“DXX kubogi”: qashqadaryolik gʻolib jamoalar nomi aniq boʻldi
Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Qarshi shahridagi “Geolog” oʻyingohida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida 5-yildan buyon anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “DXX kubogi” musobaqalarining Qashqadaryo viloyati bosqichi final oʻyinlari boʻlib oʻtdi.
Taʼkidlash joiz, sportning futbol va mini futbol turlari boʻyicha 16 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlar oʻrtasida oʻtkazilayotgan ushbu musobaqaning quyi bosqichlarida viloyatdagi 16 ta shahar va tumandan barcha mahallalar jamoalari ishtirok etdi.
Tuman va shahar bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtgan 48 ta jamoa esa 3 ta yoʻnalishda viloyat bosqichi gʻolibligi uchun bahs olib borishdi. Ulardan saralangan 6 tasi musobaqa finaliga chiqishdi.

Dastlab futbol boʻyicha finalga qadar yoʻlni muvaffaqiyatli bosib oʻtgan Kasbi tumanining “Qoratepa” hamda Mirishkor tumanining “Nurafshon” jamoalari maydonga tushishdi. Shiddatli kechgan bahs yakuniga koʻra 1:0 hisobida gʻalaba qozongan kasbilik yoshlar viloyat kubogini qoʻlga kiritishdi.
Oʻgʻil bolalar oʻrtasidagi mini futbol bahslarida esa Koson tumanining “Mugʻjagul” hamda Mirishkor tumanining “Yangi Mirishkor” jamoalari oʻzaro kuch sinashdi. Yakunda kosonlik yoshlar 6:0 hisobida gʻalaba qozonib, kubokni boshlari oʻzra baland koʻtarishdi.

Mini futbol boʻyicha qizlar oʻrtasidagi final ham kurashlarga boy tarzda kechdi. Unda Qarshi hamda Chiroqchi tumanining futbolchi qizlari oʻzaro kuch sinashdi. Yakunda qarshilik qizlar minimal hisobda zafar quchib, viloyat bosqichi gʻolibiga aylanishdi.
Taʼkidlash joiz, oʻtgan yili mazkur musobaqaning respublika bosqichida har uchala yoʻnalish boʻyicha ham Qashqadaryo viloyati jamoalari gʻolib boʻlib, oʻziga xos sensatsiya qayd etishgan edi.
Musobaqa soʻngida soʻzga chiqqanlar gʻolib jamoalarga bu yil ham respublika bosqichida oʻtgan yilgi natijalarni takrorlashi zarurligini aytib, omad tilashdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti xalqaro darajaga koʻtarilmoqda
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
- Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh Assambleyasi boʻlib oʻtmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring