Elektron sigaretalar muomalasi taqiqlanmoqda

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Joriy yilning 13-mart kuni bo‘lib o‘tgan Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida bir qator muhim masalalar ko‘rib chiqildi.
Unda senatorlar, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili, mahalliy Kengashlarning doimiy komissiyalari raislari, ekspertlar, mutasaddi vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Dastlab Qo‘mita majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ba’zi turdagi tamaki mahsulotlarining, tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalarining muomalasiga doir talablarni yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda aholi o‘rtasida, ayniqsa bolalar va yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, shu jumladan tamaki mahsulotlarining tarqatilishini va iste’mol qilinishini cheklash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, so‘nggi yillarda tamaki va nikotin mahsulotlarining yangi turlarini, xususan, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarini, shu jumladan elektron sigaretalarni qonunga xilof ravishda mamlakatimizga olib kirish hamda muomalaga kiritish hollari ko‘paymoqda.
Bu kabi aholi salomatligiga, ayniqsa bolalar va yoshlar sog‘ligiga xavf tug‘diruvchi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida mazkur Qonun ishlab chiqilgan bo‘lib, Qonun bilan Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga muomalasi taqiqlangan tamaki mahsulotlarini, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarini, shu jumladan elektron sigaretalarni va ular uchun suyuqliklarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, shuningdek olib kirish va olib chiqish uchun javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Agarda ushbu harakatlarni sodir etgan shaxs o‘z ixtiyori bilan aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida hokimiyat organlariga arz qilgan va muomalasi taqiqlangan mahsulotlarni topshirgan taqdirda, mazkur shaxs javobgarlikdan ozod qilinadi.
Shuningdek Qonun bilan tamakini qizdirish tizimlarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish va ishlab chiqarish uchun ham ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Majlisda senatorlar tomonidan Qonun aholining hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilishi bilan birga millat genofondini saqlashga hamda atrof muhitni tamaki va nikotin mahsulotlarining yangi turlaridan muhofaza qilishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng majlisda Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) 2024-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi ma’ruzasi eshitildi.
Ta’kidlanganidek, Ombudsman instituti tomonidan fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish va ularning buzilgan huquqlarini tiklash, qiynoqqa solish holatlarining oldini olish, inson huquqlari sohasida aholining huquqiy madaniyatini oshirish, shuningdek davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va milliy institutlar bilan hamkorlik yo‘nalishlarda qator ishlar amalga oshirilgan.
Muhokamada senatorlar tomonidan Ombudsmanga 2024-yilda kelib tushgan murojaatlar soni oldingi yilga nisbatan 25 foizga oshganligiga alohida e’tibor qaratildi.
Ayniqsa, ijtimoiy sohaga taalluqli murojaatlar soni 2023-yilga nisbatan keskin ravishda, ya’ni 82 foizga oshganligi tashvishlanarli ekanligi qayd etildi.
Bundan tashqari, fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida Ombudsman tomonidan fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab sudlarga berilgan ariza va da’volar, shuningdek, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha tashkilotlar va mansabdor shaxslarga kiritilgan Ombudsmanning ta’sir choralarini ko‘rib chiqish natijadorligi muhokama qilindi.
Muhokama davomida senatorlar tomonidan Ombudsmanga ijtimoiy sohaga taalluqli bo‘lgan murojaatlarni tahlil qilish orqali yuzaga kelayotgan muammolarning oldini olish hamda bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish, bunda Ombudsmanning ta’sir choralaridan samarali foydalanish, shuningdek qonunchilik tashabbusidan kengroq foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Majlis yakunida ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha senatorlarning munosabatidan kelib chiqib, Qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring