Dunyoda yoʻq bundayin daftar

16:16 04 Mart 2026 Jamiyat
283 0

Bundan besh olti yil ilgari mahallamizda tadbirkor ayollar deyarli yoʻq edi. Ishtiyoq va qobiliyat bor boʻlsa-da, ammo imkoniyat yetarli emasdi. Mahallalarda “Ayollar daftari” joriy etilganidan keyin vaziyat oʻzgardi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz ayollar roʻyxatga olinib, ularni qoʻllab-quvvatlash mexanizmi yoʻlga qoʻyildi. Koʻplab xotin qizlar oʻz biznesini boshladi, turli sohalarda mustaqil faoliyat yuritish imkoniga ega boʻldi. Mahallamizda ham bu oʻzgarishlar yaqqol sezildi. Bu yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, qishloq xoʻjaligi sohasida tadbirkorlik faoliyatimni boshladim. Dastlab moliyaviy koʻmak berildi, zarur shart sharoit yaratildi. Bu qoʻllab-quvvatlash menga ishonch bagʻishladi. Ilgari rejalarimni amalga oshirishga ikkilanardim, bugun esa aniq maqsad va barqaror daromadga egaman.

Tomorqamdagi issiqxonada gidroponika usulida qulupnay yetishtiryapman. Ushbu usul tuproqsiz, suv va mineral moddalar orqali ekin parvarishlash imkonini beradi. Natijada serhosil va sifatli mahsulot olinadi. Farzandlarim bilan birgalikda yil davomida hosil olishga erishyapmiz. Bugun qulupnaylarimiz bozorga chiqarilmoqda. Yaxshigina daromad keltiryapti.

Zamonaviy texnologiyalar mehnatni yengillashtirdi, samaradorlikni oshirdi. Ilgarigidek mavsumiy qiyinchiliklarga bogʻlanib qolmasdan, yil davomida rejali ishlash imkoni yaratildi. Bu esa oila farovonligiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Mamlakatimizda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan eʼtiborni alohida taʼkidlash joiz. Yaratilayotgan imkoniyatlar, amaliy yordam va ishonch uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildiraman.

Iqlim UZOQOVA

(Surxondaryo viloyati)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер