Dinlararo va madaniyatlararo muloqot — Osiyoda tinchlik va barqarorlik omili

16:43 17 Oktyabr 2022 Madaniyat
819 0

Foto: Arxiv surat

Tinchlik eng oliy neʼmatdir. Tinchlik hukm surgan yurtdagina farovonlik, barqarorlik va rivojlanish boʻladi. Bugungi kunda bunga madaniyatlararo va dinlararo muloqot maydonini yanada kengaytirish hamda oʻzaro ishonch orqaligina erishish dolzarb boʻlib qolmoqda. Darhaqiqat, 2019-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning 5-sammitidagi nutqida 30 dan ziyod ishtirokchi mamlakatlarga tinchlikni mustahkamlashda oʻzaro ishonch, yoshlarning radikallashuviga qarshi kurashishda birlashish, Oʻzbekistonga ilm-fan va taʼlim sohalaridagi, madaniy-gumanitar yoʻnalishdagi hamkorlikning muvofiqlashtiruvchisi rolini berish hamda dinlararo hamjihatlikni saqlash, maʼrifat va madaniyatlarni oʻzaro boyitish masalalari boʻyicha tizimli muloqotni yoʻlga qoʻyish kabi tashabbuslarni ilgari surgan edi.

Bu tashabbuslar dolzarb va davr talabi boʻlib, insoniyat kelajagi uchun befarq boʻlmagan, tinchlik va barqarorlik yoʻlida barcha sogʻlom kuchlarni amaliy muloqotga jalb etishga qaratilgan tarixiy qadamdir. Taʼkidlash joizki, ushbu tashabbuslar negizida Osiyo qitʼasi mamlakatlari uchun umumiy boʻlgan koʻpgina muammolarning amaliy yechimi borligi bilan ahamiyatlidir.

Taʼkidlash joizki, bugun ulkan iqtisodiy va intellektual salohiyatga ega Osiyo qitʼasi mamlakatlari jiddiy xavf-xatarlarga duch kelmoqda. Bu, avvalo, ekologiya, demografiya, migratsiya, yashash va taʼlim darajasi pastligi muammolaridir. Ular ijtimoiy nizolarning asosiy manbai boʻlmish, ekstremizm mafkurasining tez tarqalishi uchun sharoit yaratadigan muhit ekani ayondir. Ayniqsa, yoshlar oʻrtasidagi radikallashuvning kuchayishi barchani birdek tashvishga solmoqda. Yoshlar salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun qulay sharoitlar yaratish, ularning turli xil mafkuralar oqimiga kirib qolishiga qarshi birlashish va sifatli taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish ham barqarorlikning muhim omili ekanini zamonning oʻzi koʻrsatib turibdi. Shuning uchun ham dinlararo hamjihatlikni saqlash, maʼrifat va madaniyatlarni oʻzaro boyitish masalalari boʻyicha tizimli muloqotni yoʻlga qoʻyish ushbu muammolarning oldini olishdagi eng dono yoʻl ekanini vaqt koʻrsatdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Mana koʻp vaqt oʻtmasdan, Prezident tashabbuslari qoʻllab-quvvatlangan holda oʻz natijalarini bermoqda. Masalan, bugun Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning Yoshlar kengashi faoliyatida hamrais sifatida faoliyat yuritadi, 2020-yil noyabr oyida Oʻzbekistonga inson oʻlchoviga ishonch choralari boʻyicha muvofiqlashtiruvchi roli berildi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti 2021-yilda Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash tahlil markazlari forumining Oʻzbekistondan doimiy aʼzosi etib belgilandi.

Prezident tashabbusining amaliy natijalari sifatida BMT Bosh Assambleyasining “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilingani, shuningdek, Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiya ishlab chiqilgani ham bu sohada tub oʻzgarishlardan dalolat beradi. Toshkentdagi Oʻzbekiston islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi esa samarali platforma boʻlib xizmat qilib kelmoqda.

Bu yutuqlarning bardavomligi sifatida 2020-yil 13-oktyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida boʻlib oʻtgan saylovda Oʻzbekiston tarixida ilk marotaba BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzoligiga 2021-2023-yillarga saylanganini keltirish oʻrinlidir. Koʻpmillatli yurtimiz uchun BMTga aʼzo 193 ta davlatdan 169 tasi ovoz berdi. Bu saylovda eng koʻp ovoz berilgan davlat Oʻzbekiston boʻldi. Bu esa yurtimizda millatlararo va dinlararo muloqot maydonining yangi modeli yaratilgani hamda muloqot tizimining konstruktiv yondashuvga erishilgani kabi tajribamizning yorqin namunasi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Bugun Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash doirasida Oʻzbekiston mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi oʻtkir xavf va tahdidlarni hal etishga qaratilgan faol pozitsiyani egallab kelmoqda. Dinlararo va millatlararo munosabatlarni uygʻunlashtirish hamda madaniyatlararo muloqotni kengaytirishda oʻzaro ishonchga asoslanish hisobiga xalqaro maydonda Oʻzbekistonning obroʻyi hamda oʻrni yanada oshib bormoqda.

Feruza USAROVA,

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi

Oʻzbekistonning eng yangi tarixi masalalari boʻyicha

Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz direktori v.b.,

siyosiy fanlar nomzodi, dotsent

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?