Dual taʼlim bilan qamrov 5 barobar oshiriladi

14:45 15 Sentyabr 2025 Siyosat
75 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bir yil ichida 100 ta texnikumda Germaniya, Shveysariya, Xitoy, Koreya, Britaniya kabi davlatlarning taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, ularning eng ilgʻor kasbiy taʼlim dasturlari joriy qilinishi belgilandi.

Bundan tashqari, kasbiy koʻnikmasi bor istalgan talabgor ushbu texnikumlarda xorijiy davlatlarning malakani baholash tizimi orqali imtihondan oʻtib, xalqaro sertifikat olishi mumkin boʻladi.

Joriy oʻquv yilidan Angliyaning “Pirson” kompaniyasi bilan hududlardagi 14 ta texnikumda “BITEK” xalqaro dasturi boshlandi. Bu orqali yoshlar xalqaro standartlar asosida turizm, axborot texnologiyalari, tibbiyot, qurilish, logistika, elektrotexnika, energetika, mashinasozlik, biotexnologiya, kreativ iqtisodiyot kabi yoʻnalishlarda talab yuqori kasblarni egallaydi.

Kelasi yili sanoatda qariyb 45 milliard dollarlik 456 ta yirik loyiha boshlanadi. “Investor – tarmoq – texnikum” zanjiri asosida texnikumlarda dual taʼlim yoʻlga qoʻyiladi.

Korxonalar bilan aniq loyihalari boʻlgan texnikumlar oʻrtasida zamonaviy ustaxonalarni barpo qilish boʻyicha tanlov oʻtkaziladi. Tanlov gʻoliblariga ustaxona uchun zamonaviy uskuna va jihozlar, sport anjomlari olib beriladi.

Muloqotda dual taʼlim bilan qamrov 5 barobar oshirilishi taʼkidlandi.

Hamkor korxonalarni ragʻbatlantirish maqsadida ularga 5 milliard soʻmgacha imtiyozli kredit ajratilib, dual taʼlim orqali ishlayotgan oʻquvchilar boʻyicha yagona ijtimoiy toʻlov ikki barobar qisqartiriladi.

Ayni paytda yangi texnologiyalarni oʻzlashtirish, xorijiy investorlar bilan erkin muloqot qilish uchun chet tillarini oʻqitish juda muhimligi koʻrsatib oʻtildi.

Shu bois, texnikumlardagi xorijiy tillar uchun ajratilgan soatlar 4 karra koʻpaytiriladi.

Umuman, kelgusi yildan yangi raqamli platforma ishga tushiriladi.

Unda texnikum bitiruvchilarining kasbiy koʻnikmalari haqidagi barcha maʼlumotlar nafaqat oʻzimizning, balki xorijiy ish beruvchilar uchun ham ochiq-oshkora boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер