Dushanbeda qabul qilingan bitim Oʻzbekistonda ratifikatsiya qilinishi mumkin

15:08 30 Iyul 2024 Hujjatlar
449 0

Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Qozogʻiston Respublikasi, Qirgʻiz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida yoshlarga oid siyosatning umumiy yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi Bitimni (Dushanbe, 2023-yil 14-sentyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Maʼlum boʻlishicha, ushbu bitimni tuzish tashabbusi 2022-yil 21-iyulda Choʻlpon-Otada oʻtkazilgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining IV maslahat uchrashuvida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan edi.

“Bitim — mintaqa yoshlarini birlashtirish va oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash yoʻlidagi muhim hujjat hisoblanadi”, deyiladi xabarda.

Mazkur Bitim Markaziy Osiyo davlatlarida davlat organlari va muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari oʻrtasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga hamda tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash borasida oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.

Bitimning asosiy yoʻnalishlari sifatida yoshlarni Markaziy Osiyo davlatlarining ijtimoiy, madaniy, siyosiy va iqtisodiy hayotiga jalb qilish, yoshlarning jamiyat hayotidagi roli va faolligini oshirish, sogʻlom va barkamol yosh avlodni tarbiyalashga qaratilgan turli dasturlarni ishlab chiqish, taʼlim muassasalarida tahsil oluvchi yoshlar oʻrtasida ochiq va sifatli taʼlim olishni taʼminlash kabi bir qator yoʻnalishlarni qamrab olgan.

Shuningdek, bitimni ratifikatsiya qilish orqali isteʼdodli, iqtidorli va qobiliyatli yoshlarning ijodiy faoliyatini rivojlantirishga koʻmaklashish va har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, yoshlar oʻrtasida ixtiyoriy (volontyorlik) harakati faoliyatini ragʻbatlantirish va targʻib qilish, Markaziy Osiyo xalqaro taʼlim yoshlar turizmini rivojlantirishga koʻmaklashish va yoshlar auditoriyasi uchun moʻljallangan turizm infratuzilmasini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash kabi imkoniyatlardan yanada kengroq foydalanish mumkin boʻladi.

Avvalroq, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Tashabbusli byudjet” doirasida bir mahalla qayta-qayta gʻolib deb topilmasligi muhokama qilingandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?