Ey tafakkur olamida fikri daryo doʻstlar

Arxiv surat
Chustiy tavalludining 120-yilligiga
Joriy yilda atoqli shoir Chustiy tavalludining 120-yilligi nishonlanmoqda. Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi, Vazirlar Mahkamasining alohida farmoyishi bilan oʻtkazilayotgan shoirimizning tavallud ayyomi barcha eldoshlarimizga qutlugʻ boʻlsin, deymiz.
Ushbu maʼrifatparvar ijodkor haqida, u kishining “Saylanma”si uchun soʻz yozib berish fikri xayolimda ham boʻlmagan tigʻiz va tiqilinch kunlarda masʼul noshirlardan shunday taklif tushganiyu, men uni hech ikkilanmasdan darrov qabul qila qolganimning boisi bor, albatta. Ikkinchi tomondan, “Chustiy domla bilan koʻrishmagan, gaplashmagan boʻlsam, nima ham deyishim mumkin...” degan ishtiboh koʻngilni chimchilab turar, ayni damdagi andakkina bezovta boʻlib turishim shundan edi.
Biroq eng yaxshi suhbatdosh va gurungdosh shoirning asarlari — sheʼrlari, gʻazallari ediki, men har holda bundan ozroq xabardor edim.
Bu orada ancha-muncha kitob va manbalarni titkilashga toʻgʻri keldi. Shoir boboning tarjimayi holiga doir ajib va kutilmagan maʼlumotlar, qiziq va ajabtovur gaplar, istibdod zamonida u kishining boshiga tushgan turfa savdolardan boxabar boʻlib, tang ahvolda qolganimni ham aytishim kerak. Buni qarangki, Chust va Qoʻqondagi eski maktab va madrasalarda taʼlim olgan Chustiy domla Mir Alisher Navoiy tavalludining 500-yillik sanasini oʻtkazishga tayyorgarlik munosabati bilan Toshkentga ishga chaqirilgan ekan. Shu yillar davomida Muqimiy teatrida adabiy emakdosh va direktor, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Adabiyot fondida direktor vazifalarida ishlash barobarida, asosan, mumtoz sheʼriyat yoʻlida samarali ijod qilib, gʻazal, muxammas, musaddas, murabba, ruboiy, tuyuq va masnaviylar yozib, bu borada anchayin shuhrat qozongan shoir sifatida elga tanilib boʻlgan edi. Manbalarga koʻra, “...Ikkinchi jahon urushi yillarida faol ijod qilib, vatanparvarlik va qahramonlik mavzularida qator sheʼriy hamda dolzarb sahna asarlari ham yozgan” ekanlaru, eng ajablanarlisi, bir kun kelib, ana shunday ijtimoiy faol va hozirjavob shoiri zamon Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari safidan oʻchirilgan ham ekan!..
“Zamon nozik, doʻppim tor edi” deyilganidek, keyinchalik, oradan ellik-oltmish yillar oʻtib, XXI asrning oʻn uchinchi yili, avji istiqlol zamonida, ustoz Erkin Vohidovning “Muhabbatnoma” devoniga muqaddima boʻlmish “Chustiy haqida soʻz” bagʻishlovida shunday xotiralarni oʻqiymiz:
“Chustiy xushchaqchaq, hozirjavob va dilbar inson sifatida tasavvurimga muhrlangan. Mumtoz adabiy maktab anʼanalari ruhida tarbiya topgan Chustiyning sobiq sovet davri sharoitidagi hayotida koʻpgina yoqimsiz hodisalar boʻlgani maʼlum. Yozuvchilar uyushmasi aʼzoligidan oʻchirilgani, asossiz-asosli tanqid va tahqirlar har qanday ijodkorni “sindirishi” mumkin edi. Ammo men Chustiy bilan koʻp marotaba har xil sharoitda uchrashgan boʻlsam ham, uni hech qachon hazin, ruhan ezik, umidsiz holda koʻrgan emasman. Chustiy oʻz gʻam-gʻussasini ichiga yuta biladigan, kishilarni oʻzining motamiga emas, bayramiga hamroh va hamdam etadigan ajoyib inson edi. Togʻam rahmatlining xonadonida boʻladigan suhbatlarda Chustiy mumtoz adabiyotning bilimdoni sifatida ham davraning muhabbatiga sazovor edi...”
Ustozning eʼtirofiga koʻra, adabiyotimiz tarixida butun bir avlod javlon urganki, uning xizmati hali oʻzining toʻla bahosini olgan emas. Oʻtgan asrning 20-yillarida boy madaniy va adabiy merosimizga ixlosimiz qoralandi, oʻtmish madaniyatimizni oʻrganish man etildi. Keyinroq bu sohada ancha yengillik paydo boʻlgan boʻlsa ham, avvalgi salbiy munosabatning kasofati maʼlum darajada sezilib turdi va merosimizni haqiqiy keng miqyosda oʻrganishga toʻsiq boʻldi. Hatto oltmishinchi yillarda ham, masalan, ming yillik sheʼriyatimizning shakli boʻlgan aruzga salbiy munosabat rasmiy ravishda “kattalar”ning nutq va maqolalarida aniq izhor qilingan.
Uzoq hukm surgan ana shu inkorchilik sharoitida, deya oʻsha davrga baho berarkan, Erkin aka oʻzi suv ichgan daryolarni ham bir-bir eslab oʻtadi: Soʻfizoda, Xurshid, Habibiy, Charxiy va Chustiy kabi shoirlar mumtoz adabiyotimiz anʼanalarini davom ettirdilar va bu anʼanalarning hayotiyligini isbot qilishdan toʻxtamadilar. Ularning ijodi oʻz qudrati va mahorati, ayniqsa, xalqqa yaqinligi bilan yosh sheʼriy avlodni ham anʼanaviy sheʼr yozishga daʼvat etdi. Shunday qilib, Chustiy va uning hamkorlari oʻtmish adabiyotimiz oʻrtasiga koʻprik solib berdiki, bu jasur qadam va katta tarixiy xizmatdir.
Yuqorida keltirilgan fikr va mulohazalarning uzviy davomi sifatida boshqa bir iqtibosni ham eslatib oʻtmoq lozim. Izzat Sulton domla yozib qoldirgan ekan:
“Adabiyotimizni, uning eng muhim vositalarini himoya qilishning birdan-bir yoʻli mumtoz adabiyotimizda ming yillardan beri qoʻllanilib kelgan aruzni ijodda davom ettirish edi. Sobiq totalitar tuzum davrida esa aruz va aruzda ijod qilgan shoirlarga qarshi qattiq hujum va kurash borardi. Oʻsha sharoitda Chustiy kabi haqiqiy shoirlarning ijodida markaziy oʻrin tutgan aruz oʻziga nisbatan munosabatning mutlaqo xato ekanini qayta-qayta isbotlab turardi... Mamlakatimizda aruz sohasida ham adolat gʻalaba qozongan ekan, demak, Chustiy ijodi va jurʼatining bu boradagi qimmati juda kattadir.
Bugungi zamonlarning sadagʻasi ketsang arziydiki, gapni qarang, tuzumni qarangu uning temir changallarini qarang: butun bir xalq, yaxlit bir millatning ming asrlik adabiy, ruhiy va maʼnaviy qalb xaritasini belgilab bergan aruz atalmish nazmiy anʼana qatagʻonga uchrasa, tahqirlansa?! Bugungi yoshlar, bugungi navqiron kitobxonlar anglasin, tasavvur hosil qilsin degan niyatda qamrov va koʻlamni nima uchun keng va moʻl olganimizni tushungandirsiz...”
Shu bois ham oʻsha davrda — 1977-yil sanasi bilan har biri oʻn ming nusxadan — jami yigirma ming nusxada oʻzbek va rus tillarida chop etilgan “Sovet Oʻzbekistoni adiblari” — “Pisateli sovetskogo Uzbekistana” maʼlumotnoma kitoblarida Chustiy domla haqida lom-mim deyilmagan. Goʻyo u kishi bu safda mutlaqo yoʻqday, boʻlmaganday, bu qatordan butunlay badargʻa qilinganday. Zamon charxi — bor, munglugʻ koʻzlari tutqundayin moʻltirab qarab turgan Charxiy bor, charxi kajraftor boru shoir Chustiy yoʻq. Chustiy nomi papurusning qogʻoziday shu sariq qogʻozginaga ham ravo koʻrilmagan! Beixtiyor Erkin akaning “Ey munaqqid, sen gʻazalni koʻhna deb kamsitmagil, Sevgi ham Odam Atodin qolgan inson qonida” degan mashhur satrlari yodga keladi. Birinchi misradagi “munaqqid” soʻzidan timsolan temir-beton panjali zobit zamon nazarda tutilganini zukko oʻquvchi darrov ilgʻagani aniq.
Chustiy muallimning “Boʻlsa, bas!” nomli musaddasida bitilgan mana bu oʻtli misralar ham oʻsha dilgir va xafaqon kunlarda yozilgan boʻlsa, ajabmas:
... Odam avlodiga hargiz boʻlmasin dunyo qafas,
Olmasin rayhonlar oʻrnin gulshan ichra xoru xas,
Bu jahon bulbullari men birla boʻlsin hamnafas,
Menga olam tinch boʻlib, doʻstlar salomat boʻlsa, bas.
Bu sheʼrni men yaxshi bilardim. Bu sheʼrni biz koʻpchilik yoru oshnoyu joʻralar bundan qirq-qirq besh yillar avval qoʻshiq qilib, xirgoyi qilib aytib yurganmiz. Oʻzbekiston xalq artisti, otashnafas sanʼatkorimiz Sherali Joʻrayev avji haddiga chiqarib, toshib va joʻshib kuylagan bu va yana “Kerma manmanlik bilan oʻrnida turgan qoshni” singari qoʻshiqlari biz, oʻsha paytda toshqin solib yurgan bir gala oshiqu oshifta yosh shoirlar va muxlislar uchun ham bagʻoyat sevimli va dilkash edi. Oradan salkam yarim asr oʻtibdiki, bu dilbar navolar hamon biz bilan birga, shoirimiz yoʻq, ulugʻ hofizimiz ham, Alloh rahmat qilsin, Koʻkcha qabristonida yotibdilar, ammo gʻazallari, qoʻshiqlari biz bilan yoʻldosh, safardosh, gʻussaga botganimizda, bir eshitsak — tamom, koʻngillar yayrab, bogʻu boʻstonday yashnab ketamiz:
Odam oʻgʻli boʻlmagaysan, boʻlmasa xalqing rizo,
El seni sharmanda deydur, qilmasang sharmu hayo.
Pok dillar kir yuraklar birla boʻlmas oshno,
Na qilay unday koʻngilni, boʻlmasa unda vafo?
Saqlamas sanduqda hech kim qimmati yoʻq toshni.
Nokerak boʻlma jahonda doimo darkor boʻl,
Gul kabi chehrang ochib yur, xalq uchun gulzor boʻl.
Bagʻrida yayratgan eldan shodu minnatdor boʻl,
Qoʻlga sanchilma tikondek, balki beozor boʻl.
Keksa ham hurmat qilur odobi boʻlgan yoshni.
Oʻzbekona aytganda, odam eshitganda ham, oʻqiganda ham maza qiladi, toʻgʻrimasmi!
Chustiy domlaning barchamizni to hanuz hayratga solib kelayotgan, bir misrasini sarlavhaga chiqarganimiz “Oqibatni kim bilur?” nomli muxammasi boʻlib, shoir boboning goʻzal nazmiy bitiklari qatorida shak-shubhasiz alohida maqom va mavqega munosibdir. Men oʻzim bu muxammasni ilk bor sheʼr va qoʻshiq tarzida, jonli ijroda taniqli hofiz Neʼmatjon Qulabdullayevdan eshitganman. Bir guruh shoirlaru sanʼatkorlar avtobusda Toshkentdan Bekobod sari adabiy-maʼrifiy uchrashuvga ketayotgan edik, ustoz Jumaniyoz Jabborov bosh bakovul, Neʼmatjon aka dutorini olgan, yoʻlning tanobini bildirmaslik uchun sheʼrxonlik, hazil-mutoyiba qilib borayotirmiz. Yoʻlning ikki tomoni keng dashtu dalalar boshlanadigan qismiga kelganimizda Jumaniyoz akaning iltimosi bilan hofizimiz dutorini gʻilofdan chiqarib, pardasini asta sozlab, zamzamani boshladi:
Ey tafakkur olamida fikri daryo doʻstlar,
Bir savolimga javob bergaymu dono doʻstlar,
Bilgali bir sir iloji bormi aslo doʻstlar,
Hayratimni orttirar har dam bu dunyo doʻstlar,
Telba etmasmu meni oxir bu savdo, doʻstlar.
...Oqibatning chehrasi shunday uzoq, pinhon ekan,
Qancha donishmand esa, bu maʼnida nodon ekan,
Hay darigʻ, oz vaqt uchun inson aziz mehmon ekan,
Qolsa yaxshi nomi elda, Chustiy bearmon ekan,
To abad qolgay yuraklarda bu siymo, doʻstlar.
Qoʻshiqning avj pardalariga kelganda, ayniqsa, “Bogʻu rogʻim kimga qolgay, kim uchun dogʻim qolur, Bu muammo, bu muammo, bu muammo, doʻstlar” yoki “Bu taajjubdir, taajjubdir, taajjubdir ajib, Menga pinhon, kimga maʼlumdir bu maʼno, doʻstlar” baytlarini koʻzlarini yumib, astoydil nolakor ohangda aytar ekan, Neʼmatjon aka hozir hammani sel qilib, oʻzi ham sel boʻlib, butkul sehrlanganday bir samoviy holatda ediki, avtobusdaligimiz ham esimizdan chiqqan ekanmi, yoʻlning bir oʻnqiriga tushgan gʻildirakdan nazm va navo avtobusimiz qattiq silkinib ketganda oʻzimizga keldik...
Oʻshanda Neʼmatjon aka koʻpchilik yosh sanʼatkorlaru shoirlar mumtoz adabiyotni bilmasligi, gʻazal oʻqimasligiyu Chustiy ijodidan mutlaqo bexabar ekanligidan hasrat qilgan edi...
Men yana Chustiy domla qalamiga mansub juda koʻp sheʼru gʻazallarni, misol uchun, bugungi kungacha ahamiyatini yoʻqotmagan “Yaxshi ota-onadir”, “Ota hurmati”, “Aqli raso boʻlsin”, “Farzandlar uchun”, “Dam gʻanimat” singari koʻplab axloqiy-tarbiyaviy mavzudagi sheʼrlarini, oʻsha zamon tazyiqlariga xuddi javob tarzida yangraguvchi “Aruz ilhomi” muxammasi, “Kim yetdiyu, kim yetmadi”, “Kim keyin, kim ilgari” singari oʻnlab gʻazal va muxammaslarini aytib oʻtishim mumkin. Bu asarlar shunchaki ermakka yozilmagan, har satri, har baytida katta bir yurakning, bedor-beorom bir qalbning uygʻoq sadolariyu tugʻyonlari gupurib eshitilib turadi.
Domlaning “Indamaslar olami” masnaviy dostoni alohida mavzu. Oʻsha qiyin va qabohat yillarda ham tiniqli sanʼatkorlar tomonidan qoʻshiq qilib aytilganda, salkam ming kishilik davralarning chinqiriq sukunatiga guvoh boʻlganmiz. Demak, odamzod faqat yaxshilik uchun yaralgan, yaxshilik uchun odam bolalariga umr berilgan. Qadr etib, qadr topib, elu yurt uchun fido boʻlib yashamoqning saodatiyu odamzodning oʻkinch va armonlarini oʻzida mujassam etgan bu dostonning vazifasi bilan ahamiyati hech qachon eskirmaydi. Chustiy domlaning oʻlmas ijodi sifatida to aruz, to nazm saltanati mavjud ekan, bu asar yashayverishiga, uni bitgan shoir ham barhayotligiga kafolatdir bu.
Modomiki, gap saylanma asarlar xususida ketar ekan, aziz kitobxonlarni Chustiyning oʻzlari orzu etgandayin ancha mukammal va tugal-toʻkis tayyorlangan bu yemirilmas muhtasham nazmiy obida bilan yana bir karra muborakbod etamiz.
Nazmiy tariximizdan maʼlumki, Navoiy bobomizning avlodlarga qarata bitgan nasihatnoma sheʼrlari bor, Hofiz Sheroziy, Saʼdiy nasihatnomalari bor. Soʻzimizni Chustiy domlaning “Vasiyatnoma”sidagi dardli va armonli baytlari bilan yakunlamoqni lozim topdik:
Odamiy boʻl, odamiy boʻl, odamiy,
Senda boʻlsin odamiylarni gʻami.
Bu ulugʻ hikmat Navoiyni soʻzi,
Maʼni aflokini yorugʻ yulduzi.
Doimo oʻtganlaringni yod qil,
Ruhi pokin esla, har dam shod qil.
Ota-ona ruhini qilsang rizo,
Hurmating farzandlaring aylar bajo.
Ayla doim yaxshilik bogʻida sayr,
Jannatul — Firdavs aro koʻrguncha xayr!
Fotiha chogʻida siz aylab karam,
Yod etingiz kamtarin Chustiyni ham.
Sirojiddin SAYYID,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Endilikda muddati oʻtgan tovarlarning sotilishi avtomatik ravishda cheklanadi
- Xorijiy tillarni oʻrganmoqchi boʻlgan yoshlarga “2+6” dasturiga muvofiq subsidiya ajratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring