Endi ekologiya va atrof-muhit muhofazasiga oid huquqbuzarliklar haqida xabar berganlarga ham pul toʻlanadi

12:17 25 Yanvar 2021 Jamiyat
844 0

Hukumatning ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida nazoratning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga oid qarori loyihasi muhokamaga qoʻyildi.

Loyihada Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan Bosh prokuratura bilan birgalikda atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik nazorat sohasida jismoniy shaxslarning ishtirokiga doir «Ekonazorat» axborotlashtirish tizimi ishlab chiqilgani maʼlumot oʻrnida keltirib oʻtilgan.

Mazkur axborot tizimini 2021-yil 1-apreldan boshlab Toshkent shahri va Toshkent viloyatida eksperiment tariqasida joriy etiladi.

Davlat ekologiya qoʻmitasi axborot tizimining samarali ishlashini taʼminlash boʻyicha masʼul organ hisoblanadi.

Axborot tizimidagi mobil ilova va Telegram-bot quyidagi imkoniyatlarni taqdim etadi:

davlat ekologik nazorati obyektlari, shu jumladan hayvonot va oʻsimlik dunyosi obyektlari, shuningdek muhofaza etiladigan tabiiy hududlar hamda chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasi ustidan jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish;

jismoniy shaxslar tomonidan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarlik holatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (foto va video materiallar)ni Davlat ekologiya qoʻmitasiga manzil (lokatsiya) belgilari boʻyicha yuborish;

huquqbuzarliklar haqida xabar bergan jismoniy shaxslarga pul mukofotlarini toʻlash;

ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklar, normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek, ushbu sohadagi boshqa statistik maʼlumotlar bazasi bilan tanishish;

sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar yuzasidan maʼmuriy huquqbuzarlik hujjatlari (bayonnoma va qarorlar)ni elektron shaklda tuzish orqali ushbu huquqbuzarliklar haqidagi maʼlumotlarni Ichki ishlar vazirligining yagona maʼlumotlar bazasiga kiritish;

2021-yil dekabr oyidan boshlab hayvonot va oʻsimlik dunyosi obyektlari va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning joylashuvi boʻyicha davlat kadastri va ularning monitoringi toʻgʻrisida maʼlumotlardan ochiq foydalanish;

onlayn monitoring olib borish, shuningdek ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari ijrosini taʼminlash yuzasidan avval berilgan majburiy koʻrsatmalar va talabnomalar boʻyicha amalga oshirilgan boshqa zarur chora-tadbirlardan xabardor boʻlish;

hududlar va tumanlar kesimida aniqlangan huquqbuzarliklar toʻgʻrisida geoaxborot maʼlumotlarini joriy etish hamda yuritish.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-aprelga qadar yuborilgan foto va video materiallar boʻyicha huquqbuzarlikni sodir etgan fuqarolarning shaxsini aniqlashning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish boʻyicha zarur choralarni koʻradi.

Davlat ekologiya qoʻmitasi Davlat soliq qoʻmitasi, Moliya vazirligi bilan birgalikda huquqbuzarliklar haqida xabar bergan jismoniy shaxslarga toʻlanadigan pul mukofotlaridan daromad soligʻini toʻlashdan ozod qilish boʻyicha mexanizmni ishlab chiqadi.

Davlat ekologiya qoʻmitasi va uning tarkibiy boʻlinmalariga fuqaro aviatsiyasining uchuvchisiz qurilmalarini, shuningdek, ularning butlovchi qismlarini olib kirish, sotib olish, saqlash hamda ushbu sohani tartibga soluvchi qonun hujjatlari normalariga rioya etilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanishga ruxsat beriladi.

Davlat ekologiya qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi maʼmuriy huquqbuzarlik ishlarni koʻrib chiqish tartibini ishlab chiqiladi va roʻyxatdan oʻtkaziladi.

Bosh prokuratura bilan birgalikda oʻtkazilgan eksperiment yakunlari boʻyicha ilovaning funksional qismiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish zaruriyatini koʻrib chiqiladi hamda uning 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida uzluksiz ravishda ishlashi taʼminlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?