Elektron sigaretalar “popkorn oʻpka” nomli bedavo kasallikka sabab boʻlishi mumkin
AQSHlik olimlar elektron sigaretalar (vape)ni chekish “popkorn oʻpka” nomli xavfli kasallikka sabab boʻlishini aniqladi. Bu kasallik tibbiyotda “bronchiolitis obliterans” deb atalib, oʻpkadagi eng kichik havo yoʻllari – bronxiolalarni zararlaydi. Kasallik yoʻtal, nafas qisishi, charchoq va hansirash kabi alomatlar bilan kechadi hamda qayta tiklanmaydi, yaʼni doimiy oʻpka yetishmovchiligi yuzaga keladi.
“Popkorn oʻpka” nomi dastlab 2000-yillarda AQSHdagi mikrotoʻlqinli popkorn fabrikasida ishlagan ishchilar orasida paydo boʻlgan kasallik tufayli paydo boʻlgan. Ular ishlab chiqarish jarayonida popkornga yogʻli taʼm beruvchi diatsetil deb ataluvchi moddani nafas orqali qabul qilgan va oʻpkasi zararlangan. Ayni diatsetil moddasi bugungi kunda baʼzi elektron sigaret (vape) suyuqliklarida ham mavjud boʻlib, isitilganda oʻta zararli gaz holatiga oʻtadi.
Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyada diatsetilni vape mahsulotlarida qoʻllash taqiqlangan boʻlsa-da, ayrim boshqa davlatlarda bu moddadan foydalanish hanuzgacha ruxsat etilgan. Qolaversa, noqonuniy ishlab chiqarilgan vape mahsulotlari tarkibida diatsetil bilan bir qatorda formaldegid va atsetaldegid kabi oʻta zaharli moddalar ham aniqlangan. Ularning barchasi nafas yoʻllari uchun xavfli boʻlib, oʻpkaning ichki tuzilmasini jiddiy shikastlaydi.
“Popkorn oʻpka” kasalligining eng xavfli tomoni – uning davosi yoʻqligidir. Kasallik aniqlangach, shifokorlar faqat simptomlarni yengillashtiruvchi muolajalar tavsiya qiladilar. Ayrim holatlarda bemorlarga nafasni ochuvchi dori-darmonlar yoki oʻpka transplantatsiyasi kerak boʻladi. Shu bois bu holatda yagona toʻgʻri chora – kasallikning oldini olishdir.
Mutaxassislar vape mahsulotlariga nisbatan tartibga solish, tarkibiy moddalarning qatʼiy nazoratini yoʻlga qoʻyish, aniq yorliqlar va aholini xabardor qilish kampaniyalarini boshlash kabi choralarni koʻrish kerakligini bildirishgan.
Qayd etish kerakki, mamlakatimizda ham elektron sigaretalarni taqiqlash borasida ishlar olib borilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga baʼzi turdagi tamaki mahsulotlarining, tamakini va nikotinni isteʼmol qilish moslamalarining muomalasiga doir talablarni yanada kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonunni koʻrib chiqishgandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Raqamli Oʻzbekiston uchun kiber-huquqshunoslar: Prezident Farmoni yuridik taʼlimning yangi davrini ochadi
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring