Dunyo rekordini yangilagan mingbuloqlik Toʻmaris

00:20 10 Sentyabr 2024 Jamiyat
635 0

Fransiyaning Parij shahrida oʻtkazilgan XVII yozgi Paralimpiya oʻyinlarida para yengil atletika boʻyicha ayollar oʻrtasida “F54” klassida nayza uloqtirish dasturining final bahsida 21.12 metr natija qayd etgan hamyurtimiz Nurxon Qurbonova jahon rekordini yangiladi va delegatsiyamiz hisobiga 10-oltin medalni taqdim etdi. Nurxon bundan avval, 2-sentyabr kuni “F54” klassida yadro uloqtirishda 7,75 metr natija koʻrsatib, bronza medal olgandi. Darvoqe, “F54” klassida nayza uloqtirish boʻyicha amaldagi jahon rekordi ham aynan Nurxonga tegishli boʻlgan. Para atletimiz shu yil Yaponiyada boʻlgan jahon chempionatida 20.73 metr natija bilan jahon rekordini yangilashga muvaffaq boʻlgan edi. “Tokio — 2020” Paralimpiyasida esa kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritgan.

Mingbuloq tumanidagi Madaniyat mahallasida tugʻilib oʻsgan matonatli sportchi bilan Parij safariga joʻnashidan bir muddat avval uchrashgan edik. Nurxon suhbat chogʻida nogironligi sabab mahzun kechgan bolaligi, iztirobli kechinmalari, qiyinchiliklarni yengish yoʻlidagi sabot, sport olamiga kirib kelishi, muvaffaqiyatga erishishida tirgak boʻlgan insonlar haqida soʻzlab berdi.

Quvonch va tashvish egizak

— Bolaligimda judayam uyatchan, tortinchoq, lekin oʻziga yarasha shoʻx qiz boʻlganman. Daraxtma-daraxt sakrab yurish doimiy mashgʻulotlarimdan boʻlgan. Uydagilar “karatechi qizim” deb erkalatishardi. Chaqaloqligimdan umurtqamdan bittasi yetishmasdi. Shu sabab oyogʻimdagi asab tomirlarini qisib qoʻyib, 16 yoshga kirganimda dard keskin kuchaydi. Oyogʻim menga boʻysunmay borardi. Nachora, qoʻltiqtayoqda yurishga majbur boʻla boshladim. Uyatchan va yana tinmaydigan qiz bunaqa holatga tushib qolsa… Boshiga tushgan odamgina buni tasavvur qilolsa kerak, — deya xotirlaydi Nurxon. — Bilasizmi, oʻshanda hayot menga shunaqa rangsiz — oq-qora boʻlib koʻrinardi-da. Bor maqsadim-u orzularimni yoʻqotib qoʻygan odamga aylanib qolayotgandek edim. Aslida dunyo kezishni, sayohatga chiqishni orzu qilardim. Musavvir boʻlishni ham niyat qilgandim. Afsuski, taqdir taqozosi bilan imkoniyatlarim cheklanib qoldi.

Keyin oʻylab koʻrsam imkoniyatim cheklanib qoldi, deyishim notoʻgʻri ekan. Oyogʻingiz yurmay yoki koʻzingiz koʻrmay qolsa, endi iloji yoʻq, degani emas. Bunaqa paytda odamning oʻzi imkoniyatini cheklab qoʻyadi. Agar inson xohlasa, hamma narsaga erishishi mumkin ekanligini amalda isbotlashga ahd qildim…

2016-yili Fargʻona viloyatidagi imkoniyati cheklanganlar uchun maxsus kasb-hunar kollejiga oʻqishga bordim. Haqiqatan ham hech bir ilojsiz holatga tushgan tengqurlarimni uchratdim. Ularni koʻrib, Allohga shukur deganman, yurmasam ham. Qarasangiz, umuman muhit boʻlakcha… Chinakamiga imkonsiz bolalar edi ular. Qoʻl-oyogʻi butun, lekin aqli zaif. Ana shular oʻrniga oʻzimni qoʻyib koʻrib, oʻyga tolganman: agar oyoqlarim sogʻu aqlim zaif boʻlib qolganimda bormi? Unda nima boʻlardi?..

2017-yili para yengil atletika ­boʻyicha Muhayyoxon Parpiyevaga shogird tushdim. U meni boshlangʻich mashgʻulotlardan olib oʻtib, katta sportga tayyorlay boshladi. 2018-yilning noyabrida keyingi murabbiyim Yahyobek Yakubov shogirdlikka oldi. Ancha mashgʻulotlardan soʻng, 2019-yili yaxshi niyat bilan Oʻzbekiston chempionatida qatnashdik. Ne baxtki, uchta oltin medalni qoʻlga kiritganmiz.

Birinchi marta yurolmay qolganimda, tengdoshlarimga havasim kuchli boʻlgan. Hammalari papka koʻtarib oʻqishga borishardi. “Universitetga kiraman, bunaqa institutda oʻqiyman”, deb maqtanishardi. Dugonalar, kursdoshlar uchrashib, kafelarda yayrab oʻtirishardi. Ichim qizirdi, judayam havas qilardim. Biroq shunday chogʻlarda yolgʻizlanib qolganday sezardim oʻzimni…

Sportga ilk qadam qoʻygan chogʻlar hech esimdan chiqmaydi. Atrofga qarab qoʻrqib ketganman. Sogʻlom bolalar yugurib yurishibdi. Bokschilar mashgʻulot bilan band. “Voy, shuncha odam ichida shugʻullangani uyalaman”, derdim. Tashqariga mashgʻulotga olib chiqishsa ham yugurib ketayotgan sogʻlom oʻgʻil-qizlar xuddi menga qarab gapirayotgandek, mazaxlayotgandek judayam noqulay his etardim oʻzimni.

Hayotdagi unutilmas ikki zarba

Nurxonning soʻzlarini diqqat bilan tinglashda davom etamiz:

— 2019-yilning iyun oyida Tunis shahriga klassifikatsiyadan oʻtish uchun yuborishdi. Oʻzim yolgʻiz ketdim. “Agar 56 klass olib qolsangiz, siz bilan xayrlashamiz” deyishgan.

Afsuski, shunday klass berishadi. Umurtqangizni qayerigacha ishlab, ishlamayotganga qarab klassifikatsiya belgilanadi. Menda umurtqalarim, umuman, bel soham yaxshi ishlamasdi. 56 klass olganimda, natijalar boʻyicha ular bilan bahs olib borolmasdim. Judayam mushkul boʻlardi. Chunki ularning natijalari yuqori. Ketayotganimda, shunday de­yishgan. Rosa qoʻrqqanman.

Klassifikatsiyadan oʻtolmay qol­sam, sportdan ketishimga toʻgʻri kelsa-ya, degan oʻy tinchlik bermasdi. “Keyin nima bilan shugʻullanaman? Hayotimni qanday kechadi?” degan savollar qiynardi meni. Unda bugungiday imkoniyati cheklanganlar uchun OTMga kirishda imtiyoz yoʻq edi. Keyin borganimda, 54 klass oldim.

Oʻsha yili Dubay shahrida oʻtkaziladigan jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrdik. Men ishtirok etayotgan ilk katta musobaqa edi bu. Chempionatda natijalarim yaxshi boʻlgan. Lekin bizda ozgina tajriba yetishmadi. 5-oʻrin bilan kifoyalanganmiz. Bitta urinishimni hisoblashmagan. Bu hayotimdagi ikkinchi zarba edi. Xayolimdan “Sportni tashlab ketaman, yigʻishtiraman, boʻldi!” degan fikrlar kechgan.

Nima boʻlganda ham, hayotda intilib yashash kerak ekan: xoh siz nogiron boʻling, xoh sogʻlom. Agar istasangiz, xohlagan choʻqqingizni zabt etishingiz mumkin. Yiqilib, qoqilib tizzalaringiz shilinishi, bu — bor narsa. Lekin inson hayotda oʻzini qoʻlga olib, yana yurib ketishi uchun oʻzida kuch topa olishi kerak. Agar shu kuchni topolmasa, omadim kelmadi, hayot oʻzi shunaqa ekan, deya koʻnikadi. Lekin bunga rozi boʻlmang, siz harakat qiling.

Paralimpiadada 2016-yili Rio-de-Janeyrodan chempion boʻlib kelgan sportchilarni bilaman. Prezidentimiz ularga yengil mashinalar sovgʻa qilgan. Yonida bayrogʻimiz bilan “Rio — 2016” deb yozilgan stikeri bor edi. Oʻsha mashinani har safar koʻrganimda, havas qilardim — men ham Prezidentimizdan shunaqa sovgʻa olsam, deb.

2020-yili karantin davrida uy sharoitida qolib ketdik. Hattoki, oʻzimizning stadionlarda, fitnes zallarida ham mashgʻulot oʻtashga ruxsat yoʻq edi. Uyimizning yonida bolalar uchun maydoncha boʻlardi. Singlim bilan chiqib, murabbiyga qoʻngʻiroq qildik. Birgalikda astoydil shugʻullandik.

Odam xohlasa, imkoniyat topar ekan.

Sportda kutilmagan voqealar koʻp

— 2021-yilning fevralida Birlashgan Arab Amirliklarida oʻtkazilgan Gran-pri musobaqalarida nayza, yadro, disk uloqtirish turlaridan uchta oltin medalni qoʻlga kiritdim, — deydi suhbatdoshimiz. — Bu “Tokio — 2020” Paralimpiya oʻyinlariga litsenziyani olish, degani. Biz Yaponiyaga joʻnab ketishimizdan bir kun oldin nihoyatda quvondim. Chunki, eng katta orzum Olimpiadada qatnashish edi. Atrofimdagilarga, uyimdagilarga, ayniqsa, Vatanimga biror foydam tegishini istardim.

Tokioga yetib bordik. Karantin talablari juda kuchli. Musobaqa kunlarimiz aniq. Men oʻzimdan yuqori klassdagilar bilan tushishimga toʻgʻ­ri keldi. Chunki klassimizda musobaqada qatnashish uchun faqatgina ikkita odam buyurtma bergan. Agar 4 ta odam boʻlsa ham alohida bellashuv oʻtkazilmaydi. 6 yoki 8 tadan koʻp boʻlishi kerak.

Bizning musobaqamizni 55 klasslar bilan qoʻshgan holatda oʻtkazishdi. Eng kuchli raqibim — yadro uloqtirish boʻyicha jahon chempionatida birinchi oʻrinni olgan. Oʻsha bilan tushdik. “Xudo xohlasa, rekord oʻrnataman!” deb niyat qilgandim. 6-oʻrinni egallaganimda kayfiyatim juda tushib ketdi. Ichkariga kirganimda, bosh murabbiy “Oʻz klassingda rekord oʻrnatibsan. Jahon rekordini yangilading!” deb tabrikladi. Lekin medal ololmadim, deganimda “Sen oʻz klassingda boʻlganingda, oltin medal olgan boʻlarding” deb taskin berdi.

Ikkinchi turga tayyorgarlik koʻryapman. Sportchi bunday paytlarda juda hayajonda boʻladi. Ayniqsa, Olimpiya oʻyinlaridan medalsiz qaytib kelish uyatli, odamning qaddini bukadi bu.

Xitoylik, rossiyalik, meksikalik, tunislik kuchli raqiblarim bor edi. Shuning uchun tavakkal qilib oxirgidan bitta oldingi boʻlib otadigan boʻldim. Murabbiyim “Qizim, oʻz natijangdan oʻz. Xudo xohlasa, medalga imkoniyating bor” dedi. Otganimda 7,77 metrlik natija bilan bronza medalni qoʻlga kiritdim. Bayrogʻimizni oldim-u “Allohga shukr” deb baland koʻtardim.

Keyingi turgacha yana 4 kun vaqtimiz bor. Xonada medalimni xursand boʻlib ushlab qoʻyaman. “Rostdan medal menikimi?” deb ishongim kelmasdi.

Disk uloqtirayotganimda, ikki tarafga oʻrnatilgan katta tabloga koʻz yugurtiraman. Eʼlon qilishyapti: Oʻzbekiston! World rekord Uzbekistan! Yuragim dukurlab ketdi.

Yadro otgani tushganimda Vatanimiz bayrogʻi koʻrinyapti. “Nurxon, bu qoʻlingdan keladi. Sen bu yerga oʻzing uchun kelmagansan. Yelkangda Vatan shon-u sharafi turibdi, xalqning, Yurtboshingning ishonchi turibdi. Keyin shuni nega yaxshiroq bajara olmadim, deb afsuslanma! Boshqa davlatlarning sportchilari orasida oʻzbek qizi qanaqaligini koʻrsat!” dedim ichimda oʻzimga-oʻzim.

Rekordimni yangiladim. Va oʻzimga deyman: “Bu hali hammasi emas. Hali men koʻrsataman sizlarga oʻzbek farzandini, toʻmarislar avlodi qandayligini!..”

Oxirgi turda kumush medalni qoʻlga kiritganimda, bayrogʻimizni murabbiyim bilan teng koʻtardik. Lekin… Maqsadim oltin medalni olish edi.

Har bir sportchi uchun eng kuchli motivatsiya beruvchilar, bu uning oila aʼzolari boʻlsa kerak. Qoʻllab-quvvatlab, ishonch bildirib turgan ota-ona, aka-uka, yaqinlar. Oyimga mashgʻulotlarda qiynalib, tushkunlikka tushib, yigʻlab telefon qilsam, “Hayotda imkoniyating cheklangan boʻlsa ham yashash uchun imkoniyating chegaralanmagan, qizim. Sen harakat qilyapsan, kurashyapsan. Shuning oʻzi biz uchun katta davlat. Uyogʻi sekin-sekin boʻlaveradi, qizim. Hammasi yaxshi boʻladi. Men ishonaman”, deb dalda berardi.

Olimpiada tugab, yurtimizga qaytdik. Samolyotimiz yerga qoʻnishi bilan oʻzim bilmagan holda “Vatanim mening!” deb baqiribman. Hamma menga qarayapti… Aeroportdan chiqsak, turnaqator avtobuslar, behisob muxlislar… Hammasini biz uchun maxsus tayyorlashgan. Kichkinagina xizmatimizni Yurtboshimiz yuksak baholab, beqiyos eʼtibor bilan kutib olishadi, deb oʻylamagandik.

“Yangi Oʻzbekiston” bogʻiga borib, u yerga gul qoʻyganimizda, olamdagi eng baxtiyor qizdek his etdim oʻzimni…

Prezident ishonchidan kuch oldim

Nurxonning yuzi quvonchdan balqib, soʻzida davom etadi:

— Prezidentimizning huzuriga kirdik. Bilasizmi, davlat rahbari bilan yuzma-yuz turish qanday baxt?! Bu oʻzbek farzandi uchun juda katta orzuning ushalishi. Yurtboshimiz gapiryapti, men esa hayajondan koʻz yoshimni tiyolmayman.

“Afsuski, hozirgi vaqtda yoshlar orasida hayotda ozgina toʻsiq yoki qiyinchilikka uchrasa, oʻzini yoʻqotib, umidsizlikka tushib qoladigan, nojoʻya yoʻllarga kirib ketadigan yigit-qizlar ham yoʻq emas. Sizlar yoshlar bilan uchrashib, oʻz hayotingiz, mashaqqatli yoʻlingiz, qiyinchiliklarni qanday yengib oʻtayotganingiz haqida soʻzlab bersangiz, ular albatta, sizlarga ergashadi.

Sizlar taqdir sinovlariga mardona bardosh berib, sabr-toqat va shukronalik ruhi bilan, hayotda oʻz munosib oʻrnini topib yashayotganingizning oʻzi katta jasorat va qahramonlik namunasidir. Bunday insonlarning ibratli hayoti va faoliyati haqida xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz qanchalik koʻp xabardor boʻlsa, ulardan oʻrnak olib yashasa, bu jamiyatimizdagi maʼnaviy muhitni yanada sogʻlomlashtirishga xizmat qiladi” — deganlaricha yonimga kelib, koʻksimga “Oʻzbe­kistonda xizmat koʻrsatgan sportchi” unvoni koʻkrak nishonini taqqanidagi holatimni tushuntirib berishim qiyin. Juda katta hayajon! Hatto musobaqada ham bunchalik hayajonlanmaganman.

Koʻnglimning tub-tubiga maqsadlar qoʻydim: 2024-yili Parijda oʻtkaziladigan Paralimpiya oʻyinlarida bundan yaxshi natijalar koʻrsatib, yana bir marta u davlatimiz rahbari bilan uchrashaman. Xudo xohlasa, bu niyatlarimga ham yetaman!

Bir paytlar kichkina singlim Madina ozroq tushkunlikka tushib qolgan. Hayotga qiziqishi susaygan, oʻqishga hujjat topshirishga ham qiziqishi yoʻq. Hamma narsadan umidini uzgandek yashardi-da. “Mening qoʻlimdan kelmaydi” degan hissiyot kuchli boʻlgan. Oʻzimning mashgʻulotlarimga yetakladim, bajarayotgan mashqlarimni koʻrardi.

Keyin xonamizga kelganimizda aytardim: singlim, mening oyogʻim ishlamaydi. Men yurolmayman, lekin qara, hayotda baxtli yashash uchun harakat qilyapman. Nega sen ikkita oyogʻing, ikkita qoʻling, butun vujuding sogʻlom boʻla turib kelajak uchun kurashmaysan?! Harakat qil, degandim.

Hozir aytadi: — Opa, oʻsha paytlarda juda yaxshi ish qilgansiz. Gaplaringizdan oʻzimga kuch olganman…

Hayotda singlimning oʻz yoʻliga tushib keta olishiga qaysidir maʼnoda hissamni qoʻsha olganimni eslasam, dilim ravshanlashadi. Lekin oʻzimga ham oson boʻlmagan. Eng koʻp qiynalgan davrim ilk mashgʻulotlar payti boʻlgan. Sport maydonigacha 6-7 kilometr masofani bosib oʻtishga toʻgʻri kelardi. Koʻpincha yoʻlkiraga pulim boʻlmasdi. Yorqinbek Odilov degan yigit juda koʻp yordam bergan.

Baʼzan piyoda kross qilib yotoqxonaga qaytardim. Juda qiyin boʻlgan. Chunki qoʻllarim ogʻriganidan aravachadan divanga oʻtgani qiynalardim. Shunda ham toʻxtab qolmayman, kurashaman, yaxshi boʻladi, derdim. U yerda hatto taksi chaqirganimizda haydovchilar bizni olib ketishni xohlashmasdi. Aravachangiz sigʻmaydi, deyishardi doim. Olib ketgan yaxshi haydovchilar boʻlardi, indamasdan ketib qolganlari ham koʻp edi. Och qolib ketardim. Keyin piyoda yoʻlga chiqardim. Eh-he! Ne ogʻir sinovlar tushdi boshimga, hammasini matonat bilan yengdim.

****

…Nurxonning dadasi Gʻulomjonni yaxshi taniyman. Jarroh boʻlsada, sportga ixlosi kuchli. Yosh karatechilarga ustozlik ham qilgan. Onasi Dilfuza opa bir umr farzandlar tarbiyasi bilan mashgʻul boʻlgan, qiyinchiliklarga chidamli ayol. Nurxon ham sportdagi ilk saboqlarini, mashaqqatlarga dosh berishni ulardan olgani tabiiy. Bugun ota-onasi, akasi Jahongir, singillari Nigora, Madina, Rayhona, ukasi Boburjon millat faxriga aylangan matonatli qiz bilan qanchalik gʻururlashsa arziydi.

Bugun paralimpiyachilarimiz zafar tugʻini koʻtargan holda yurtimizga qaytishdi. Poytaxtda, qolaversa, barcha chempionlarning tugʻilgan goʻshasida ularni munosib kutib olishga hozirlik koʻrilgan. Ana shunday koʻtarinki ruh, Namanganda, Nurxon Qurbonova kamol topgan Mingbuloqda ham hukmron.

Qosimjon AKBAROV,

“Mingbuloq” gazetasi muharriri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер