“Dori-Darmon” aksiyadorlik jamiyatining 2024-yil faoliyati yakunlari va 2025-yilga belgilangan rejalari haqida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»
Joriy yil 28-mart kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Dori-Darmon” aksiyadorlik jamiyatining 2024-yil faoliyati yakunlari va 2025-yil rejalari mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Ham iqtisodiy, ham ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan farmasevtika sohasiga davlat tomonidan keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Oxirgi yetti yilda farmasevtikada ishlab chiqarish ikki barobar oshgan, eksport hajmi esa 11 karra ko‘paygan. Bugungi kunda yurtimizda 3,5 ming turdagi dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqarilmoqda. 2025-yil 1 mart holatiga ko‘ra, O‘zbekiston farmasevtik bozorida dori vositalarini ulgurji realizatsiyasi bilan shug‘ullanuvchi korxonalar soni 466 tani tashkil etadi, shulardan biri bir asrlik tarixga ega bo‘lgan “Dori-Darmon” aksiyadorlik jamiyatidir.
Ulgurji va chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi jamiyat tizimida 1480 dan ortiq ijtimoiy dorixona va dorixona shoxobchalari faoliyat yuritmoqda, ularning 88 foizi qishloq hududlarida joylashgan. “Dori-Darmon” va uning hududiy bo‘linmalari Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi hamda boshqa davolash-profilaktika muassasalarining asosiy ta’minotchilaridan biri hisoblanadi. 2024-yil davomida sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli davolash-profilaktika muassasalariga 160,8 milliard so‘mlik, boshqa davolash-profilaktika muassasalariga 69,2 milliard so‘mlik, xususiy sektorga 30,5 milliard so‘mlik, QVP va QOPlarga 77,6 milliard so‘mlik hamda harbiy davolash muassasalariga 2,9 milliard so‘mlik dori vositalari va tibbiyot buyumlari yetkazib berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yildagi 204-son qaroriga muvofiq, ambulatoriya sharoitida dori vositalari bilan imtiyozli ta’minlanish huquqiga ega bo‘lgan 14 toifadagi shaxslar ro‘yxati belgilangan bo‘lib, 2024 yil davomida mazkur shaxslarga 408 716 ta resept asosida 31 milliard 755 million so‘mlik dori vositalari va tibbiy buyumlar bepul berildi. Shuningdek, jamiyatning reimbursatsiya dasturiga ulangan dorixonalari orqali jami 4,6 milliard so‘mlik dori vositalari bemorlarga elektron resept asosida bepul tarqatildi. Reimbursatsiya dasturi doirasida gipertoniya va yurak ishemik kasalligi, qandli diabetning 2-turi, bronxial astma, o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi bilan dispanser nazoratida turgan bemorlar oilaviy shifokorga murojaat etib, dorixonalardan 27 turdagi dori vositalarini bepul olishlari mumkin.
Bugungi kunda jamiyatga qarashli 89 ta, shu jumladan, Sirdaryo viloyatidagi 44 ta va Toshkent shahridagi 45 ta dorixona va dorixona shoxobchalari reimbursatsiya dasturi bo‘yicha ish olib bormoqda. jamiyat tizimidagi kompaniyalarga qarashli dorixonalarda ham mazkur dasturni joriy etish ishlari boshlab yuborilgan. 2024-yilning avgust oyida “Dori-Darmon” aksiyadorlik jamiyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda yangi ijtimoiy loyihani amalga oshirdi. Loyiha doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga murojaatlar asosida peshob qabul qilgich (mochepriyemnik) yetkazib berilmoqda. Loyiha ish boshlaganidan to 2024-yil yakuniga qadar 600 dan ortiq mochepriyemnik tarqatildi.
Jamiyatga 2024-yil davomida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 7664 ta murojaat kelib tushdi. Shulardan 290 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasidan, 102 tasi jamiyatning veb-sayti orqali, 33 tasi jamiyatning botiga, 16 tasi esa yozma shaklda yo‘llangan. Shuningdek, jamiyatning (78) 120-16-61 ishonch telefoni orqali 7223 nafar fuqaro murojaat qilgan. Murojaatlarning asosiy qismi dori vositalarini topishda va olishda ko‘mak so‘rash, shuningdek, bo‘sh ish o‘rinlari haqida bo‘lgan bo‘lib, barchasi tegishli mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, ijobiy hal etilgan holda asosli javob qaytarildi.
Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Bahodir Jalolov professional boksda ilk bor toʻliq 10 raund jang oʻtkazdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring