DXX Rossiyadagi oʻzbekistonlik migrantlarni ogohlantirdi

11:53 05 Avgust 2025 Jamiyat
168 0

Illyustrativ foto

Davlat xavfsizlik xizmati Rossiyadagi oʻzbekistonliklarni “А.У.Е.” jinoiy harakati domiga tushib qolmaslikka chaqirdi.

Qayd etilishicha, soʻnggi yillarda yoshlar orasida turli jinoiy guruh va submadaniyatlarning taʼsiri keskin oshmoqda. Shulardan biri – “А.У.Е.” deb ataluvchi jinoiy harakat boʻlib, u nafaqat oʻsmirlarni, balki chet elga, ayniqsa Rossiyaga borib ishlayotgan fuqarolarimizni ham oʻz domiga tortayotgani bilan jiddiy xavotir uygʻotmoqda.

“А.У.Е.” oʻzi nima va u qayerda shakllangan?

“А.У.Е.” (“Арестантский уклад един” — “Mahbuslar qoidasi yagona”) — Rossiya Federatsiyasida paydo boʻlgan boʻlib, u yerda jinoyatchilikning alohida shakli sifatida eʼtirof etilgan xavfli harakatdir. U “oʻgʻrilar qonunlari”ni ideallashtirib, qamoqxona madaniyatini oddiy hayotga singdirishni maqsad qilgan. Rossiyada bu harakat 2020-yilda rasman ekstremistik tashkilot sifatida taqiqlangan, uning faoliyati uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Oʻzbekiston fuqarolari nima uchun ogoh boʻlishi kerak?

Maʼlumotlarga koʻra, bu tuzilma taʼsiri Rossiyada vaqtinchalik ishlab yurgan ayrim Oʻzbekiston fuqarolariga ham yetib bormoqda. Ommaviy axborot vositalarida va rasmiy manbalarda qayd etilishicha, soʻnggi yillarda bir nechta yurtdoshlarimiz “А.У.Е.” harakatini qoʻllab-quvvatlagani yoki unda ishtirok etgani uchun Rossiya qonunchiligiga asosan jinoiy javobgarlikka tortilgan.

“Bu holat nafaqat ularning erkinligiga, balki Oʻzbekiston fuqarolari imijiga ham salbiy taʼsir koʻrsatmoqda”, deyiladi xabarda.

“А.У.Е.” qanday targʻib qilinadi?

Guruh aʼzolari asosan internet orqali — ijtimoiy tarmoqlar, chatlar va video-platformalarda oʻz saflariga odam jalb qilishadi. Shuningdek, ular mehnat muhojirlari orasida ham “братва”, “общак”, “закон по понятиям” kabi iboralar orqali taʼsir oʻtkazishga harakat qilishadi.

“А.У.Е.” safida yurish shunchaki “ishdan keyingi doʻstona guruh” emas — bu harakat bilan bogʻlanish insonni jinoiy faoliyatga tortadi.

Bu harakatiga aloqadorlik qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?

Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga muvofiq, A.U.Ye. harakatlariga aloqadorlik uchun 300 ming rubldan 600 ming rublgacha jarima, yoki 1-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 1-yildan 4-yilgacha majburiy mehnat (axloq tuzatish) ishlariga jalb etish, yoxud 2-yildan 6-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Ishsizlik, deportatsiya, insonning huquqiy maqomi, erkin harakat qilish va oila kelajagini xavf ostiga qoʻyadi.

““А.У.Е.” — bu faqat Rossiyada emas, balki xorijda mehnat qilib yurgan yurtdoshlarimiz uchun ham real tahdid. Jinoyat yoki «oʻgʻrilar qonuni” orqali hurmat qozonishni emas, halol mehnat va oilaviy baxtni qadrlash kerak», deya taʼkidlangan xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер