respublikadagi qirqta oliygohga moliyaviy mustaqillik berilgani bugun oʻz samarasini bergani taʼkidlandi.

Masalan, iqtisodiyot, yuridik, tibbiyot, tillar va pedagogika yoʻnalishidagi oliygohlarning yetarli mablagʻi bor. Lekin eng dolzarb boʻlib turgan qishloq xoʻjaligi, veterinariya, muhandislik, aniq va tabiiy fanlar (STEM) yoʻnalishidagi ayrim oliygohlar daromad topishga oʻrganmayotgani, yoshlar uchun jozibador emasligi koʻrsatib oʻtildi.

Prezidentimiz “tarmoq-korxona-oliygoh” zanjirini yoʻlga qoʻyishni jadallashtirish zarurligi qayd etdi.

Bu borada 25 ta muhandislik oliygohi hamkor korxonalarda 438 ta kafedra ochdi. Masalan, neft-gaz tarmogʻi taʼlim-ishlab chiqarish klasterlarini tashkil qildi. Buxoro texnika universiteti esa neft-gazdan tashqari yana 10 ta korxonada 20 ta kafedra filiali faoliyatini yoʻlga qoʻydi.

Buxoro viloyatida yaqin yillarda yirik gaz-kimyo majmuasi ishga tushishi kutilmoqda. Xorijiy kompaniyalar tomonidan Ustyurtdagi yangi loyihalar boʻyicha ishlar boshlangan.

Prezidentimiz bu quvvatlarga mutaxassislar qayerda tayyorlanadi, ilmiy izlanishlar kim tomonidan olib boriladi, degan savollarga hozirdan javob topish kerakligini taʼkidladi.

Endilikda qiymati 1 million dollardan, ishchilar soni 50 tadan yuqori loyihalar texnik-iqtisodiy asosida sohalar va yoʻnalishlar kesimida mutaxassislarga ehtiyoj koʻrsatiladi.

Bu asosda masʼul vazir va tarmoq rahbari oliygohlarga buyurtma joylashtirib, kadrlarni maqsadli tayyorlashni yoʻlga qoʻyadi.

Bunda rektorlar buyurtma asosida oʻqiyotgan talabalar uchun asosiy fanlardan tashqari qoʻshimcha taʼlim modullarini joriy qiladi. Ushbu modullarni oʻqigan talabalarga kredit ballari beriladi.

Talabalarning bilimi ikkinchi kursdan keyin ularni ishga olmoqchi boʻlgan investor ishtirokida har yili baholab boriladi. Talaba diplom ishini loyihada qoʻyilgan masalalardan kelib chiqib, himoya qiladi.

Bir soʻz bilan aytganda, investor ehtiyojiga mos kelgan bitiruvchilar u tomonidan kafolatli ishga olinadigan tizim boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер