Endi noqonuniy kesilgan har bir daraxt uchun 100 tup koʻchat ekilib, uch yil parvarishlanadi — qaror loyihasi

16:03 04 Mart 2022 Jamiyat
880 0

Vazirlar Mahkamasining “Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish va ulardan foydalanish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi muhokamaga qoʻyildi.

Qaror loyihasi bilan yuridik va jismoniy shaxslarga:

— ruxsatnoma asosida kesilgan har bir daraxt va butalar uchun kompensatsiya tarzida 10 tup qimmatliligi jihatidan kesiladigan daraxt va butalardan kam boʻlmagan, yirik oʻlchamli koʻchat ekish hamda ularni kamida ikki yil davomida parvarish qilish;

— noqonuniy kesilgan har bir daraxt va butalar uchun kompensatsiya tarzida qoʻshimcha 100 tup qimmatliligi jihatidan kesiladigan daraxt va butalardan kam boʻlmagan, yirik oʻlchamli koʻchat ekish hamda ularni uch yil davomida parvarish qilish boʻyicha qoʻshimcha majburiyatlar yuklatiladi.

Daraxt va butalarni kompensatsiya tarzida ekish yuridik va jismoniy shaxslarni daraxt va butalarni kesishga ruxsatnoma berilganligi uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda undiriladigan yigʻimni yoki ularni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik, shikastlantirganlik, yoʻq qilganlik yoki koʻchirib oʻtkazganlik uchun maʼmuriy jarimalarni toʻlashdan ozod qilmaydi.

Kompensatsiyaviy ekish joylari qoida tariqasida hududlarda tashkil etilgan “Yashil bogʻlar” va “Yashil jamoat parklari”, shuningdek, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish uchun moʻljallangan boshqa hududlardan tanlanadi.

Shuningdek, tuman va shahar markazlarida arxitektura va landshaft-dizayn talablari asosida shaharga koʻrk beruvchi manzarali daraxt va buta koʻchatlarini ekishni tashkil etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?