Ekoshaharda Yaponiya investitsiyasi ishtirokida 60 million dollarlik istiqbolli loyihani amalga oshirishga kirishildi

12:26 16 Dekabr 2025 Jamiyat
388 0

Ayni kunlarda Fargʻona viloyati markazidagi “Yangi Oʻzbekiston” massivi – Ekoshaharda yapon kompaniyasi tomonidan “Shogun City” loyihasini amalga oshirish ishlari boshlandi.

Aytish joiz, istiqbolli loyiha doirasida yapon bogʻi, mehmonxona va restoranlar majmuasini oʻz ichiga olgan yirik va zamonaviy inshootlar bunyo etiladi. Yaponiyaning “Micado Development” kompaniyasi rahbari Okuda Takefumi boshchiligidagi investorlar tomonidan hayotga tatbiq etilayotgan ushbu obyekt yapon madaniyati va meʼmorchiligi anʼanalari boʻyicha qad rostlaydi. Bu yerda turar-joy majmuasi hamda biznes markazi bunyod etilishi ham rejalashtirilgan.

—Yangi majmua Ekoshaharning yashil tabiati, musiqali favvoralari, muhtasham imoratlariga hamohang tarzda qurilishi koʻzda tutilgan,—deydi Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari – Turizm boshqarmasi boshligʻi Xurshidjon Ahmedov.—U noyob meʼmoriy yechimga ega boʻlib, birinchi va ikkinchi qavatda xizmat koʻrsatish hamda servis shoxobchalari, yertoʻla qismida esa avtomashinalar saqlash uchun maxsus hudud barpo etilishi koʻzda tutilmoqda.

Bu loyihaning umumiy qiymati 60 million AQSH dollarini tashkil etadi. Yaqin istiqbolda ushbu loyiha yaponiyalik tadbirkorlarni Fargʻona viloyatiga investitsiya kiritishi uchun oʻziga xos platforma vazifasini bajarib, turizm salohiyati va infratuzilmasini yanada oshirishiga xizmat qilishiga ishonamiz.

Tashrif doirasida Yaponiya ishbilarmonlar delegatsiyasi Ekoshahardagi qurilish-bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishishdi. Shu yerda “Shogun city” loyihasining birinchi bosqichi boʻlgan “Sakura Garden” zamonaviy turar-joy majmuasi ofisining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Fargʻona viloyati hokimligida oʻtkazilgan yuzma-yuz muloqotda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov mazkur yirik loyihaga start berilgani va bu borada ilk qadamlar qoʻyilgani uchun mehmonlarga oʻz minnatdorchiligini bildirdi.

Oʻz navbatida Okuda Takefumi yaponiyalik tadbirkorlar Fargʻona viloyatiga investitsiya kiritishga katta qiziqish bildirayotgani, “Shogun City” loyihasida ham 5 nafar yapon investori ishtirok etayotganini maʼlum qildi. Yaqin kelajakda ikki tomonlama manfaatli turizm, savdo-iqtisodiy hamda boshqa yoʻnalishlardagi hamkorlik koʻlami sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarilishiga ishonch bildirdi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?