DXX inson organlari savdosi bilan shugʻullangan jinoiy guruhni fosh qildi

Foto: DXX
Inson organlarining noqonuniy savdosi bilan shugʻullangan, Toshkent shahri va Toshkent, Fargʻona, Buxoro hamda Qashqadaryo viloyatlarida yashovchi 12 nafar fuqarodan iborat jinoiy guruh fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilishicha, jinoiy guruh aʼzolari ijtimoiy tarmoqlar orqali buyrak va jigar kasalliklaridan aziyat chekayotgan bemorlarni topgan. Shundan soʻng ular sogʻlom fuqarolarni moʻmay pul evaziga oʻz organini sotishga qiziqtirgan.
Keyin esa chet eldagi tanishlari yordamida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni qalbakilashtirish orqali ularni goʻyoki qarindosh sifatida koʻrsatib, qoʻshni davlatlardan biridagi xususiy klinikada jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirgan. Uyushgan jinoiy guruhning 2023-2025-yillardagi faoliyati davomida 32 nafar bemorga buyrak yoki jigar toʻqimalari koʻchirib oʻtkazilgan.
Oʻz navbatida, bemorlardan olingan katta miqdordagi pul mablagʻlarining maʼlum bir qismi operatsiya uchun xususiy klinikaga hamda donorlarga berilgan, qolgani esa oʻzaro taqsimlangan.
Shuningdek, jinoiy guruh tomonidan jarrohlik amaliyotidan keyin sogʻliqlarida ijobiy oʻzgarish boʻlmagan bemorlarga ogʻriqni qoldirish maqsadida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari qimmat narxlarda sotilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida mazkur shaxslarning jinoiy faoliyati fosh etildi.
Ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 133-1 (inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini olish hamda transplantatsiya qilish shartlarini va (yoki) tartibini buzish), 228 (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish), 246 (kontrabanda) va 273 (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda oʻtkazish) -moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilgan.
Bildirilishicha, hozirda jinoyat ishi mazmunan koʻrib chiqish uchun sud organlariga yuborilgan.
DXX fuqarolardan yuqoridagi masalalarda ushbu jinoiy guruhdan yoki boshqa shaxslardan jabr koʻrgan taqdirda eng yaqin ichki ishlar organlariga yoki “102” raqami orqali xabar berishlarini soʻragan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring