Deputatlikka nomzodlar koʻrsatilayotganda ayollar soni 30 foizdan 40 foizga oshiriladi
Keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash boʻyicha olib borilgan izchil islohotlar natijasida Oʻzbekiston gender tenglik masalalari boʻyicha qator xalqaro reytinglarda yuqori pogʻonalarga koʻtarildi.
Oʻtgan davrda qabul qilingan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida»gi, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida»gi qonunlar ayollarning jamiyat hayotidagi oʻrni va nufuzini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, mamlakatimiz xotin-qizlari xalqaro tuzilmalarda, forumlar va anjumanlarda faol ishtirok etib, oʻz takliflarini ilgari surib kelayotgani diqqatga sazovor. Xususan, 2022-yilda Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xotin-qizlar forumi boʻlib oʻtdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Barqaror rivojlanish yechimlari tarmogʻining 2023-yilgi hisobotiga koʻra esa 166 ta mamlakat orasida Oʻzbekiston mavqeyi 8 pogʻonaga koʻtarilib 69-oʻrinni egalladi.
Barcha darajadagi vakillik organlari faoliyatida xotin-qizlarning oʻrni sezilarli darajada oshib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 32 foizi, Senat aʼzolari hamda mahalliy kengashlar deputatlarining 25 foizi xotin-qizlar tashkil etmoqda.
Eʼtiborlisi, parlament quyi palatasidagi rahbar lavozimlarida ham xotin-qizlar samarali faoliyat olib boryapti. Jumladan, quyi palatada 1 nafar ayol deputatimiz Spiker oʻrinbosari – fraksiya rahbari, 3 nafari qoʻmita raisi, 2 nafari qoʻmita raisi oʻrinbosari lavozimlarida samarali ishlab kelmoqda.
Ayni chogʻda siyosiy maydonda ham opa-singillarimizning faolligi oshganligi quvonarli, albatta. Buni siyosiy partiyalar aʼzoligidagi ayollarning salmogʻidan bilish qiyin emas. Jumladan, barcha siyosiy partiyalar aʼzolarining qariyb 46 foizi ayollardan iborat. Partiyalardagi rahbar ayollar salmogʻi 648 nafarni yoki 36 foizni tashkil etadi.
2017-yilda xotin-qizlarning boshqaruv sohasidagi ulushi 27 foiz boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda 33 foizga, siyosiy partiyalar safida 40 foizdan – 47 foizga, tadbirkorlikda esa 21 foizdan – 37 foizga yetdi. Bularning barchasi yurtimizda keyingi yillarda xotin-qizlarga berilayotgan imkoniyatlar, yaratilayotgan sharoitlar natijasi, desak ayni haqiqat.
Bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan “Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida»gi qonun loyihasi ham yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda belgilangan normalarni hayotga izchil tatbiq etishga qaratilgani bilan eʼtiborga molik.
Loyihani tayyorlashda xorijiy tajriba ham oʻrganildi. Bu boradagi koʻrsatkichlar xorijiy davlatlarda turlicha shakllangan. Xususan, Yevropa davlatlarida 40-50 foiz, MDH davlatlarida 25-30 foiz atrofida belgilangan. Rossiya, Belarus va Tojikistonda esa ayollar uchun kvotalar nazarda tutilmagan. Armanistonda 25 foiz, Qozogʻistonda ayollar bilan birgalikda yoshlar va nogironlar 30 foiz, Qirgʻizistonda esa nomzodlarning koʻpi bilan 70 foizi bir jins vakili boʻlishi mumkinligi koʻzda tutilgan.
Ishonchim komilki, mazkur hujjat Konstitutsion normalarning amalga kengroq tatbiq qilinishiga, ayollarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi rolini kuchaytirish hamda ularning siyosiy faolligini oshirishga xizmat qiladi.
Gulbahor Saidgʻaniyeva,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring