Endi sud qarorlarining qonuniyligi yangi tartibda tekshiriladi

17:11 29 Yanvar 2024 Jamiyat
1056 0

Soʻnggi yillarda odil sudlov borasida mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar natijasida shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqdi.

Xususan, sud ishlarini yuritish jarayoniga yangi institutlar joriy etildi, fuqarolarning huquqlari ishonchli himoya qilinishini taʼminlash maqsadida yarashuv, dastlabki eshituv, mediatsiya, shuningdek sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish kabi institutlar takomillashtirildi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 24-iyuldagi

PF–6034-sonli Farmoni hamda 2021-yil 12-yanvarda qabul qilingan protsessual qonunlarga asosan:

— tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining qarorlarini viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish;

— apellyatsiya tartibida koʻrib chiqilgan sud qarorlarini Oliy sudning sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish;

— Oliy sudning sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan ishlar boʻyicha chiqarilgan sud qarorlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, Bosh prokurori va ularning oʻrinbosarlari protestiga koʻra kassatsiya tartibida takroran koʻrib chiqish tartiblari joriy etilgan edi.

Keyingi vaqtlarda sudlarda ishning hajmi keskin ortganligi bor haqiqat, shunday ekan ishlarni qonunda belgilangan muddatlarda koʻrib chiqishning imkoniyati ham keskin kamaydi, bu esa sudga murojaat etuvchi har bir shaxsda haqli eʼtirozlarning koʻpayishiga sabab boʻldi.

Shunga koʻra, sud qarorlarini qayta koʻrish instituti boʻyicha oʻtkazilgan tahlillar mazkur institutni yanada takomillashtirish zaruratini koʻrsatdi.

Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishda yuqoridagi tartib asosida kassatsiya instansiyasida ishlarni koʻrishni Oliy sudning vakolatiga oʻtkazilishi sud ishlarini koʻrishning oʻta markazlashtirilgan tizimini vujudga keltirib, oʻrta boʻgʻin – viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar imkoniyatlaridan samarali foydalanilishini cheklab qoʻyayotgandek edi, natijada esa shikoyatdagi vajlar atroflicha tekshirilmay, ish boʻyicha yakuniy qaror qabul qilinmasdan, sud qarorlari bekor qilinib, ishlarni quyi sudlarga yangidan koʻrish uchun yuborish holatlari ortib bordi, bu holat ham fuqarolarning eʼtiroz va sarsongarchiligiga sabab boʻlayotgan edi.

Bundan tashqari, apellyatsiya tartibida koʻrilmagan ishlarning kelgusida kassatsiya instansiyasida koʻrib chiqilmasligi sud protsessi ishtirokchilarining huquqlarini cheklab qoʻyayotgan edi, boisi turli sabablar bilan sud hujjatining ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat qila olmagan shaxs keyinchalik shikoyat qilishning qonunda belgilangan muddatini oʻtkazib yuborishi natijasida oʻzi norozi boʻlgan sud hujjati bilan “kelishish”ga majbur edi.

Shu munosabat bilan inson huquqlarining haqiqiy himoyasini taʼminlash maqsadida sud qarorlarini qayta koʻrish mexanizmini yanada takomillashtirish va yangi tartibni joriy etish zaruriyati yuzaga keldi.

Davlatimiz rahbarining 2023-yil 16-yanvardagi “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–11-sonli Farmonida sud qarorlari qonuniy, asosli va adolatli qabul qilinganligini tekshirishning fuqarolarga qulay va soddalashtirilgan tartibini yaratish nazarda tutilgan edi.

Shunga koʻra, Fuqarolik va Iqtisodiy protsessual kodekslariga, Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksga hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonunlar Qonunchilik palatasi tomonidan 2023-yil

1-avgustda qabul qilindi, 2023-yilning 27-oktyabr kuni Senat tomonidan maʼqullandi.

Qonunlar bilan joriy etilayotgan sud qarorlarini qayta koʻrishning yangi tartibiga koʻra joriy yilning 1-yanvaridan boshlab:

— tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiya sudida koʻrilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish;

— viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilgan ishlarni mazkur sudlarda taftish tartibida qayta koʻrib chiqish;

— viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida koʻrilgan ishlarni Oliy sudning sudlov hayʼatlarida, oʻz navbatida, sudlov hayʼatlari tomonidan koʻrilgan ishlarni Rayosatda taftish tartibida qayta koʻrib chiqish;

— apellyatsiya va kassatsiya instansiya sudlari tomonidan ishni yangidan koʻrish uchun quyi sudlarga yuborish tartibini bekor qilish va ularga ish boʻyicha yakuniy qaror qabul qilish masʼuliyatini yuklash nazarda tutildi.

Endi tegishli tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiya boʻyicha qabul qilingan va apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan sud hujjati ustidan berilgan taftish shikoyati (protesti) tegishincha viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida koʻrib chiqiladi.

Viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya va taftish tartibida koʻrilgan tegishli tumanlararo, tuman, shahar sudlarining birinchi instansiya boʻyicha qabul qilingan sud hujjati ustidan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan birinchi instansiya boʻyicha qabul qilingan va apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilgan sud hujjati ustidan berilgan taftish shikoyati (protesti) Oliy sudning tegishli sudlov hayʼati tomonidan koʻriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tegishli sudlov hayʼatining taftish tartibida koʻrilgan ishlar boʻyicha qabul qilingan sud hujjati ustidan faqatgina Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan protest kiritilishi mumkin boʻlib, ushbu protest Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatida koʻrib chiqiladi. Bunda, ushbu mansabdor shaxslar taftish tartibidagi protestni faqat qonunda koʻrsatilgan shaxslarning murojaatiga asosan keltirishlari mumkin.

Iqtisodiy protsessual kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlardan yana biri sud xarajatlarini taqsimlash toʻgʻrisidagi masala hal qilinmaganligi yoki notoʻgʻri hal qilinganligi sudning hal qiluv qarorini bekor qilish yoki oʻzgartirish uchun asos boʻlmasligi belgilanganligi boʻldi. Bunday holda, yuqori instansiya sudi qarorning xulosa qismida sud xarajatlari ushbu kodeksning 118-moddasida belgilangan tartibda taqsimlanishini koʻrsatadi. Mazkur oʻzgartirish ishning mazmuniga, qonuniy hal etilishiga taʼsir qilmaydigan asos boʻyicha sud qarorlari bekor boʻlishi natijasida fuqarolarning sarsongarchiligi kelib chiqishi va moddiy-maʼnaviy resurslari sarflanishini oldini oladi.

Sud hujjatlari ustidan shikoyat qilish va ularni qayta koʻrish tartib-taomillarining takomillashtirilishi quyi sudlar tomonidan yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni tuzatish, adolatsiz sud qarori oqibatlarini bartaraf etish bilan birga huquqni qoʻllashda yagona amaliyotni shakllantirish, bu bilan esa jamiyatda odil sudlovga boʻlgan ishonchni yanada oshirish, fuqarolarning buzilgan huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini kengroq himoya qilishni taʼminlashga xizmat qiladi.

Sarvar Soliyev,

Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudining raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер