Didaktik oʻyin orqali bolalarning jismoniy va ijtimoiy faolligini rivojlantirish yoxud “Harakatli ertak” orqali nimaga erishish mumkin?

12:59 26 Mart 2025 Jamiyat
259 0

Bugungi kunda maktabgacha taʼlim sohasida bolalarning fikrlashi, tasavvuri va harakatlarini uygʻun tarzda rivojlantirish juda muhim masalaga aylangan. Har bir ota-ona farzandining sogʻlom, faol va erkin fikrlaydigan boʻlib ulgʻayishini istaydi. Bunga erishish uchun esa bogʻchalarda innovatsion usullardan foydalanish lozim. Endi faqat dars oʻtkazish emas, balki har bir mashgʻulotda ijodkorlik, harakat va oʻyin boʻlishi kerak.

Shunday yangi, qiziqarli va foydali usullardan biri — bu “harakatli ertak” deb ataladi. Bu nima degani, deysizmi? “Harakatli ertak” bu — bolalar uchun ertakni faqat eshitib emas, balki uni oʻzlari sahnalashtirib, obrazga kirib, jonli harakatlar orqali ifodalab berishidir. Kimdir tulki boʻladi, kimdir qush, yana kimdir boʻri yoki echkicha. Bolalar bu obrazlarga kirib, ertakda oʻz harakati, ovozi va his-tuygʻusi orqali “yashaydi”. Bu jarayon esa ularning oʻziga ishonchini oshiradi, fikrini aytishga, harakat qilishga, jamoada ishlashga oʻrgatadi.

Oʻyin — bu bolaning tili, harakati esa uning ifoda vositasi. Katta odamlar dunyoni kitob, yangilik, rasm yoki video orqali tushunsa, bola uchun eng tabiiy, eng tushunarli usul bu — oʻyin. Ayniqsa, maktabgacha yoshda bola harakat qilsagina oʻylaydi, oʻylab topganini esa harakat orqali namoyon etadi. Shu bois bogʻchada mashgʻulotlar iloji boricha jonli, qiziqarli va bolaga yaqin shakllarda oʻtkazilishi kerak. “Harakatli ertak” — mana shunday yangi, samarali va bolalarga juda yoqadigan usullardan biridir.

Oddiygina aytganda, mazkur metod bu ertakni oʻqib yoki aytib berish emas, ertaklar olamida “yashash”dir. Tarbiyachi ertakni gapirib beradi, bolalar esa undagi rollarni harakat bilan ijro etadi: boʻri boʻlib yuradi, qush boʻlib uchadi, quyoncha boʻlib sakraydi, tulki boʻlib chaqqonlik qiladi. Bu jarayonda hech qanday maxsus sahna kerak emas — xayol, tasavvur va harakat yetarli. Bola obrazga kiradi, uni tanasi, tovushi, yuz ifodasi orqali ifodalaydi. Bu orqali bola nafaqat ertakni tushunadi, balki uni ichidan his qiladi.

“Harakatli ertak”ning eng katta foydasi — bola faqat tinglovchi emas, ishtirokchiga aylanishidir. Shu orqali u oʻzini erkin tutishni oʻrganadi. Ayniqsa, tortinchoq, koʻp gapirmaydigan bolalar uchun bu uslub ajoyib yechim boʻladi. Obrazga kirgan bola oʻzini boshqa kishi sifatida tutadi va bu unga ichki toʻsiqlarni yengishga yordam beradi. Masalan, oddiy hayotda jim turgan bola sahnada qoʻrqmasdan “Men boʻriman!” deb baqiradi, yuguradi, oʻzini koʻrsatadi. Bu esa uning oʻziga boʻlgan ishonchini oshiradi.

Bu usulda bolalar orasidagi muloqot ham rivojlanadi. Ular bir-birining harakatini koʻradi, kuzatadi, takrorlaydi. Shu orqali ular ijtimoiy koʻnikmalarni egallaydi: navbat kutish, tinglash, tushunish, obrazga hurmat bilan qarash, xatoga kulmaslik kabi oddiy, ammo muhim odatlarni oʻzlashtirishadi. Oʻyin orqali bu narsalarni oʻrgatish esa juda oson va samarali.

Shuningdek, bu metod bolalarning jismoniy faolligini oshiradi. Bugungi kunda koʻplab bolalar telefonda oʻtirishga, harakatsizlikka oʻrganib qolmoqda. “Harakatli ertak” esa bolani yugurtiradi, sakratadi, raqsga tushiradi. Bu orqali uning tanasi chiniqadi, muvozanat saqlash, koordinatsiya, tezlik kabi jismoniy koʻnikmalar shakllanadi. Shu sababdan bu uslubni oddiy dars yoki ertak soatining oʻrniga emas, balki ular bilan uygʻunlashtirib berish tavsiya etiladi.

Yana bir jihati — bu uslubda ijodiy fikrlash ham kuchayadi. Bola roldan chiqmay turib, yangi harakat oʻylaydi, voqeaning davomiga oʻzcha yakun qiladi, boshqa hayvonni qoʻshadi, ertakni oʻzgartiradi. Bu esa bolaning tasavvuri, mustaqil fikrlashi va topqirligini oʻstiradi. Hozirgi zamon bolasi mustaqil, tez fikrlaydigan, ijodkor boʻlishi kerak — bu usul esa aynan shunga xizmat qilishi mumkin.

Koʻpchilik ota-onalar va hatto ayrim tarbiyachilar men nazarda tutgan metodni amalda qiyin ekanligini aytib keladi. Ularning fikricha, bolalar bilan tartibni saqlash qiyin, ular erkinroq harakat qilishni istab metod amalga oshmay qoladi. Fikrimcha esa, aslida bu erkinlik ichida intizom bor. Bola rollar asosida harakat qilayotganida oʻzini nazorat qiladi, roldan chiqmaslikka harakat qiladi, yaʼni ichki tartibni oʻrganadi. Bundan tashqari, tarbiyachi tomonidan oldindan berilgan qoidalar, rollar taqsimoti va tartibli oʻyin davomida hamma narsa nazorat ostida boʻladi.

Koʻp yillar davomida bolalarning rivojlanishi haqida gap ketganda, ularning aqliy salohiyati, xotirasi yoki bilimga boʻlgan qiziqishi haqida koʻproq fikr yuritilgan. Aslida esa, bolaning toʻliq shakllanishi uchun harakat, oʻyin va ijodiy ifoda singari jihatlar ham shunchalik muhim. Aynan shunday jihatlarni oʻzida jamlagan samarali vositalardan biri — sahna koʻrinishlari asosidagi didaktik oʻyinlar, yaʼni “harakatli ertak” modelidir. Bu metod bolalarning shaxsiy rivojida koʻp qirrali foyda beradi.

Avvalo, bu usul bolani erkin harakat qilishga, oʻz fikrini harakat orqali aytishga oʻrgatadi. Har bir bola oʻzining obrazini tanlaydi, unga kiradi va shu orqali oʻzini boshqa odamlar oldida tutish qobiliyatini rivojlantiradi. Amerikalik pedagog Sara Smilanski oʻz tadqiqotlarida dramatik oʻyinlar bolalarda empatiya, yaʼni boshqalarni tushunish, ularning holatiga kirishish qobiliyatini kuchaytirishini taʼkidlaydi. Bu ayniqsa jamoada oʻynash, rolda harakat qilish va bir-biriga moslashish orqali amalga oshadi.

“Harakatli ertak” bolalarni faqat eshituvchi emas, balki harakat qiluvchi, tasavvur qiluvchi va fikrlovchi qatnashchilarga aylantiradi. Masalan, oddiygina “Qizil qalpoqcha” ertagini olaylik. Bola bu ertakda boʻrining yoki buvining rolini oʻynayotganda faqat matnni yod olmaydi, balki oʻsha obrazga mos ohang, tana harakati, yuz ifodasi va hissiyotni oʻrganadi. Bu esa bola ichki dunyosining ochilishiga olib keladi. Jan Piaje, mashhur fransuz psixologi, aynan shunday jarayonlarni “fikrni harakat bilan bogʻlash” deb ataydi va bu bosqichni bolaning aqliy oʻsishida muhim deb biladi.

Yana bir jihat shundaki, bunday sahna oʻyinlari bolalarda oʻzaro hamkorlik va jamoaviylik ruhini shakllantiradi. Har bir bola oʻz rolini bajarayotganda, boshqalarga moslashadi, navbatni kutadi, hurmat qiladi. Bu esa eng oddiy hayotiy qadriyatlarni oʻz-oʻzidan singdiradi. Buyuk Britaniyaning Kembrij universiteti olimlari, xususan, Devid Uaytbred boshchiligidagi guruhning “Play and Learning in the Early Years” nomli tadqiqotida aynan jamoaviy oʻyinlar orqali bolalarda ijtimoiy xulq va muloqot koʻnikmalari ancha yuqori darajada shakllanishi qayd etilgan.

Bolalar bilan har kuni ishlaydigan tarbiyachi sifatida doim bir savolni oʻylayman: Qanday qilsak, mashgʻulotlar bolalarga qiziq, foydali va esda qolarli boʻladi? Oʻzim ham kitob oʻqib, yangi usullar izlab yuraman, boshqa bogʻchalardagi tajribalarni kuzataman, ota-onalar bilan suhbatlashaman. Va shunday kunlarning birida “harakatli ertak” uslubini sinab koʻrishga qaror qildim. Bu tajribam oʻzim uchun ham, bolalar uchun ham kutilganidan ham yaxshi natija berdi.

Birinchi boʻlib, mashhur xalq ertaklardan birini tanladim: “Boʻri va echki bolalari”. Bu ertakni birga oʻqib chiqdik, keyin bolalar oʻrtasida rollarni taqsimladik: kimdir ona echki boʻldi, kimdir boʻri, boshqalar esa echkichalar. Bolalar oʻz rollarini harakat bilan ifodalashga tayyorlana boshlashdi. Oʻzim bunga boshida biroz shubha bilan qaragandim, ammo mashgʻulot boshlanishi bilan koʻplab bolalarda kutilmagan faollikni koʻrdim.

Oddiy hayotda kamgap, tortinchoq boʻlgan bola sahnada eng faol ishtirokchilardan biriga aylandi. U boʻrining rolini oldi va juda jonli ijro qildi. “Men boʻriman, eshikni oching!” deb tovush chiqarganida boshqa bolalar rosa qoyil qoldi. Bu bolada oʻziga ishonch paydo boʻldi. Keyinchalik u boshqa mashgʻulotlarda ham faol ishtirok eta boshladi. Bu — “harakatli ertak”ning kuchi edi.

Yana bir kuzatuvim shundan iboratki, bolalarning muloqot qilish darajasi keskin oshdi. Oldin faqat oʻz doʻstlari bilan oʻynaydiganlar boshqa guruh aʼzolari bilan ham yaqinlashdi. Rollarni tanlash, navbat kutish, boshqa bolaga yordam berish orqali ular oʻzaro hurmat, diqqat, birdamlik kabi muhim ijtimoiy odatlarni egallashdi. Bu oʻzgarishlarni nafaqat men, balki ota-onalar ham sezishdi. “Bola uyda oʻz-oʻzidan ertak aytib, obrazlarga kiradigan boʻldi”, deyishdi.

Ushbu uslubni sinab koʻrish jarayonida men oʻzimning mualliflik modelimni ishlab chiqdim. Modelim quyidagicha tuzilgan:

1. Ertak tanlash — bolalarga tanish va mazmuni boy boʻlgan xalq ertaklari asosida;

2. Rollarni taqsimlash — bolaning xohishi, xarakteri va temperamentiga qarab;

3. Harakatli ifoda — qadam, ohang, imo-ishora, tovush, mimika orqali;

4. Sahnalashtirish — oddiy xonada, hech qanday dekoratsiyasiz, lekin toʻla ishtirok bilan;

5. Muhokama qilish — mashgʻulotdan soʻng bolalar bilan oʻz obrazlari haqida gaplashish.

Bu model hech qanday qimmat vositalarni talab qilmaydi. Muhimi — tarbiyachi ijodkor boʻlishi, bolaga ishonishi va ozgina sabr qilishidir. Kanadalik taʼlimshunos Karl Leggoning aytishicha, “Oʻqituvchi ijodkor boʻlmasa, bola ham ijodkor boʻlolmaydi. Bola uning koʻzgusi.” Aynan shu soʻzlar harakatli ertak uslubining asosi boʻla oladi. Chunki bunda tarbiyachi bolaga koʻrsatmaydi — birga yashaydi.

Hayotning oʻzi koʻrsatib turibdiki, har bir bola oʻziga xos. Kimdir gapirishni yaxshi koʻradi, boshqasi esa harakatda faol. Yana kimdir ichki dunyosi bilan yashaydi, oʻz his-tuygʻularini tashqariga chiqarishga qiynaladi. Tarbiyachi esa ana shu farqlarni anglab, har bir bolaga alohida yondashishi, ularning tabiiy salohiyatini yuzaga chiqarishga yordam berishi kerak. “Harakatli ertak” — aynan mana shunday imkoniyatni beruvchi uslub boʻlib, bola bilan birga oʻrganish, his qilish va ijod qilish jarayonidir.

“Harakatli ertak” metodi katta mablagʻ va maxsus jihoz talab qilmaydi. Maxsus dekoratsiyalar, kostyumlar shart emas — bola oʻz tasavvuri orqali bu olamni oʻzi yaratadi. Bolalarning tasavvuri esa cheksiz. Tarbiyachining ishonchi, ijodi va sabri — bu metodning asosiy “vositasi” boʻlib xizmat qiladi. Kam resurs evaziga katta natija olish mumkin.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, quyidagi amaliy takliflarni ilgari surish mumkin:

Birinchidan, har bir maktabgacha taʼlim muassasasida haftasiga bir kunni “Harakatli ertak kuni” deb belgilash. Bu kun bolalar oʻzlari tanlagan ertakni harakat bilan ifodalashadi, oʻz obrazlarini yaratishadi.

Ikkinchidan, tarbiyachilar uchun ushbu uslub boʻyicha seminar-treninglar, ochiq darslar va tajriba almashuvlar tashkil qilish. Amaliy mashgʻulotlar orqali bu uslub keng ommalashtiriladi.

Uchinchidan, ertak asosidagi qisqa ssenariylar, roʻyxatlar va yoʻl-yoʻriqlarni jamlagan metodik qoʻllanmalar tayyorlash. Bu tarbiyachilarga amaliy yordam boʻlishi mumkin.

Toʻrtinchidan, ota-onalarni ham jalb qilib, uyda farzand bilan birga “harakatli ertak” oʻynashni tavsiya etish. Bu bola va ota-ona oʻrtasidagi bogʻliqlikni mustahkamlaydi, uy muhitini ijodiy va sogʻlom qiladi.

Xulosa qilib aytganda, “Harakatli ertak” modeli — bu oʻyin, nutq, sahna va his-tuygʻuni oʻzida mujassam etgan, bolani chuqur anglash va uning shaxsiy rivojini taʼminlashga qaratilgan ijodiy yondashuvdir. U nafaqat bola uchun, balki tarbiyachining oʻz kasbiga boʻlgan munosabatini ham oʻzgartiradi. Har bir mashgʻulot — bir sanʼat, har bir bola esa cheksiz imkoniyatlar olamidir. Shunday ekan, tarbiyachi sifatida har kuni bolalar bilan birga ijod qilish — kelajak uchun eng ezgu sarmoyadir.

Nafisa Amonova,

Zarafshon shaxar 2-DMTT tarbiyachisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?