Ekoshahar: minglab futbol ishqibozlari gʻalaba shukuhidan bahramand boʻldi

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Shu yilning 10-iyun oqshomida Fargʻona shaharidagi Ekoshahar osmonida minglab futbol ishqibozlarining xursandchiligi, shodon kulgilari jarang sochdi.
Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan “Yangi Oʻzbekiston” massivi – Ekoshahardagi muhtasham amfiteatrda katta ekran oʻrnatilib, Oʻzbekiston – Qatar terma jamoalari oʻyini toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish etildi. Shu tariqa fayzli va tarovatli oqshomdagi futbol tomoshasi muxlislarga olam-olam quvonch ulashdi.
— Oila aʼzolarimiz bilan birga uzoq yillardan buyon milliy terma jamoa oʻyinlariga muxlislik qilamiz, — deydi ashaddiy futbol ishqibozi Mirzohid Mirzayev. — Bosh jamoamizning saralash bosqichi doirasida Toshkentga oʻtkazgan baʼzi oʻyinlarida futbolchilarimizni qoʻllab-quvvatlash uchun bevosita stadionga borib kuzatganmiz. Axir Oʻzbekiston milliy terma jamoasini jahon chempionatida koʻrish millionlab hamyurtlarimiz qatorida bizning ham koʻp yillik orzumiz edi.
Aytish joiz, ushbu gʻalabada Fargʻona futboli tarbiyalanuvchilarining ham munosib hissasi bor. Xususan, milliy terma jamoa bosh murabbiyi Temur Kapadze futboldagi ilk saboqlarni Fargʻona shahridagi ixtisoslashgan maktabda olgan. Otasi Temur Kapadze futbol jonkuyari, murabbiy sifatida tanilgan. Ukasi Murod Kapadze ham viloyatda oʻz vaqtida futbolchi sifatida oʻz muxlislariga ega boʻlgan.
Shuningdek, milliy terma jamoa himoyachilari Islom Toʻxtaxoʻjayev va Rustam Ashurmatov ham Fargʻona futboli tarbiyalanuvchilari. Har ikki himoyachi ham oʻzbek futbolidagi katta sulolaning munosib vorislari. Bu oila aʼzolari orasida futbol boʻyicha milliy terma jamoa sharafini munosib himoya qilgan futbolchilar yetishib chiqqan. Hozirgi kunda ham umidli, iqtidorli futbolchilar tarbiyalanmoqda.
— Bugun futbol barchamizni bir maqsad yoʻlida birlashtirdi, —deydi Moʻydijon Sobitov. — Albatta, bu gʻalabalar oʻzbek futboli tarixida yangi sahifa ochdi. Futbolchilarimiz keyingi yili boʻlib oʻtadigan jahon chempionatida ham munosib ishtirok etishiga ishonamiz.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring