Ekologik toza hududlarning huquqiy maqomi belgilanmoqda
Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Ekologik toza hududlarning huquqiy maqomi belgilanishi munosabati bilan “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha kiritish haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda tabiiy hududlarni muhofaza qilish, ularning maydonini kengaytirish, tabiiy majmualarni, oʻsimlik va hayvonot dunyosining noyob turlarini saqlab qolish bilan bogʻliq zarur choralar koʻrilmoqda. Natijada muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning umumiy maydoni 6,3 mln gektarni tashkil etib, ularning mamlakat hududidagi ulushi 14,2 foizga yetkazilgan.

Shuningdek, togʻli hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanish, tadbirkorlik uchun qulay sharoitlar yaratish, kurortlar, mehmonxonalar, madaniy-sogʻlomlashtirish va boshqa infratuzilma obyektlarini barpo etish orqali qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratish maqsadida turistik zonalar tashkil etilmoqda.
Oʻz navbatida kurort tabiiy hududlar va rekreatsiya zonalarning ekologik toza hududlarini va ularning rejimining qonuniy asoslarini belgilash zarurati ham yuzaga kelmoqda.

Shundan kelib chiqib, “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi Qonunga qoʻshimcha kiritilib, kurort tabiiy hududlar va rekreatsiya zonalarida joylashgan, atrof tabiiy muhitga taʼsiri meʼyorlardan oshmaydigan, energiya samarador infratuzilmalar bilan taʼminlangan, chiqindilarni samarali boshqarish tizimi joriy etilgan, yuqori rekreatsiya va ekoturizm salohiyatiga hamda boy biologik xilma-xillikka ega boʻlgan hududlar ekologik toza hududlar hisoblanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, mazkur hududlarda ekologik tizimlarning barqarorligiga taʼsir koʻrsatadigan, tabiiy landshaftlarning koʻrinishi hamda yer osti suvlarining gidrogeologik holati oʻzgartirilishiga olib keladigan ishlarning olib borilishi, tabiiy obyektlarga va majmualarga salbiy taʼsir qiluvchi sanoat obyektlarining qurilishi hamda faoliyat koʻrsatishi taqiqlanmoqda.

Senatorlarning fikricha, Qonunning qabul qilinishi ekologik xavfsizlikni taʼminlash, ekoturizmni rivojlantirish, tabiiy obyektlarni saqlash, biologik xilma-xillikni muhofaza qilish hamda mamlakatimizning xalqaro miqyosda ekologik nufuzini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Yunus BOʻRIYEV
(“Xalq soʻzi”) olgan suratlar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
- Buyuk shoirning Samarqanddagi tabarruk izlari
- Urush, jasorat va sport: hafta davomida dunyo eʼtiborini tortgan 10 ta surat
- “Humans” Oʻzbekistondan yuzlab million dollar zararni qoplashni talab qilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring