Doʻppi tikdim ipaklari tillodan...

15:04 06 Noyabr 2025 Jamiyat
246 0

Margʻilon azaldan hunarmandlar yurti. Koʻhna kentga ipakchilar shahri maqomi berilgani ham bejiz emas. Bu hududlarda ota-bobolardan meros yumushlar avloddan avlodga oʻtib, oʻzgacha mehr va ishtiyoq bilan davom etmoqda. Margʻilonning yon-atrofidagi Toshloq, Qoʻshtepa tumanlarida ham qadimdan hunarmandchilik yaxshi rivojlangan. Ayni paytda Qoʻshtepada deyarli har bir mahallaning hunarmandchilik sohasida oʻz udumi, anʼanalari bor. Aytaylik, “Soyboʻyi” mahallasi aholisi mohir doʻppidoʻzligi bilan tanilgan. Bu sohada ellik yildan ziyod tajribaga ega Otkaxon Hakimova mahalla doʻppidoʻzlari ustozi. U bolaligida onasi Obidaxon ayadan doʻppidoʻzlikni oʻrganib, bir umr shu hunarga sodiqligini isbotladi.

— Hunar – hunardan unar, hunarlining ishi – unarli, derdi onam. Darhaqiqat, hunarli aslo xor boʻlmaydi. – deydi Otkaxon opa. — Doʻppidoʻzlik ham boshqa hunarlar singari shunchaki qoʻl mehnati emas, balki xalqimizga xos donishmandlik, oqillik, yaratuvchanlik va bunyodkorlik timsoli. Ajdodlar va avlodlar oʻrtasidagi uzviylikni taʼminlab kelayotgan mustahkam rishta. Erkaklar va ayollar uchun tikiladigan keng assortimentdagi doʻppilarning har bir guli, bezagi oʻziga xos maʼno-mazmunga ega. Doʻppining har bir jilosida qoʻli va qalbi gul momolarimizning orzu-umidlari mujassam. Masalan, undagi oy, yulduzlar, kiprik, qosh kabi timsollar yil fasllarini, oʻzbek ayolining ibo-hayosini aks ettiradi. Bunday ramz va timsollar orqali onaning bolaga, oilaga mehri, oʻz bagʻrida opichlab katta qilgan qadrdon yurtga sadoqatini his etish mumkin.

Mustaqillikkacha chevarlarga oson boʻlmagan. Kunduzi koʻcha darvozasiga katta qulf osib, kechalari oy yorugʻida ming azobda tayyorlangan mahsulotni bozorda sotish yanada azob edi. Nazoratchilar hunarmandlarni bozordan quvib, mahsulotlarini zoʻrlik bilan tortib olgan. Otkaxon opa ham onasi bilan Margʻilon bozorlarida nazoratchilardan qochib yurishgani, doʻppilari oyoqlar ostida xor boʻlganini koʻzda yosh bilan eslaydi.

— Bugun emin-erkin ishlab, bu borada berilayotgan imtiyozlardan foydalangan holda tadbirkorlik faoliyatini tobora kengaytirib bormoqdamiz, — deya soʻzini davom ettiradi Otkaxon opa. — Qoʻshtepada qisqa muddatli oʻquv markazi tashkil etib, oʻtgan yili 550 nafarga yaqin, joriy yilda 700 nafardan koʻproq xotin-qizlar doʻppidoʻzlik hunariga oʻqitildi. Tumanda doʻppichilik klasteri faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bugungi kunda kasanachilik asosida 1000 nafardan ortiq oila bekalari ushbu hunar orqali doimiy daromad manbaiga ega boʻlmoqda.

Bu xonadonda ulgʻaygan uch nafar qizlar ham doʻppidoʻz. Quvonarlisi, endilikda Otkaxon opaning nabiralari ham ushbu hunarga mehr qoʻygan. Qoʻshtepada mazkur sulolani mashhur doʻppidoʻzlar oilasi sifatida hurmat qilishadi. Qizlari va shogirdlari tomonidan tikilgan oʻnlab turdagi doʻppilar nafaqat Fargʻona vodiysi, Samarqandu Buxoro, Toshkent viloyati bozorlarida ham sotilmoqda. Qoʻshni Tojikistonga eksport qilinmoqda. Buyurtmalar soni ham salmoqli – ikki, besh, oʻn ming... Bu hunarmandlarning faoliyati jadal rivojlanib borayotgani, milliy qadriyat va anʼanalarimizga hurmat oshib borayotganidan nishonadir.

Doʻppidoʻzlikni qunt bilan oʻrgatgani uchun Otkaxon ustozdan behad minnatdorman, — deydi Gulnoza Muhammadjonova. — Hozir oʻnlab shogirdlarim bilan tikayotgan doʻppilarimiz mamlakatimizning barcha hududlariga yetkazib berilmoqda. Bundan ilhomlangan holda doʻppidoʻzlikda oʻz brendimizni yaratishni maqsad qilganmiz. Shu sababli doimo yangi bezaklar, jilo va naqshlar, bezaklar ustida ishlayapmiz.

Otkaxon opa nogironligi bor opa-singillarni ham yoniga olib, hunarini oʻrgatish orqali doimiy ish oʻrni va daromadga ega boʻlishiga ham koʻmaklashmoqda. Shu maqsadda “Tadbirkor ayol” uyushmasi Fargʻona viloyati boʻlimi moliyaviy koʻmagida Qoʻshtepada ijtimoiy loyiha amalga oshirilib, Otkaxon Hakimova rahbarligidagi “Universal plyus” MCHJda nogironligi bor shaxslarni doʻppidoʻzlikka oʻrgatish uchun uch oylik bepul oʻquv kursi faoliyat koʻrsatmoqda. Hozirgi kunda mazkur oʻquv kursini tamomlagan 20 nafarga yaqin II-guruh nogironi boʻlgan ayollar opa bilan yonma-yon ishlab, oilasiga daromad keltirmoqda. Ular doʻppini yarim tayyor holatga keltirib berishadi, keyin ish jarayoni davomida unga bezak berish ishlari amalga oshiriladi. Xaridorga yetkaziladi.

— Endi men ham jamiyatning faol aʼzosiman, umrim faqat uy yumushlari bilan oʻtmaydi, — deydi II-guruh nogironi Malohat Mamasiddiqova. — Doʻppi tayyorlashda karton qogʻoz, magʻiz, astar, yelim ishlatiladigan oʻnga yaqin jarayonni toʻliq oʻrganib oldim. Hunar hayotimga mazmun, oilamga baraka olib keldi. Bugun hayotning joʻshqin oqimidan chetda emasligimdan behad mamnunman.

Tinib-tinchimas Otkaxon opa hamisha intilishda, istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish harakatida. Shu tariqa yangi yilda kasanachilik asosida ishlovchi doʻppichilik klasteri faoliyatini yanada kengaytirib, qoʻshtepalik doʻppidoʻzlar sonini ikki yarim ming nafardan oshirishni rejalashtirmoqda. Buning uchun mehr va ishtiyoq bor. Eng muhimi, imkoniyat va salohiyat yetarli. Yaqin istiqbolda Qoʻshtepa tumanida xotin-qizlar tadbirkorligida doʻppidoʻzlik ulkan tarmoqqa aylanib, hududning oʻziga xos brendi sifatida eʼtirof etilishiga ishonamiz.

Botir MADIYOROV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер