Dunyoda maymun chechagi kasalligi yana avj ola boshladi — JSST

21:44 13 Iyul 2024 Dunyo
1056 0

Dunyoning baʼzi mamlakatlarida mpox (maymun chechagi) virusi yana faollashmoqda. Bu haqda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga asoslanib Sogʻliqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, kasallik shu yil 8-maydan 2-iyul sanasiga qadar Janubiy Afrika Respublikasida yashovchi 20 nafar bemorda aniqlangan. Infeksiya oqibatida 3 kishi hayotdan koʻz yumgan. Bu mintaqada 2022-yildan buyon qayd etilgan ilk holat.

Bungacha besh kishiga maymun chechagi tashxisi qoʻyilgan, biroq oʻlim holatlari qayd etilmagandi. 2024-yilning 1-mayidan 31-mayiga qadar 26 ta davlatda ushbu virusni yuqtirgan 646 nafar bemor roʻyxatga olingan.

Eng koʻp kasallanish koʻrsatkichlari Afrika (43,5 foiz), Yevropa (21,8 foiz) hamda Janubiy va Shimoliy Amerika (20,4 foiz) mintaqalari hissasiga toʻgʻri kelgan.

Qayd etilishicha, epidemiyadan Kongo Demokratik Respublikasi aholisi jiddiy aziyat chekkan. Bu yerda may oyida 377 ta yangi holat aniqlangan.

Maʼlumot uchun, Butunjahon sogʻliqni saqlash tarmogʻi 2022-yilda maymun chechagi epidemiyasini pandemiya deb eʼlon qilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?